ISHIDning botil da'volariga raddiyalar turkmidan Kirish 1-maqola
Bugungi musulmon jamiyatlariga xavf solib turgan xatarlarning eng kattasi – bu, vaqti-vaqti bilan namoyon bo‘lib turadigan dinda haddan oshishlik to‘lqinlaridir. Mana shu haddan oshishlikning ulkan xatarlari bir qancha ishlarda mujassam bo‘lgan. Ular:
– bu g‘oya muxolif tomonni yiqitish bilan kifoyalanib qolmasdan, balki uni kofir deb hukm qilishga, uni musulmonchilik doirasidan chiqarib yuborish va bu bilan uning qonini to‘kishni, molini o‘zlashtirib olishni hamda or-nomusini poymol qilishni halol sanashga intiladi. Oqibatda jamiyat ichida vayronkor-lik, qo‘poruvchilik va odam o‘ldirishlar keng avj oladi.
– dinni obro‘sizlantirish, uning ahkom-larini buzib talqin qilish, odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan urib, zalolatga boshlash va har xil shubhalarni tarqatish.
– din dushmanlarining bunday vaziyatlar-ni qulay bilib, o‘z foydalariga ishlatishlari.
– musulmon ummatini o‘zining asl maqsa-didan chalg‘itib yuborish, uning taraqqiyotiga to‘sqinlik qilish hamda dushmanlar qarshisida kuchsiz qilib qo‘yish.
Ushbu – “ISHIDning botil da'volari va ularga raddiyalar” kitobi dinda haddan oshib ketganlar, ayniqsa, ISHIDchilarning shar'iy va aqidaviy da'volaridan eng asosiylarini muhokama qilgan holda ular ko‘tarib chiqayotgan botil da'volar va og‘ishishlarga javob tari-qasida, ularning buzuq g‘oyalarini tushuntirib berish va ularning bo‘htonlariga keraklicha raddiya qaytarish uchun yozildi. Toki, ularning jarangdor va quruqdan-quruq botil da'volariga ro‘baro‘ kelinganda bu kitobni o‘qiganlar ularga aldanib qolish o‘rniga kerakli javobni bera olsinlar.
Shu o‘rinda diqqatni qaratish kerak bo‘lgan bir qancha masalalar ham bor:
- ISHID terroristik tashkiloti dinda g‘uluvga (diniy ta'limotlarda chegaradan chiqib) ketgan ilk toifa emas va aslo eng so‘nggi toifa bo‘lib ham qola olmaydi. Bu tashkilotning zavolga yuz tutishi yoki jilovi-ning tortib qo‘yilishi bu toifa tarafidan targ‘ib qilingan g‘oyalar, da'volar va shubhalar ham unga qo‘shilib yo‘q bo‘lib ketadi yoki nihoyasiga yetadi degani emas. Zero, toifalar va guruhlar zavolga yuz tutsalar-da, g‘oyalar, –agarchi ularda bir oz o‘zgarish yoki rivojlanish paydo bo‘lsa ham, – butunlay zavol topmaydi. Bu narsa dinning to‘g‘ri ahkomlarini odamlar-ga tushuntirib berish, kelajak avlodlarni o‘sha ahkomlar asosida tarbiya qilib borish hamda ana shu og‘ishishlar qarshisida ularni himoya qilish yo‘lida doimiy ravishda kuch sarflash lozimligini talab qiladi.
- Dinning ko‘p sohalari va masala-larini o‘ziga qamrab olishi uchun ham dinda g‘uluvga ketganlarning asosi yo‘q shubhalari hamda firiblari tobora keng yoyilib bormoqda. Zotan, ular so‘nggi yillar davomida turli xil adabiyotlar va fatvolar orqali ana shunday shubha va firiblarni keng tarqatish yo‘lida katta mehnat va quvvatlarini sarf qilib yubor-dilar. Dinni himoya qilish va musulmon yoshlarni unday kimsalarning tuzoqlariga ili-nib qolishlarining oldini olish maqsadida ularning zalolatga ketgan ekanliklarini, tutgan yo‘llari hech bir tomondan islom diniga to‘g‘ri kelmasligini, hech bir musulmon olimi ularning bu ishlari va yo‘llarini oqlamayotgan ekanligini, aksincha, butun dunyo islom ulamo-lari ularga nisbatan o‘z e'tirozlarini va noroziliklarini bildirib kelayotganlik-larini ana shu keksayu yosh musulmonlarga yetkazib berish dolzarb masalalardan biridir.[1]
Biz yurtimiz musulmonlarini, ayniqsa, yoshlarimizni ISHID timsolida barcha buzg‘unchi g‘oyalar va yot aqidalar ta'siriga tushib qolishlarining oldini olish maqsadida “ISHIDning botil da'volariga raddiyalar” nomi ostida turkum maqolalar berib borishni o‘zimizning yuksak vazifamiz deb bildik. Bu maqolalarda imkon qadar aniq dalillarni keltirishga harakat qildik, toki uni o‘qigan kishilarda Ahli sunna val jamoa aqidasiga zid bo‘lgan e'tiqodlar, qarashlar va g‘oyalarga qarshi immunitet paydo bo‘lsin.
Maqolalarni tayyorlashda yetuk islom olimi Imoduddin Xiytiyning “Shubuhaatu tanzimid davlati var roddu 'alayhaa” nomli kitobidan keng foydalandik. Chunki, bu olim o‘sha nizoli hududlardan biri bo‘lmish Suriyada tug‘ilib voyaga yetgan va ayni vaqtda Saudiya arabistonida yashab faoliyat olib bormoqda. Bu esa, bizga ISHID terroristik tashkiloti va unga o‘xshagan boshqa buzg‘unchi g‘oyalar tarafdorlari haqida to‘liqroq ma'lumotlarni taqdim qiladi.
Alloh taolo bu yo‘ldagi qadamimizni barakotli qilgan bo‘lsin.
Alouddin Hofiy
[1] Bu xususda kengroq ma'lumotga ega bo‘lish uchun Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Ochiq xat” hamda O‘zbekiston musulmonlar idorasi tarafidan tayyorlangan “Dunyo ulamolarining murojaati” nomli kitoblarini olib o‘qishni tavsiya qilamiz.
Kiritilgan vaqti: 04/06/2020 09:45; Ko‘rilganligi: 1077
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:21