O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

INTERNET TARMOG‘IDAGI NOXOLIS AXBOROTLAR XATARLIDIR

 
 

Bugungi kunda turli ko‘rinishdagi axborot vositalarining nozik jihatlarini har bir ongli kishi anglab yetishi lozim. Chunki bunday aloqa tarmoqlari turli yo‘llar bilan, garchi insonda xohish bo‘lmasa ham, o‘ziga jalb qilib, changaliga tortadi. Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim axborotlarning jamiyatga solayotgan eng katta tahdidlaridan biri tinch-totuv oilalarning barbod bo‘lib ketayotganidir.

Biz uchun oila muqaddas hisoblanib, undagi tartib qoidalar dolzarb ahamiyatga ega. Umuman, unda o‘rnatilgan o‘ziga xos qadriyatlar oila mustahkamligini ta'minlashda muhim bo‘lib kelgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi turli kimsalar azaldan shakllanib kelayotgan ana shunday qadriyat va qoidalarni bepisandlik bilan buzib, farzandlarni o‘z ota-onalariga qarshi qilib qo‘yishmoqda. Natijada, ana shunday ruhda katta bo‘lgan o‘g‘il qizlar vaqti kelib, oila qurganlarida hayot sinovlariga chiday olmasdan, yengil hayotni afzal ko‘rib, oilalar buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Internet jamoatchilik fikrini egallashga qaratilgan kurashlarni o‘zgartirib yuboradi. Endilikda hech qanday kuch sarflamasdan, qarshilik va cheklovlarga duch kelmay, omma ongiga osongina ta'sir ko‘rsatish, boshqalarning qarashlarini o‘z manfaatlari sari yo‘naltirish mumkin. Dastlab, ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim niyati buzuq “blogger”lar jamoatchilik ongiga kuchli ta'sir qiluvchi voqea-hodisalarni bo‘rttirib, qo‘shib-chatib yetkazishadi, boshqalar e'tiborini jalb etib, ularni ham faol fikr almashishga chorlaydi. Mish-mish, bo‘htonu yolg‘on yetarli darajada tarqalgach, sekin amaliy ishlarga o‘tiladi. Hammani muayyan joyga to‘planishga chaqiriladi. Shu tariqa, bir-birini ko‘rmagan, faqat internet orqali tanishgan bekorchilar to‘dasi shakllanadi. Shu yo‘l bilan odamlar haqiqat bilan yolg‘on o‘rtasidagi chegarani payqashdan mahrum etiladi. Tajribasiz, hali oq-qorani ajrata olmaydigan o‘quvchi kiber do‘stlariga shaxsiy hayoti, o‘y-kechinmalari, o‘tmishi, kelajagi haqidagi barcha ma'lumotlarni, sirlarini ishonib aytaveradi. Biror notanish kishi eshik ortidan turib sizdan ismingizni so‘rasa, o‘qish joyingiz, ish joyingiz, yaqinlaringiz, do‘stlaringiz haqida so‘rasa, siz darhol sergak tortib, u kishiga hech nimani aytmasligingizni bildirib haydab yuborasiz, nega endi bu holatni monitor qarshisida o‘tirganda amalga oshirmaysiz? Bunday suhbatlar virtual olamda bo‘lishi bilan bir qatorda qaysi jins vakili bilan gaplashilayotganini ham bilib bo‘lmaydi. Albatta, fikr, so‘z erkinligi har bir insonning haqqi, lekin bu axloq va qonun-qoidalar, umumiy tushunchalar va chegaralarni aniqlash bilan o‘rnatiladi. Fitna-fasodni tarqatish bu fikr erkinligi emas, bu jinoyatdir. So‘z erkinligi bahonasida milliy ma'naviyatni buzishga qaratilgan soxta, noxolis axborotlarga ishonmaslik kerak.

Milliy va diniy qadriyatlarni yoshlarning ongiga singdirish orqali ularni Vatanga fidoiy, mustaqil fikriga ega, barkamol shaxslar qilib tarbiyalash burchimizdir. Ijtimoiy tarmoq vositalari va ularning yoshlarga salbiy ta'sirini har tomonlama o‘rganish, oldini olish butun dunyoda ma'naviy va axloqiy me'yorlarni saqlab qolishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Zero, ijtimoiy tarmoq vositalarining ommalashuvi kuchayib, ta'sir ko‘lami kun sayin ortib borayotir. Internetning ijobiy va salbiy jihatlarini bayon qilish bilan yoshlarimizning kelajagiga umid bog‘lash, ularning farovon hayotiga zamin hozirlash mumkin. Chunki hozirgi globallashuv zamonida insonlarni internet tarmog‘idan uzib qo‘yishning imkoni yo‘q. Faqatgina uning foydali jihatlarini olib, zararli taraflarini tark etish malakasini hosil qilish bilangina ijobiy natijaga erishish mumkin.

Botiral RIZAYEV,

Samarqand shahar “Panjob” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 28/09/2019 10:28;   Ko‘rilganligi: 1244
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/internet-tarmogidagi-noxolis-axborotlar-xatarlidir
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 16:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing