O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Islom dini insonlarni tinch-totuv yashashga, boshqalarga, hatto boshqa din vakillariga ham zulm qilmaslikka chaqiradi.

 
 

Terrorizm bu kishilar, jamoalar yoki davlatlarning inson dini, joni, ongi, moli, nomusiga buzg‘unchilik bilan dushmanlik qilishidir. Uning doirasiga qo‘rqitish, aziyat berish, tahdid solish, nohaq o‘ldirish, mol-mulkini tortib olish, yo‘llarda qo‘rqitish, yo‘lto‘sarlik qilish, zo‘ravonlik, tahdidning barcha turlari bilan yakka, yoki jamoaviy tarzda jinoyatchilik rejasini amalga oshirish kiradi.

Bugungi kunda ekstremistik va terroristik guruhlar mutaassiblik g‘oyalari va amaliyoti rivojida barcha musulmonlarni kofir, ularning ta'limotiga ko‘shilmagan kishilarga qarshi jihod e'lon qilish, hattoki, qariya, ayol va bolalarning qonini to‘kishni halol, deb bilganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Hazrati Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam:

ya'ni: «Oxir zamonda dajjollar, (firibgarlar) yolg‘onchilar (jamoasi) bo‘ladi. Ular sizlar ham ota-bobolaringiz ham eshitmagan gaplarni gapiradilar. Bas, sizlar ulardan o‘zlaringizni uzoq qilinglar va o‘zlaringizdan ham ularni uzoq qilinglar. Sizlarni adashtirib va aldab fitnaga (shirkka) solib qo‘ymasin», dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Bugunki kunda bu buzg‘unchi kuchlar yoshlar ichida internetning ijtimoiy tarmoqlari orqali targ‘ibot ishlarini olib borib, ular ichidan g‘o‘r yoshlarni yoki mutaassiblikka berilgan shaxslarni topib dunyoning notinchlik hukm surayotgan va o‘zlari qo‘nim topgan mintaqalarga jamlash va shu orqali rejalashtirilgan geosiyosiy maqsadlarni amalga oshirishga intilishyapti. Xususan, ular ilm va ma'rifatdan yiroq kishilarni Islom diyori bo‘lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari o‘qiladigan, xullas, Islomning besh arkoni emin-erkin ado etiladigan, musulmonlar tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan Vatanni tark etishga targ‘ib qilmoqdalar. Vaholanki, ona yurtini tashlab, o‘zga ellarda sarson-sargardon yurish, o‘zi kabi manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to‘kilgan yurtiga qarshi qurol ko‘tarish Islom ta'limotiga zid ekani barchaga ma'lum.

Darhaqiqat, bunday terrorchilarni musulmon deb bo‘lmaydi. Chunki agar musulmon bo‘lganlarida musulmonlarga qurol ko‘tarishmasdi. Yana Xudodan qo‘rqmasdan Alloh taoloning baytiga kirib, namoz o‘qib turgan namozxonlarni qirib, qancha-qancha oilalar boquvchisiz qoldirib, qancha-qancha ayollarni beva qoldirishmasdi, qancha-qancha yetim bolalar dunyoda ko‘paymas edi. Yuqorida aytib o‘tilgan barcha yomon illatarni Islom dini qoralaydi. Islom dini insonlarni tinch-totuv yashashga, boshqalarga, hatto boshqa din vakillariga ham zulm qilmaslikka chaqiradi. Dinimiz asosida rahm-shafqat, mehr-oqibat, insonparvarlik, birodarlik, o‘zaro hurmat, tinchlik-osoyishtalik kabi ezgu xislatlar yotadi.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, mazkur holatlarni e'tiborga olgan holda, hozirgi davrda islom dunyosining barcha olim va ulamolari hamkorlikda islom ta'limotini sof holda asrab-avaylash, uning ahkomlarini buzib ko‘rsatishga harakat qilayotgan yovuz kuchlarga qarshi ma'rifiy uslublar bilan kurashishni yanada faollashtirishni zaruriy ishlardan deb hisoblaydilar.

Shuning uchun dunyoda bo‘layotgan voqea va hodisalardan hamisha ogoh bo‘lib mutaassiblikka berilmaslik, ona-Vatanimizdagi tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga yetish, shu farovon, osuda hayotni yanada mustahkamlash uchun har bir inson o‘z hissasini qo‘shmog‘i darkor. Ayniqsa, bu ta'limotni yoshlarimiz, farzandu nabiralarimizning qalbiga mustahkam joylash barchamizning vazifamizdir.

 Jahongirxon Abrorov O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati xodimi


Kiritilgan vaqti: 23/01/2023 14:58;   Ko‘rilganligi: 214
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/islom-dini-insonlarni-tinch-totuv-yashashga-boshqalarga-hatto-boshqa-din-vakillariga-ham-zulm-qilmaslikka-chaqiradi
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 09:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing