O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Insonning ikki dunyosini xarob qiladigan ofatdan uzoqda bo‘laylik!

 
 

Giyohvandlik insoniyatni jismoniy va ruhiy jihatdan tubanlikka eltuvchi, aql-idrokdan mahrum etib, ikki dunyo xorligiga yetaklovchi ofatdir. Giyohvand moddalar insonni ayni kuch-quvvatga to‘lgan davrida alkogolga nisbatan 4-6 barobar tezroq halokatga uchratadi.

Afsuski, giyohvandlik kasaliga mubtalo bo‘lganlar soni yildan yilga oshmoqda. Bu esa juda achinarli va inson xayoti va sog‘ligiga yomon ta'sir qilib, oxir-oqibat uni o‘ldiradigan zaxardir. Giyohvandlikning tibbiy asoratlari odamning ongi xiralashadi, his-tuyg‘ulari keskin ravishda o‘zgaradi, fikrlari chalkashib ketadi, ko‘z qorachig‘i kengayadi, shilliq pardalari quruqshaydi, yurak tez uradi, muskul tonusi ortadi va qon bosimi ko‘tariladi;

«Payg‘ambar (s.a.v.) har qanday mast qiluvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste'mol qilishdan qaytardilar», deyiladi hadisi sharifda (Ahmad va Abu Dovud rivoyati). Mazkur hadisi sharif har qanday turdagi giyohvandlik harom ekaniga dalolat qiladi.

Alloma ibn Hajar al-Makkiyning «Fatovoi Kabir»ida shunday deyiladi: «Giyohvandlik moddalarini iste'mol qilishda bir qancha diniy va dunyoviy zararlar mavjud: u inson tafakkurini o‘tmaslashtiradi, tananing turli kasalliklarga chidamliligini yo‘qotadi, xotirani susaytiradi, bosh, yurak, sil, istisqo xastaliklarini yuzaga keltiradi, ibodatdan to‘sadi, sharmu hayoni ketkazadi, insoniy munosabatlar va muruvvatga zarar yetkazadi».

Yana fatvolarda kelishicha, «Giyohvand moddalarini iste'mol qilish va uning tijoratidan kelgan foyda ham harom sanaladi».

Imom Sanoniy shunday deydi: «Giyohvandlik nima narsadan bo‘lishidan qat'i nazar mast qildimi yoki afyun kabi narsa bo‘lib iste'mol qilinishida kayf berdimi – u mutlaq haromdir».

Imom A'zam (rahmutulohi alayh) mazhablaridagi oxirgi mujtahid ulamolardan Ibn Obidin hazratlari Ibn Hajardan naql etib shunday deydi: «Bang-afyun iste'mol etishda 120 xil diniy va dunyoviy zarar, ofatlar bo‘ladi».

Insonning ikki dunyosini xarob qiladigan ushbu ofatdan uzoqda bo‘lish barchamizga nasib etsin!

Abrorov Jahongirxon - O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati xodimi

 


Kiritilgan vaqti: 26/04/2023 18:23;   Ko‘rilganligi: 251
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/insonning-ikki-dunyosini-xarob-qiladigan-ofatdan-uzoqda-bolaylik
Chop etilgan vaqti: 05/05/2024 15:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing