O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ISLOM DINI VA MILLIY QADRIYATLARIMIZDA USTOZLARGA MUNOSABAT

 
 

Haqiqatan ham, har bir murg‘ak bolani o‘z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar tom ma'noda fidoiy kasb egalaridir.”[1]  Shavkat Mirziyoev.

Darhaqiqat, ustoz-murabbiylar jamiyat ertangi kunining bunyodkorlaridir. El-yurtning moddiy va ma'naviy taraqqiyoti ustozlarning mehnati va jamiyatning ularga nisbatan nechog‘lik qadrlashiga  bevosita bog‘liqdir.

Dinimizda ustoz-muallimlarning o‘rni yuqori baholanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqda quyidagicha marhamat qiladilar: “Yerdagi va osmondagi barcha narsalar, hatto dengizdagi baliqlar ham insonlarga yaxshilikni o‘rgatuvchi muallim haqqiga istig‘for aytadi”. Yerdagi jonzotlar va osmonlardagi farishtalar uning haqqiga mag‘firat so‘rab turgan kishining martabasidan ziyoda martaba bormi?!

Mo‘tabar kitoblarimizda, jumladan, Qur'oni karimda shogirdning ustozga muomalasi, odoblari qay tarzda bo‘lmog‘i go‘zal tarzda bayon qilingan. Alloh taolo kalomi sharifida bu ummatga ustozga qanday muomala qilish kerakligini Muso alayhissalom tilidan ta'lim berib bunday deydi:

 وَإِذْ قَالَ مُوسَى لِفَتَاهُ لَا أَبْرَحُ حَتَّى أَبْلُغَ مَجْمَعَ الْبَحْرَيْنِ أَوْ أَمْضِيَ حُقُبًا

“Muso o‘z sherigiga (shogirdi Yuvsha' ibn Nunga): “To ikki dengiz qo‘shiladigan yerga yetmaguncha yoki uzoq muddat kezmaguncha uni axtarishdan to‘xtamayman”, degan paytini eslang.”[2]

Ayrim ulamolar ushbu oyatdagi { حُقُبًا huquban} so‘zini “bir zamon”, ya'ni sakson yil, deb tafsir qilgan. Oyat zamirida ishora qilingan eng muhim va alohida e'tiborga molik ma'no ilm talabidagi inson o‘zi ta'lim olishni istagan olim kishini unga hurmat yuzasidan bir umr qidirishga tayyor bo‘lishi kerakligidir. 

Shuningdek, Alloh taolo ustoz va shogird o‘rtasidagi suhbatda ustozga qanday muomala qilishini ham Muso alayhissalom tilida quyidagicha bayon qiladi:

قَالَ لَهُ مُوسَى هَلْ أَتَّبِعُكَ عَلَى أَنْ تُعَلِّمَنِ مِمَّا عُلِّمْتَ رُشْدًا

Muso unga: “Sizga bildirilgan bilimdan menga ham to‘g‘ri yo‘lni ta'lim berishingiz uchun sizga ergashsam maylimi?”  dedi.[3]

  Muso alayhissalom o‘ziga berilgan payg‘ambarlikka, alohida shariat ilmi sohibi, alohida darajaga ega bo‘lishiga qaramasdan ilmi laduniy ato etilgan Xizr alayhissalomga tavoze' ila aytgan so‘zlariga, ustozga qilayotgan muomalasiga e'tibor qiling.  Ushbu oyatga muvofiq biz ham ustozlarga ana shunday tavoze' ila muomalada bo‘lishimiz, ularni qadrlashimiz lozim.

Shuningdek, xalqimizda “Ustoz – otangdek ulug‘” degan naql bor. Zero, farzandning komil inson bo‘lib voyaga yetishida ota-onasining tarbiyasi nechog‘lik ahamiyatli bo‘lgan bo‘lsa, unga ta'lim berib, hayotda o‘z o‘rnini topishida muhtaram ustozlarning xizmatlari ham shunchalik beqiyosdir. Ustozlar ota-onalarimiz kabi bizning o‘sib kamolga yetmog‘imiz uchun butun umrini, bor bilim va tafakkurini baxshida etgan zotlardir.

Shu sababli bizda farzandni ustozga shogirdlikka berish chog‘ida “Eti sizniki, suyagi bizniki” deb aytilgan.

She'riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy ustozning maqomi va martabasi haqida bunday deydi:

Agar shogird shayxul islom, agar qozidur,

Agar ustoz andin rozidur Tangri rozidur!

Demak, kishi inson bolasi egallashi mumkin bo‘lgan daraja va mansablarning eng oliysiga yetsa ham, agar ustoz undan rozi bo‘lmasa, Alloh ham rozi bo‘lmas ekan.  Ustozni norizo qilib, uning nazaridan qolgan shogird hayotda o‘z o‘rnini topishi juda mushkuldir.

Rivoyatlarda keltirilishicha, bir kuni xalifa Ma'mun o‘g‘lini bir ustozga shogirdlikka beribdi. Xalifa o‘g‘lini ta'lim olishidan xabar olgani borsa, taxtining vorisi, kuni kelib butun mamlakatini boshqaradigan  shahzoda tahorat olayotgan ustozining oyog‘iga suv quyib turganini ko‘ribdi. Bundan jahli chiqib ustozga: “Ey Ustoz! Biz o‘g‘limizni sizga shuning uchun berganmidik!? Bundan so‘ng o‘g‘limizga aytingizki,  siz tahorat qilayotganingizda bir qo‘li suv quyib, ikkinchi qo‘li bilan oyog‘ingizni yuvsin!” degan ekan. Darhaqiqat, bizning urf-odatlarimizga ko‘ra, odatda farzandni ustozga nafaqat ilm olish, balki shu bilan bir qatorda odob o‘rganish uchun ham berilgan va shu tariqa ustoz-murabbiy mavqe'i ulug‘ darajaga ko‘tarilgan.  

Shunday ekan, ustoz va murabbiylarni orqa-oldida doim hurmatu ehtiromda tutish, ko‘rganda salom berib hol so‘rash, xizmati bo‘lsa, bajarib duolarini olish va haqlariga duo qilish, huzurida beodoblik qilib qo‘yishdan saqlanish barchamizning  insoniylik burchimizdir.

Mamlakatimizda ham har yili 1 oktyabr sanasi “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” sifatida umumxalq bayram tarzida o‘tishi aziz va mehridaryo ustoz va murabbiylarimizga xalqimizning azaliy hurmat-ehtiromining yaqqol namunasidir. Yaratgandan barcha ustozu muallimlarimizga ilm-ma'rifat yoyish va ziyo taratish yo‘lida olib borayotgan ishlarida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazi ilmiy xodimi Nodir Qobilov

 

[1] Sh. Mirziyoev. O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga.

[2] Kahf surasi, 60-oyat.

Ulamolar ushbu oyatning sharhi haqida bunday deydi:  Muso alayhissalom bir kuni o‘z qavmi huzurida ta'sirli va'z o‘qiydi. Shunda bir kishi undan: “Hammadan olimroq kishi kim?” deb so‘raganda, u: “Men”, deb javob qiladi. Bu Allohga xush kelmaydi va unga “Sendan ko‘ra olimroq kishi bor”, deydi. Muso alayhis salom: “Uni qayerdan topurman?” deganida, “Bir baliqni savatchaga solib, dengiz bo‘yidan yurib borasan. Baliq yo‘qolgan joyda uni topasan”, deydi. Baliqni savatchaga solib, uni shogirdi Yuvsha' ibn Nun qo‘liga berib, yo‘lga ravona bo‘ladi. “Aynul hayot” degan joyda uxlashganda, baliq dengizga tushib, g‘oyib bo‘ladi. Bu Muso alayhis salomning Xizr alayhis salomni uchratish joyi ekanligiga ishora edi.

[3] Kahf surasi, 66-oyat.

 


Kiritilgan vaqti: 30/09/2021 16:22;   Ko‘rilganligi: 821
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/islom-dini-va-milliy-qadriyatlarimizda-ustozlarga-munosabat
Chop etilgan vaqti: 29/04/2024 07:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing