O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Islom ilm-fan mayog‘i

 
 

Quroni karim va sunnati nabaviya, umuman islom dini ilm-fanning, taraqqiyotning manbasidir. Ayrim johillar esa islomni fanga va taraqqiyotga qarama-qarshi qo‘yadi. Quron va sunnat insoniyatni zulmatlardan nurga chiqishga undadi. Ilm olishni birinchi farz qilib qo‘ydi. Ko‘plab oyati karima va hadisi shariflarda ilm-fanning asosiy qoidalarini bayon qildi. Islom ahkomlariga amal qilishning o‘zi hamma fanlarni o‘rganishga ehtiyoj tug‘dirdi. Shuning natijasida fan rivojlanib, dunyoning hamma sohalarda taraqqiyot etishi uchun imkon yaratdi.

Hozirda kompyuter texnologiyalarisiz dunyoni va hayotni tasavvur etib bo‘lmaydi. Bularning hammasi Abu Abdulloh Muhammad Xorazmiy bobomizning hozirda dunyo algebra deb ataydigan “al jabr val muqobala” asaridan boshlanganini hamma biladi. Ammo mana shu “al jabr val muqobala” asari shariat ahkomlariga ko‘ra yuzaga keladigan masalalar: merosni bo‘lish, vasiyatlarni tuzish, molni taqsimlash va hakazo aynan shar'iy ahkomlar taqazosi bilan yozilganini ko‘pchilik bilmaydi.

Xorazmiyning o‘zi bu mo‘tabar va muborak asarining muqaddimasida shunday deydi: “...Men arifmetikaning oddiy va murakkab masalalarini o‘z ichiga oluvchi “al jabr val muqobala hisobi haqida qisqacha kitob”ni ta'lif qildim, chunki meros taqsim qilishda, vasiyatnoma tuzishda, mol taqsimlashda va adliya ishlarida va savdoda, har qanday bitimlarda va boshqa shunga o‘xshash turlicha ishlarda bu zarurdir”.

Mazkur asarning “naqd va qarz haqida”gi bobdan bir parcha o‘qib ko‘rsak, bu kitobning nechog‘lik saviyasi va ahamiyatini his qilamiz. Chunki nonning ushog‘i ham non bo‘lgani kabi, qisqa bir parchada ham asarning to‘liq ruhiyati bor:

“Vafot etgan kishidan ikki o‘g‘il qolgan va u molining uchdan birini boshqa odamga vasiyat qilgan. U naqd o‘n dirham va o‘g‘illaridan birining ulushiga teng qarzga berganini qoldirgan. Qoidasi: qarzdan olinadiganni narsa deb qabul qil va uni naqdiga yani o‘n dirhamga qo‘sh. O‘n va narsa hosil bo‘ladi. Bundan uchdan birini ayir, chunki u molining uchdan birini vasiyat qilgan, bu uchu uchdan bir dirham va narsaning uchdan biri. Oltiyu uchdan ikki dirham va narsaning uchdan ikkisi qoladi. Buni o‘g‘illar orasida taqsimla. Shunda har bir o‘g‘ilning ulushi – uchu uchdan bir dirham va narsaning uchdan biridir. Bu olinadigan narsaga teng. Shu yerda narsaning uchdan birini narsaning uchdan biriga ro‘para qo‘y. Qolgani: uchdan ikki dirhamga teng uch dirham va narsaning uchdan ikkisidir. Sen narsani to‘ldirishga muhtojsan (bunga uning yarmiga tengini qo‘sh va uchu uchdan birga uning yarmiga tengini qo‘sh, besh dirham hosil bo‘ladi. mana shu narsa bo‘lib), u qarzdan hosil bo‘ladi”.

Yoqub To‘xtashov

Qo‘shrobod tumani "Baliqchi ota" jome masjidi imom-xatibi manbalar asosida tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 26/10/2023 12:18;   Ko‘rilganligi: 164
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/islom-ilm-fan-mayogi
Chop etilgan vaqti: 04/05/2024 04:04
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing