O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ISLOHOTLARNING SHIRIN MEVASI yoxud buyuk ajdodlarimizning asarlarini endi o‘zbek tilida o‘qiymiz

 
 

“Ta'vilot al-Qur'on” – unga hech bir kitob teng kela olmaydigan asardir. Bu fan bo‘yicha undan avvalgilar yozgan kitoblarning birortasi ham unga yaqin kela olmaydi”. Abu Muin NASAFIY

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida buyuk allomalarimizning nodir asarlari mazmun-mohiyatini o‘rganish va xalqimizga yetkazish maqsadida ularni saralash va bosqichma-bosqich tarjima qilishni tashkil etish vazifasi topshirilgan edi.

Ushbu vazifa ijrosini ta'minlash maqsadida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchi olimlari tomonidan moturidiylik ta'limotining asosiy manbai — “Ta'vilot al-Qur'on” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilishdek sharafli ishga qo‘l urildi. Xalqimizning aksariyati Qur'oni karimdan “Fotiha” surasi va 30-juz suralarini yoddan bilishi inobatga olinib, shuningdek, tafsir yo‘nalishidagi ko‘p asrlik an'analarga amal qilgan holda, dastlab asarning aynan shu qismlari tarjima qilindi va nashr etildi.

Yuksak daraja sohibi

Sharq allomalari va mutafakkirlarining asarlari bir necha asrlar osha butunjahon ma'rifat maydonida o‘z ulug‘vorligini saqlab kelib, Sharq va G‘arbda fan va madaniyat shakllanishining poydevori sifatida dunyo ilm maskanlarida asosiy darslik sifatida qo‘llanilgan va ulardan hozirgacha ham foydalanib kelinmoqda.

Buyuk ajdodlarimizning islom ilmlari sohasidagi ilmiy merosi ayni kungacha dunyo musulmonlari hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, yurtimizdan chiqqan faqih va kalom ilmi allomalarining islom huquqshunosligi, tafsir va aqida ilmi borasida to‘plagan ilmiy-amaliy tajribasi yurtimizda Qur'on va fiqh ilmlari rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Bu borada “Imom ul-huda” — Hidoyat imomi, “Musahhihu aqiydati axlis-sunna” — Ahli sunna aqidasini to‘g‘rilovchi, “Imom ul-mutakallimiyn” — Mutakallimlarning imomi degan sharafli nomlar bilan e'zozlangan Imom Moturidiy ilmiy merosining qadri va qiymati baland. Negaki, u insonlarning to‘g‘ri yo‘lda bo‘lishini ta'minlashga xizmat qiladigan, og‘ishish, toyilish va adashishlarning oldini oladigan muhim dasturulamaldir. Zamonlar o‘tgani sayin bu xazinaning o‘z qadri va ahamiyatini yo‘qotmay kelayotgani ham shundan bo‘lsa, ajab emas.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasidagi ma'ruzasida shunday deb ta'kidlagan edi: “O‘ninchi asrda samarqandlik mutafakkir Abu Mansur Moturidiy tomonidan asos solingan Moturidiya ta'limoti butun islom olamida keng tarqalgan. Moturidiya ta'limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e'tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida, ushbu ta'limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”.

Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy Samarqandiy 870 yilda Samarqand shahri yaqinidagi Moturid qishlog‘ida tavallud topgan. Samarqanddagi “Dor al-Iyodiya” va “Dor al-Juzjoniya” nomli maktablarda hanafiy ulamolardan ta'lim olgan. Alloma o‘z davrida islomda adolat va mo‘tadillik asoslarini mustahkamlash, bo‘linish va fitnalarning oldini olish, ummatni ilm va odob negizida birlashtirish yo‘lidagi azmu shijoati hamda ilmiy jaxdi bilan nom qozongan.

Alloma 944 yilda Samarqand shahrida vafot etgan va Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.

Zamondoshlari ham, undan keyingi ulamolar ham Moturidiyning chuqur ilmiy izlanishlari natijasida maydonga chiqqan asarlarining ahamiyatini, o‘zining esa, nechog‘li yuksak daraja sohibi bo‘lganini e'tirof etganlar.

Allomaning mashhur shogirdi Abul Qosim Hakim Samarqandiy ta'rifi bilan aytganda, “Abu Mansur Moturidiy bor nafasi miqdoridagi ilmlarni o‘zida jamlagan, butun kuchini o‘z ilmini o‘rgatish va tarqatishga sarflagan. Shuning uchun u yozgan asarlar maqtovga sazovor. U o‘z umridan serhosil mevalarni olishga erishgan zotdir”.

Hozirgi davr ulamolaridan Misrning sobiq muftiysi, Al-Azhar nufuzli ulamolar kengashi a'zosi Shayx Ali Jum'a ta'biri bilan aytganda: “Darhaqiqat, imom, hujjat, sunnatning himoyachisi, bid'atni yo‘qqa chiqaruvchisi Abu Mansur Moturidiy Qur'onni ra'y asosida tafsir qilgan maktabning buyuk ustozlaridan biri bo‘lgan. U zot — Alloh u kishidan rozi bo‘lsin — “Ta'vilot al-Qur'on” nomli sermahsul asarni yozdilar. By asar o‘z sohasida yagona, bu o‘rinda hujjat bo‘ladigan bir asardir.

Batahqiq, Imom Moturidiy  turli ilmlar bo‘yicha qomusiy olim bo‘lgan. U mo‘taziliylarga hamfikr bo‘lmagan masalalar yuzasidan ular bilan ko‘plab bahs-munozaralar olib borgan.”

Buyuk ajdodimiz Abu Mansur Moturidiyning bugungi kungacha yetib kelgan asarlaridan eng mashhuri va ilmiy qimmati bilan eng ahamiyatli sanalgani, shubhasiz, “Ta'vilot al-Qur'on”dir.

“Ta'vilot al-Qur'on” asari — moturidiylik ta'limoti asosidir. Unda hanafiylik, ahli sunna val jamoaning butun aqidasi ta'lif qilingan. Asarda mo‘tazila, xavorij, rofiza, karromiy, jahmiy, mushabbiha kabi botil firqalarning, munajjim, folbin va shular singari insonni sog‘lom fikrdan chalg‘ituvchilarning qarashlari, g‘oyalari, iddaolari, hozirgi zamon istilohi bilan aytganda, demagogiyasi munoqasha qilingan va barchasiga ilmiy asosda raddiya berilgan.

Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti o‘qituvchisi Hamza Bakriy asarning muhimlik jihatlarini alohida ta'kidlaydi: “Ta'vilot al-Qur'on” kitobi bu — Qur'oni karimning tafsiri bo‘lib, unda Qur'oni karimning barcha oyatlari tafsiri keltirilgan. Muallif bu asarda Qur'on oyatlarini jamiyatning ushbu fanda mutaxassis bo‘lgan va bo‘lmagan toifasiga birdek munosib keladigan uslubda tafsir qilgan. Ya'ni Imom Moturidiy qo‘llagan iboralar har ikki toifa insonlar uchun ham manfaatlidir”.

Shu sababli ham Qur'oni karimning tafsiri va ta'viliga bag‘ishlangan bu asar asrlar davomida o‘zining ahamiyatini yo‘qotmay kelyapti, uning ma'no-mazmuni bugungi kunda ham o‘ta dolzarb bo‘lib, ijtimoiy muammolarni bartaraf etishda muhim o‘rin tutmoqda.

Asardan ko‘plab hadislar, sahobalarning so‘zlari o‘rin olgan. Xususan, Abdulloh ibn Abbosdan naql qilingan rivoyatlar juda ko‘p o‘rinda zikr etiladi. Tadqiqotchilar to‘qsonga yaqin sahoba va tobe'inning nomlari qalamga olinganini hisoblab chiqqanlar. Bundan tashqari, yigirmadan ziyod lug‘at va tafsir ulamosi fikrlaridan foydalanilgani qayd etilgan. Ularning avvalida Ali ibn Hamza Kisoiy, Yahyo ibn Ziyod Farro, Abu Ubayda Ma'mar ibn Musanno, Ibn Qutayba, Mubarrad, Zajjoj turadi.

“Ta'vilot al-Qur'on” o‘ziga xos uslubda yozilgan. Unda muallif ko‘proq ta'vilga e'tibor qaratadi va shunga tayanadi. Asar haqida turkiyalik ilohiyotshunos olim, professor Yusuf Shavqiy fikrlari e'tiborga molik: “Ta'vilot al-Qur'on” asari kishini chuqur mushohada yuritishga undaydi. Bugungi kunda biz, ya'ni, islom ummati qo‘limizda shunday bir kitob bo‘la turib taqlid yo‘liga o‘tib ketdik. Bugun biz o‘zimizni isloh qilish uchun Imom Moturidiy asarlariga, jumladan, “Ta'vilot al-Qur'on”ga juda muhtojmiz. Chunki, moturidiylik ta'limotida ijtihod masalasi, ya'ni insonning aqlga tayanishi, tafakkur yuritishi juda ham muhim hisoblanadi. Taqlid qilish, boshqalarga ko‘r-ko‘rona ergashish esa keskin qoralanadi. Tafakkur — millat kelajagining asosidir”.

Darhaqiqat, tafakkur — fikrlar, ilm va zehn sarchashmasi. Asrlar davomida ong pokligi, bilimlarni kashf etish va kengaytirish istagi islomda chuqur ma'no va an'analarga asoslangan. Ilmning muhimligi va falsafiy ma'nolari doimo diqqat markazida bo‘lib kelgani ham shundan. Moturidiyning mehnati esa shu qadar ahamiyatli, kitoblari shu qadar mukammalki, hatto hanafiy mazhabidagilar hech bir mubolag‘asiz “Hanafiylar ichida birgina shu imomning yetishib chiqqani ham ularga kifoya qilgan bo‘lar edi”, degan fikrni bildirganlar.

Sof islom aqidasini saqlash, botil e'tiqodlarga qarshi kurashishda “Ta'vilot al-Qur'on” hamisha birlamchi manba bo‘lgan. Xususan, milodiy X-XI asrlarda Movarounnahr va Xurosonda mo‘taziliylar ta'sir kuchini kesish, ildizlarini qirqish, bu botil firqa faoliyatiga chek qo‘yish va e'tiqodiy tanazzul yuzaga kelishining oldini olishda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etgan.

Muxtasar qilib aytganda, asar kishilar ongi va qalbiga ijobiy ta'sir ko‘rsata olgan. Inson qalbi va his-tuyg‘ulari esa, hayot tarzining muhim qismi. Islom ta'limoti shu tuyg‘ularni isloh etishga qayg‘uradi. Hozirgi kun uchun ham muhim hisoblangan ruhiy salohiyat tushunchasi hamisha islom ta'limotining ajralmas qismi bo‘lib kelgan.

Shu nuqtai nazardan, Imom Moturidiyning bu tafsiri islom ilmlari ta'limotida benazir bo‘lib, ulamolar nazdida boshqa biror avvalgi va keyingi tafsirlar unga tenglasha olmagan. “Kashfuz zunun” kitobi muallifi Hoji Xalifa “Ta'vilot al-Qur'on” haqida: “Ushbu kitob Imom Moturidiyning boshqa asarlari orasida tili va uslubi jihatidan eng yengili hisoblanadi. Shu sababli, ahli sunna val jamoa ulamolarining asosiy manbaidir”, deb yozadi.

Asarning mo‘tabarligi ham uning ahli sunna val jamoa uchun Qur'on oyatlari tafsiridagi qarashlari to‘g‘ri ekanini asoslash, tasdiqlash va isbotlash bilan birga, adashgan firqalarning noto‘g‘ri qarashlarini ochib berganligidadir. Moturidiylik ulamosi Abu Muin Nasafiy “Tabsirat al-adilla” asarida aytgan so‘zlari fikrimizni isbotlaydi: “Imom Moturidiyning Qur'onga yozgan tafsiri barcha mavhum tuyulgan masalalarga aniqlik kiritib beruvchi, inson qalbidagi shubhali qora bulutlarni haydovchi hamda nihoyatda bolig‘ vasf ila yozilgan asardir. Alloh shunday kitobni yozgan zotga o‘z salomini yo‘llasin!”.

Sharafli yumush sharofati

“Qaysidir xalqning ilmiy merosiga e'tibor berib, uni o‘rganish, uning ustida chuqur tadqiqot olib borgandan so‘ng keng kitobxonlar ommasiga taqdim qilish o‘sha xalqning merosini tanish, madaniy va ilmiy yutuqlarini ochib berish yo‘lida eng asosiy omillardan biri ekanida Sharqu G‘arbdagi tadqiqotchi olimlar o‘rtasida hech bir ixtilof yo‘q. Bu — hech kim shubha qilmaydigan haqiqatdir.

Shunga ko‘ra, Qur'oni karimning tafsiriga oid merosni o‘rganish, uni tadqiq qilish hamda ilmiy sur'atda taqdim etish ham muhim ish hisoblanadi. Chunki bu ish Alloh taoloning Kitobini o‘rganish, Uning maqsadini anglash, undagi ta'limotlardan voqif bo‘lish, uning xazinalarini chiqarib olish, duru gavharlarini kashf qilish borasida o‘zining kattagina hissasini qo‘shadi”. Al-Azharning Islom ilmlari majmuasi Bosh kotibi Shayx Muhammad Nazir Ayyad

***

Ta'kidlash lozimki, yurtimiz musulmonlari moturidiylik ta'limotiga e'tiqod qilsa va muallif alloma vatandoshimiz bo‘lsa hamki, buyuk ajdodimiz Abu Mansur Moturidiy qalamiga mansub “Ta'vilot al-Qur'on” asari hozirgi davrga qadar O‘zbekistonda jiddiy o‘rganilmagan edi. Turli fitnalar girdobidan omon qolib, e'tiqodni sog‘lom tutish mashaqqatli bo‘lib borayotgan, jahonda biri-biridan murakkab va keskin siyosiy-ijtimoiy jarayonlar kuzatilayotgan, buzg‘unchi kuchlar islom dinidan g‘arazli maqsadlar yo‘lida foydalanayotgan bugungi vaziyatda dinu diyonatimizning eng muhim asoslaridan biri bo‘lgan bu asarni o‘zbek tiliga tarjima qilib nashr ettirish o‘ta zarur va g‘oyat dolzarb ishlardan biriga aylandi.

O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur bu borada o‘rinli fikrni bayon etdi: “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiyning “Ta'vilot al-Qur'on” asari o‘zbek tiliga o‘girilayotgani xalqimiz ilm-ma'rifatini oshirishdagi muhim qadamlardan biridir. Yurtimiz mo‘min-musulmonlarining moturidiylik ta'limotiga e'tiqod qilishini inobatga olsak, asarning tarjima qilinishi juda zaruriy ishlardan biri bo‘lib turgan edi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qisqa fursat ichida o‘zining mevalarini bera boshladi. Ushbu tarjima ishi markaz olimlari tomonidan amalga oshirilgan eng muhim va katta ilmiy natija bo‘ldi”.

