Islom dinida bag‘rikenglik g‘oyalari (5-maqola)
Shu o‘rinda islom tarixida mashhur bo‘lgan bir voqeani keltirib o‘tish joiz. Damashq, Hums va Suriyaning boshqa shaharlari musulmonlar tomonidan fath etilgach, yerli aholidan ularni himoya va mudofaa etish evaziga soliq (jizya) olinadi. Rum imperatori Xiraql ular bilan hal qiluvchi jangda to‘qnashish uchun katta qo‘shin to‘playotganini eshitgan qo‘mondonlar fath etilgan shaharlarni tashlab chiqib, Rumga qarshi urushish uchun kuchlarni bir joyga to‘plash kerak, degan qarorga kelishadi. Xolid ibn Valid Hums ahlini, Abu Ubayda Damashq ahlini, boshqa qo‘mondonlar qolgan shaharlarning aholisini yig‘ib: «Biz sizlarni himoya va mudofaa qilamiz, deb mollaringizni olgan edik. Hozirda esa sizlarni himoya qilishga qodir emasmiz. Mana sizlar bergan mollar, qaytarib olinglar», deyishadi. Shaharlar aholisi: «Alloh sizlarga zafar ato etsin. Allohga qasamki, sizlarning hukm va adolatingiz Rumning jabr-zulmidan yaxshidir. Allohga qasamki, ular sizning o‘rningizda bo‘lishganida olgan narsalarini aslo qaytarib berishmagan bo‘lardi», deb javob berishadi.
Afsuski, bugungi kunda ekstremistik tashkilotlar tomonidan bir qator g‘ayriinsoniy g‘oyalar targ‘ib qilinmoqda. Jumladan, ularga ko‘ra, milodiy yil hisobini ishlatish, boshqa din vakillarining bayram, madaniy tadbirlarida ishtirok etish va tabriklash, kiygan kiyimlarini (jumladan, kostyum, palto, galstuk, shim va ko‘ylaklar) kiyish ham imonsizlik hisoblanadi. Mutaassiblar hatto ular bilan ishlash, yordam so‘rash, noislomiy davlatlarga yashash uchun ko‘chib borish yoki u yerdan ko‘chib ketmaslik, islomiy bo‘lmagan mamlakatlarga sayohat uchun borishni ham imonsizlik, deb baholamoqdalar.
Shuningdek, islom bayrog‘i ostida faoliyat ko‘rsatayotgan diniy-ekstremistik harakatlarning rahnamolari musulmon bo‘lmaganlarni o‘ldirish mumkinligi haqida «fatvo»lar chiqarmoqda. Jamiyatdagi bag‘rikenglik va hamkorlik muhitini xavf ostida qoldiradigan, diniy-konfessional asosdagi nizolarga zamin yaratadigan bunday da'vatlar islomning asl mohiyatiga butunlay ziddir. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) o‘z davrlarida zimmiy (musulmonlar bilan ahdlashib, himoyaga o‘tgan g‘ayridin)ni o‘ldirgan bir musulmonni qasoschisi kelib qatl qilganida: «Ahdga vafo qilishga men eng munosibman», degan fikrlari ham ushbu xulosaning o‘rinli ekanini tasdiqlaydi.
Ma'lumki, Qur'oni karim Rum surasi 22-oyatga ko‘ra, odamlarning tili va rangidagi farqlar, Xudoning mo‘jizalaridandir. Milliy va diniy rang-baranglik hamda e'tiqod erkinligini qaror toptirish masalalarida Qur'oni karim butunlay bag‘rikenglik ruhi bilan sug‘orilgan. Demak, dunyodagi turli-tumanlik Yaratganning irodasi va hikmati bilan bog‘liq. Alloh dastlab odamzodni bir ummat qilib yaratgandi, so‘ngra ularni turli qabila, xalq va dinlarga ajratishni iroda qildi. Bunday rang-baranglikdan maqsad - umumiy farovonlik yo‘lida insonlar bir-birlari bilan musobaqa qilmoqlari darkor. Boshqa jamoalar bilan hamjihatlikni chuqurlashtirish uchun musulmonlar ular bilan muloqot qilmoqlari lozim. Qur'on bu dunyoni barcha xalq va din vakillari tinch-totuv yashaydigan zamin deb e'lon qildi.
Dinlarning turli-tumanligi «Agar Rabbingiz xohlasa edi, Yer (yuzi)dagi barcha kishilar yoppasiga imon keltirgan bo‘lur edilar. Bas, Siz odamlarni mo‘min bo‘lishlariga majbur qilasizmi?!» degan «Yunus» surasidagi 99 oyatiga ko‘ra, Yaratgan tomonidan o‘rnatilgan ekan, uni bekor qilish yoki hammani bir din bayrog‘i ostida zo‘rlab birlashtirish mumkin emas. Umuman olganda, Qur'oni karimning ellikdan ortiq surasidagi yuzlab oyatlarda musulmonlar mo‘min-qobillik, tinchlikparvarlik va boshqa e'tiqod vakillariga nisbatan bag‘rikenglikka da'vat etilganlar. Demak, islom dini hamisha inson qadr-qimmatiga katta e'tibor bergan va boshqa din vakillarining hayoti, sha'ni, or-nomusi hamda haq-huquqlarini yuksak qadrlagan. Shayx Yusuf Karzoviyning «Islom inson qalbiga chuqur hurmat bilan munosabatda bo‘luvchi va begunoh odamlarga hujum qilishni kechirilmas gunoh, deb hisoblovchi sabr-toqat dinidir», degan fikrlari ham so‘zimiz isbotidir.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytishimiz mum- kinki, islom dini azaldan bag‘rikeng din sifatida namoyon bo‘lgan va bo‘lib kelmoqda. Bu Qur'oni karim va Muhammad (alayhissalom) hadislariga asoslangan. Rasululloh (alayhissalom) hayotlik chog‘larida ham, u kishidan keyingi xalifalar ham boshqa din vakillariga nisbatan bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishgan.
Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, O‘zbekistan mamlakati ham ming yillar davomida dinlararo bagrikenglik o‘lkasi sifatida e'tirof etiladi. Haqiqatan ham, o‘zbek xalqi o‘zining butun tarixi davomida hamma vaqt boshqa xalq, millat va din vakillariga nisbatan o‘zining hurmatini namoyon etgan. Ming yillar mobaynida Markaziy Osiyo g‘oyat xilma-xil dinlar, madaniyatlar va turmush tarzlari tutashgan va tinch-totuv yashagan markaz bo‘lib keldi. Etnik sabr-toqat, bag‘rikenglik hayot bo‘ronlaridan omon qolish va rivojlanish uchun zarur tabiiy me'yorlarga aylandi. Diniy bag‘rikenglik hamisha diniy zamindagi adovatga qarshi o‘ziga xos qalqon vazifasini o‘tagan. U turli e'tiqodlarning bir zamin va makonda birgalikda mavjud bo‘lishiga, ularning tashuvchilari o‘rtasidagi hamkorlik va hamjidatlikning shakllanishiga yo‘l ochgan. Bu o‘z navbatida yurt tinchligi, taraqqiyoti va umuminsoniy madaniyat rivojiga xizmat qilgan.
Demak, diniy bag‘rikenglik - xilma-xil diniy e'tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zamin, bir vatanda, oliyjanob g‘oya va niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashini anglatadi, nafaqat dindorlar, balki butun jamiyat a'zolarining hamkorligi o‘zaro hamjihatligini nazarda tutadi. Butun dunyo miqyosida tinchlik va barqarorlikni ta'minlash va mustahkamlashning muhim shartlaridan hisoblanadi.
O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov tayyorladi
Kiritilgan vaqti: 13/07/2020 11:08; Ko‘rilganligi: 1570
Chop etilgan vaqti: 11/02/2025 14:14