O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Islom dinida bag‘rikenglik g‘oyalari (davomi)

 
 

Jahon dinlari ichida eng yoshi hisoblangan islom dini o‘zining ilk davridayoq bag‘rikenlik dini sifatida namoyon bo‘ldi. Ma'lumki, islom o‘zidan avvalgi dinlarni (yahudiylik, nasroniylik) e'tirof etibgina qolmasdan, ularning haq-huquqlarini qonun bilan mustahkamlab qo‘ygan. Shuningdek, ularning madaniyat va an'analariga ehtirom bilan qarashga hamda ular bilan adolatli munosabatda bo‘lishga buyurgan. Alloh taolo Qur'oni karimda bunday deydi:«... biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni ularga nisbatan adolatsizlik qilishga undamasin!» (Moida, 8).

Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda Muhammad (alayhissalom) shunday deydilar: «Kimki ahli zimmaga biror zahmat yetkazsa, qiyomat kuni meni o‘zining dushmani sifatida ko‘radi».

Darhaqiqat, islom ilk davrlardanoq o‘zidan oldingi dinlarga hech qanday tazyiq o‘tkazmadi, turli mazhab va mafkuralarga qarshi taassub etmadi. Islom birinchi kunlardanoq barcha samoviy dinlar bir manba, bir buloqdan suv ichishini ta'kidlab keladi. Uning ta'limotiga binoan barcha Payg‘ambarlar birodardirlar, risolatda ular o‘rtasida hech qanday afzallik yo‘q, e'tiqodga, dinga majburlash mumkin emas, ilohiy diyonatlarning barcha ibodatxonalari himoya va mudofaa qilinishi kerak, dinlardagi ixtiloflar qotillik va adovatlarga sabab bo‘lmasligi, yaxshilik, silai rahmdan to‘smasligi lozim. Bu borada Qur'oni karimda: «Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar» (Mumtahana, 8).

 Shuningdek, Rasululloh (alayhissalom) o‘zlarining hadislarida: «Siz o‘zingiz yaxshi ko‘rgan (muhabbat qilgan) narsani birodaringizga ravo ko‘rmaguningnzcha komil mo‘min bo‘la olmaysizlar», deb marhamat qilganlar. Imom Navaviy shu hadisni bunday sharhlagan: «Hadisda kelgan «muhabbat» so‘zidan murod insonlar o‘rtasidagi muhabbat emas, aksincha, birodariga yaxshilik va manfaatlarni tilashdir. Bu umum bashariyatga nisbatan  yaxshilikni istash lozim deganidir».(davomi bor)

 O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov tayyorladi.


Kiritilgan vaqti: 08/07/2020 14:59;   Ko‘rilganligi: 2266
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/islom-dinida-bagrikenglik-goyalari-davomi
Chop etilgan vaqti: 08/07/2025 12:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing