Insonning tirikchiligi uch narsaga bog‘langan bo‘ladi...
Alloh taolo mo‘minlar uchun abadiy mukofot bo‘lgan jannatni ta'riflaganda judayam ko‘p o‘rinlarda daraxtzorlarni, bog‘u-rog‘larni, turli xil mevalarni zikr qilgan. Xususan, Rohman, Voqe'a suralarida bog‘u bo‘stonlar, mevalar va daraxtlarning zikri judayam ko‘p takrorlanadi. Masalan:
Rohman surasida quyidagicha oyatlar keladi: “U(er)da mevalar va gulkosali xurmolar bor. Va somonli donlar hamda rayhonlar bor”.(11-12-oyatlar) “U(jannat)lar shox novdalidirlar”. (48-oyat) “Ikkovlarida mevalar, xurmo va anorlar bordir” (68-oyat)
Voqea surasida esa jannat ahllarini ta'riflab shunday deydi: “Ular tikonsiz sidrzorlardadirlar. Sermeva bananzorlardadirlar. Va yoyilgan soyalardadirlar” (28-29-30-oyatlar)
Bunga o‘xshash daraxtlar, mevalar, yerdan unib chiqadigan don-dunlar va ekinlar haqidagi oyatlarni, ulkan daraxtlarning soyalari haqidagi zikrlarni jannat ta'rifi kelgan judayam ko‘p oyatlarda uchratishimiz mumkin.
Bundan tashqari, hadislarda ham bu kabi ta'riflar va bashoratlar judayam ko‘p uchraydi. hattoki Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Kimki: “Subhanallohi va bihamdihi”, desa, u uchun jannatda bir xurmo ekiladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Bu dunyoda savobli amalni qilgan kishi uchun jannatda bir daraxt ekilishi be'jiz emas albatta. Chunki, mevali daraxt ne'matlar ichida eng e'tiborli va qadri balandlaridan hisoblanadi. Yer yuzida ekin ekish, dehqonchilik qilish rizq topishning eng yaxshi vositadir. Inson halol rizq talabida kasb qilishi, uning azizligini ziyoda qiladi.
Alloma Movardiy r.a aytadilarki: “Insonning tirikchiligi uch narsaga bog‘langan bo‘ladi: dehqonchilik, tijorat va hunarmandchilik. Mening nazdimda dehqonchilik eng pokizasi va eng afzalidir”, deganlar.
Yerda ko‘chat ekish, ekin ekish shu darajada fazilatliki, kimga qarashli bo‘sh yeri bo‘lsa, albatta unga biror narsa ekishi talab qilinadi.Sahoba Xuzayma ibn Sobitning bo‘sh yerlari bor edi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu u kishining yonlariga kelib: Ey, Xuzayma! Mana bu yeringizga ko‘chat ekib qo‘ying dedilar. Shunda, Otam: Men keksayib qoldim, umrim ham oz qoldi dedilar. Shunda, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Yo‘q, unday qilmang, bo‘sh turgan bu yeringizga, albatta, ko‘chat eking deb, o‘zlari birga o‘sha yerga ko‘chat ekdilar”.
Hazrati Umar roziyallohu anhu bo‘sh turgan yerni ko‘rib, ko‘chat ekishga buyuribgina qolmay balki o‘zlari ham ko‘chat ekishda ishtirok etganlar.
Dinimizda ekin, ko‘chat ekish, dehqonchilik bilan shug‘ullanishning hukmi farzi kifoyadir. Ba'zilar ado qilsalar, qolgan insonlardan soqit bo‘ladi. Agar hech kim qilmasa, barcha odamlar birdek gunohkor bo‘ladilar. Yer yuzida ekin, ko‘chat ekish, dehqonchilik qilishning farzi kifoya bo‘lishi insonlar va boshqa mavjudotlarning rizqi unga bog‘liq bo‘lganligi uchundir.
Yer yuzida ilk bor qilingan mehnat ham aynan dehqonchilik bo‘lgan. Xabarlarda keladiki, Odam alayhissalom jannatdan yer yuziga tushirilganida, Jabroil alayhissalom bug‘doy olib kelib, yerga ekishga buyuradi. Odam alayhissalom bug‘doyni yerga ekkan, sug‘organ va hosilni yig‘ishtirib olganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning kasblaringizning eng yaxshisi yer haydash (dehqonchilik) va qo‘y boqishdir. U payg‘ambarlarning amalidandir. Yer haydovchi dehqon o‘zining amali tufayli yetgan har bir narsa uchun ajr oladi”, dedilar.
Xulosa, qilib aytadigan bo‘lsak, turli xil mevali daraxtlar, inson uchun kerakli bo‘lgan ziro'atlar jannat ne'matlaridan bir nishona hisoblanadi. Alloh taolo bandalari jannat ne'matlarini his qilib yashashlari uchun ulardan ba'zilarini shu dunyoning o‘zida bizlarga berib qo‘ydi. Demak, musulmon kishi bu nishonalarning qadriga yetishi lozim. Ularni asrab avaylash bilan birgalikda, bu kabi ne'matlarni ko‘paytirishga hissa qo‘shmog‘i lozim.
Shuning uchun har bahor faslida kishi o‘z tomorqasiga turli xil ekinlar ekmog‘i, har xil mevali bog‘lar yaratmoqqa ishtiyoqmand bo‘lmog‘i savobli ishlardan hisoblanadi. Insonlarga halal bermaydigan joylar, ko‘cha va suv bo‘ylari, e'tibordan chetda qolgan qarovsiz yerlarga ham mehr berib, ulardan unumli foydalanmog‘i kerak. Bu eng avvalo, kishining halol rizq topishiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, daraxtlarning mevasi va soyasidan bahra olgan insonlar va hayvonlar, ekin tikinlarning bir donasidan tanovul qilgan qushlar, hattoki hashorotlar uchun ham kishi sadaqa berganning ajrini oladi. Sadaqai joriyaning bir turi bu aynan ekib ketilgan daraxdir. Chunki, bitta darax bir necha yillar va hattoki bir necha asrlar yashashini hisobga olsak, bu imkoniyat mo‘minlar uchun ayni muddaodir.
Unutmang! Qilingan har bir yaxshi amalga mukofot bor. Zarra miqdorida bo‘lsa ham qilingan sadaqa jahannamdan parda bo‘ladi.
H.Temirov O‘MI - Samarqand viloyat vakilligi xodimi
Kiritilgan vaqti: 20/04/2020 13:46; Ko‘rilganligi: 1141
Chop etilgan vaqti: 15/09/2024 09:24