Tarjimani mukammal amalga oshirish maqsadida asar yaqindan o‘rganilib, Imom Moturidiy rahimahullohning qarashlarini imkon qadar yengil, tushunish oson bo‘lgan uslubda xalqimizga yetkazishga e'tibor qaratildi. Qur'oni karim oyatlarining tarjimasini keltirishda Shayx Abdulaziz Mansur qalamiga mansub “Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri” asaridan keng foydalanildi. Xorijdagi moturidiyshunos olimlar bilan muloqotlar o‘tkazildi, ulardan maslahatlar olindi. Jumladan, Qur'on, tafsir ilmlari bo‘yicha taniqli olim, moturidiyshunos Ahmad Sa'd Damanhuriy, Turkiyaning Marmara universiteti professori, doktor Umar Chelik, taniqli moturidiyshunos olim, professor Yusuf Shavqiy Yavuz kabi olimlar bilan fikr almashildi.

Ko‘plab ulamolar tavsiyalariga asosan, Bekir To‘pal o‘g‘li va Ahmad Vonli o‘g‘li tahqiqi ostida nashr etilgan nusxa tarjima ishining asosiy manbasi qilib olindi. Imom Moturidiy rahimahulloh “Ta'vilot al-Qur'on” asarida o‘zining fikrlariga dalil-hujjat uchun keltirgan oyatlar va hadislarning manbalari hoshiyada ko‘rsatib o‘tildi.

Misrlik moturidiyshunos olim, ilohiyot fanlari doktori Ahmad Sa'd Damanhuriy mazkur yirik tarjima ishini markaz ilmiy jamoasining bu muqaddas zaminda yashab o‘tgan ajdodlar vorislari bo‘lgan avlod vakillari sifatidagi majburiyati deb baholadi: “O‘z davrida ilm va ulamolarning qiblasi bo‘lgan Samarqand zaminida yashab, shu zaminda vafot etgan buyuk imom avlodlarining mana shunday ishga qo‘l urishlari hayratlanarli holat emas, albatta. Aksincha, islom madaniyati va tafakkuriga o‘zlarining ulkan hissalarini qo‘shgan va musulmonlar bugungi kunga qadar ularning ilmiy meroslaridan bahramand bo‘lib kelayotgan ulug‘ ota-bobolariga vafodorlik nuqtai nazaridan olib qaralganda, bu vazifa ularning zimmalaridagi burch hamdir”.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasi o‘laroq, bugun o‘zbek tilidagi “Ta'vilot al-Qur'on” asari dastlabki 30-juzining nashri dunyo yuzini ko‘rdi va bu, albatta, davlatimiz Mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi.

Eng ulug‘, Eng aziz ayyom arafasida imon-e'tiqodli xalqimizga o‘zbek tilida taqdim qilingan mazkur asardagi Qur'oni karim suralarining tafsiri Qur'on oyatlari ma'nosini yanada yaxshiroq anglashga, buyuk Imom Moturidiy bobomiz ta'limotini tushunishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Imom Moturidiyning merosi nafaqat mutakallimlar, balki dunyoviy ilm vakillari, keng jamoatchilik tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

Allomaning ilmiy merosida muborak islom dinining hayotbaxsh mazmun-mohiyatini to‘g‘ri talqin qilish, turli bid'at va xurofotlarga botgan guruh va toifalarga qarshi kurash alohida o‘rin egallaydi. Shu nuqtai nazardan, Imom Moturidiy ilgari surgan g‘oyalar bugungi kunda ham g‘oyatda dolzarb bo‘lib, nafaqat ilmiy, balki yuksak amaliy ahamiyatga ega.

Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi
2021 yil 19 avgust, №167(423)

Kiritilgan vaqti: 19/08/2021 16:53;   Ko‘rilganligi: 771
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/islohotlarning-shirin-mevasi-yoxud-buyuk-ajdodlarimizning-asarlarini-endi-ozbek-tilida-oqiymiz
Chop etilgan vaqti: 15/05/2024 11:04
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing