Islom dinida bag‘rikenglik g‘oyalari (4-maqola)
Ko‘pincha Qur'oni karim va hadisi shariflardagi ba'zi o‘rinlarni, ayniqsa, muqaddas urush – jihod to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarni noto‘g‘ri, jangarilik ruhida talqin qilinadi. Vaholanki, sof islomiy nuqtai nazardan qaralsa, bunday urushlardan asosan mudofaa maqsadlari ko‘zlangan. Payg‘ambar Muhammad (alayhissalom) vafotlaridan keyin u zotning ishlarini davom ettirgan Xulafoi roshidin (to‘g‘ri yo‘ldagi xalifalar)lar ham ozod qilingan o‘lkalardagi mahalliy aholiga, musulmon bo‘lish yo bo‘lmasligidan qat'iy nazar, muruvvat hamda bag‘rikenglikning oliy namunasini ko‘rsatishgan.
Xalifa Abu Bakrning (roziyallohu anhu) Shom fathiga jo‘nayotgan qo‘shinga bergan quyidagi ko‘rsatmalari, bu borada to‘liqroq tasavvur qilish imkonini beradi: «Bolalarni, ayollarni, keksalarni o‘ldirmang. Xurmo daraxtlariga o‘t qo‘ymang va butalarni kesmang. Tuyalarni, boshqa hayvonlar podasini o‘ldirmang... Siz o‘zga ishlar, oxiratiga xizmat qilish bilan mashg‘ul odamlarni uchratasiz. Shunda ularni o‘z holiga qo‘ying...».
Ikkinchi xalifa Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) o‘zga dinlarga mehr-muruvvati va adolat parvarligi bilan islom dunyosidan tashqarida ham ma'lum va mashhur edi.
Hazrat Umar (roziyallohu anhu)ning Quddus nasroniylari bilan imzolagan xavfsizlik shartnomasiga muvofiq, shahardagi cherkovlar buzib tashlanmasligi, musulmonlar nasroniylarning ibodatxonalarini egallab olmasligi va ularda ibodat qilmasligi kafolatlangan edi.
Bu zot Quddusga fotih sifatida kirganlarida «Quddus al-kubro» cherkovida turishganida asr namozining vaqti kirib qoladi. Keyinchalik musulmonlar buni dalil qilib cherkovni masjid qilib olishmasin, deya bu yerda namoz o‘qishdan bosh tortgandilar. Shahar fath etilganidan keyin ko‘p o‘tmay, Nestorian patriarxi Iyeshuyab II do‘stiga yozgan maktubida shunday so‘zlarni bitgan edi: «Xudo O‘zining irodasini ado etgan... bu arablar bizga hech qanday zarar yetkazishmadi. Xaqiqatan, ular dinimizga, ruhoniylarimizga, cherkov va uzlatgohlarimizga hurmat bilan qarashdi» (davomi bor)
O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov tayyorladi
Kiritilgan vaqti: 10/07/2020 09:12; Ko‘rilganligi: 880
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:39