O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ISLOM DINIDA VAQF TUSHUNCHASI

 
 

“Vaqf” so‘zi lug‘atda “tutib turish”,“to‘xtatish” ma'nolarini anglatadi. Shariatda esa bir molning aslini ushlab turib, foydasini Allohga qurbat hosil qilish uchun sarflashga aytiladi. Ya'ni, vaqf qilingan narsa vaqf qiluvchining mulkidan chiqadi va Allohning mulkiga aylanadi. Vaqf qilish orqali bir narsadan keladigan foydani vaqfdan foydalanuvchilar uchun sarf qilinadi va savobi vaqf qiluvchiga abadiy bo‘ladi. Mazkur narsaning o‘zi ushlab turiladi, undan keladigan foyda esa, bardavom bo‘lib turadi.Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi va meros bo‘lmaydi.  Vaqf – Islomda mustahab bo‘lgan qurbat, ya'ni ibodatdir.

Musulmon mamlakatlarida davlat yoki ayrim shaxslar tomonidan diniy ehtiyoj yoki xayriya ishlari uchun ajratilgan mol-mulklarga vaqf deyiladi. Musulmonlarning xayriya ishlarining barchasiga dinimizdagi vaqflar haqidagi ko‘rsatmalar asos bo‘lgan. Chunki vaqf sadaqai joriya bo‘lib, undan doimiy ravishda savob yetib turadi.

Ushbu xayriya ishlarini qilishda barcha musulmonlarga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning o‘zlari bosh o‘rnak bo‘lganlar. U kishi turli kishilar tark qilgan yettita bog‘ni miskin faqirlar va hojatmandlar foydasiga vaqf qilganlar.

Barcha musulmonlar bu xayrli ishni sharaf bilan davom ettirdilar. Ular ko‘plab bog‘u rog‘larni, yerlarni, hovli joylarni va boshqa turli tuman mulklarni vaqf qildilar. Buning oqibatida hamma taraflarga xayriya muassasalari tarqaldi.

Xayriya muassasalarining eng birinchilaridan bo‘lgani masjidlardir. Musulmonlar masjid qurishda qadimdan bir-birlari bilan musobaqa qilib kelganlar. Shuningdek, madrasalar ham bu borada Islom ummatining alohida e'tiborga sazovor ishlaridan biridir. Vaqf faqatgina masjid va madrasa bo‘libgina qolmay keng qamrovli tushunchadir.

Vaqflar haqida so‘z ketar ekan, shifoxonalar, mehmonxonalar kabi muhtojlarga atalgan muassasalar haqida alohida ta'kidlash lozim bo‘ladi. Kambag‘alligi tufayli turar-joy qura olmaydigan yoki ijaraga ololmaydigan oila va shaxslarga atalgan turar-joy vaqflari ham ko‘p bo‘lgan.

Yo‘lovchilar, ziroatlar, hayvonlar va muhtojlarni suv bilan ta'minlash niyatida hamma yerlarda quduqlar qaziydigan vaqflar ham bo‘lgan. Musulmonlarning xayriya ijtimoiy muassasalari qatorida yo‘l va ko‘priklarni tuzatish bilan o‘z xizmatlarini taqdim qiladigan vaqflari ham bo‘lgan.

Yetim bolalarga atalgan vaqflar ularni yedirish, ichirish, kiyintirish, yashash joyi bilan ta'minlash bilan birga ularni xatna qildirish bilan ham shug‘ullanganlar. Oila qurishda qiynalib qolgan yosh yigit-qizlarga oila qurishda kerakli barcha yordamlarni taqdim qiladigan vaqflar ham hamma yerlarda muvaffaqiyat bilan ish olib borganlar.

Emizikli onalarni sut va qand bilan ta'minlaydigan xayriya muassasalari bo‘lib, bu kabi vaqfni birinchilardan bo‘lib, Salohuddin Ayyubiy tashkil qilgan edi. U kishi Damashq shahri qal'asi darvozalaridan biri yaqinida ikki tarnov qilib biridan sut, ikkinchisidan qandli suv oqib turadigan qilgan edi. Onalar har haftada ikki marta kelib, bolalari uchun sut va qand olib ketar edilar. Shunday qilib, musulmonlarning xayriya tashkilotlaridan hamma barobariga foydalanar edi. Vaqf faoliyatlari Islom dinida ana shunday yuqori saviyada shakllangan edi.

Ilk davrlarda vaqflar idoraviy shakliga ko‘ra faqat vaqf qiluvchining o‘zi tomonidan va vaqf qiluvchi tayinlagan mutavalli tomonidan yuritiladigan vaqflarga bo‘lingan. Vaqt o‘tishi bilan vaqflarning vasiqalari yo‘qolib idora shakllari ma'lum bo‘lmay qolgan. Shunda qozilar ularning idorasini o‘z zimmalariga olishgan va uchinchi idoraviy shakl paydo bo‘lgan. Keyinchalik esa to‘rtinchi idoraviy shakl — hukumat idorasi paydo bo‘lgan. Bu, ayniqsa XIX asr o‘rtalarida Usmoniylar davlatida Vaqflar vazirligi tashkil etilishida namoyon bo‘lgan.

Bugungi kunda ham jahonning bir qator davlatlarida vaqflar turli yo‘nalishlar doirasida faoliyat olib bormoqda. Ko‘p hollarda ularning faoliyati qonunlar asosida rasmiy idoralar tomonidan tartibga solinishini ham kuzatishimiz mumkin. Misol tariqasida Turkiyaning “Vaqflar Qonuni”, Malayziya qonunchiligidan o‘rin olgan vaqf yerlari va vaqf ishlari haqidagi bandlar, Ummon, Quvayt, Qatar, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Marokash davlatlarida faoliyat yuritayotgan Vaqf vazirliklarini keltirishimiz mumkin. Bu vaqflar madaniy meroslarni muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar va ta'lim kabi sohalarni o‘z ichiga oladi. Vaqflar faoliyati davlatlar iqtisodiyoti uchun ijobiy ko‘rsatkichdir. Vaqflar hech qanday moddiy manfaatni ko‘zlamagan holda ijtimoiy sohalarga mablag‘ yetkazib beradi. Bu mablag‘larni esa o‘z korxona va tashkilotlaridan tushgan tushumlar hisobiga qo‘lga kiritadi. Natijada davlatlar tomonidan ijtimoiy sohalarga ajratilishi zarur bo‘lgan mablag‘lar miqdori kamayadi, qolaversa, vaqflarning daromad manbai bo‘lmish korxonalar hisobidan ish o‘rinlari ortadi, ishsizlik darajasi pasayadi. Shu ma'noda jahonning ko‘plab mamlakatlari vaqflar faoliyatini qonun asosida qo‘llab-quvvatlash orqali ularga keng imkoniyatlar yaratib bergan.

 Afsuski, Markaziy Osiyoda Sho‘rolar bosqini sababli, vaqf tushunchasi yo‘qolib ketgan edi. Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5416-son Farmoni bo‘yicha“Vaqf” xayriya jamoat fondining tashkil etilishi e'tirofga molikdir.

 “Vaqf” xayriya jamoat fondining faoliyati davomida qilingan xayru-ehsonlar xalqimizning qalbidagi vaqf mulklariga bo‘lgan hurmat-ehtirom va islom diniga bo‘lgan e'tiqodning yorqin namunasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Abduvosi SHONAZAROV,Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi ilmiy xodimi


Kiritilgan vaqti: 14/07/2020 16:54;   Ko‘rilganligi: 1588
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/islom-dinida-vaqf-tushunchasi
Chop etilgan vaqti: 13/02/2025 06:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing