Inson qadrini ulug‘lash eng oliy fazilat
O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan tashkiliy-amaliy, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari «Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz» shiori ostida o‘tkazilmoqda. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, tub islohot jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tarish, inson huquq va manfaatlari, uning qadri, sha'ni va g‘ururini yetakchi o‘ringa olib chiqish ustuvor vazifaga aylangan bir vaqtda yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, davlatimizning hududiy yaxlitligi va bo‘linmasligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta'minlash, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va hamjihatlikni mustahkamlashga intilish ko‘p millatli xalqimizni yanada birlashtiradigan, yuksak marralarga safarbar etadigan beqiyos kuchga aylanib bormoqda. Yurtimizda so‘ngi yillarda barcha sohalarda olib borilayotgan misli ko‘rilmagan islohotlar zamirida xalqimiz faravonligi, jamiyatimiz osayishtaligi, farzandlarimiz uchun barcha afzalliklarga ega kelajakni yaratish g‘oyasi mujassam.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ko‘plab xayrli ishlar, islohotlar orasida inson qadr-qimmati, sha'ni va huquqlarining qadrlanishi eng oliyjanob fazilatlardan hisoblanadi. Yaxshiliklar, xayrli ishlar bardavom bo‘lib, inson qadri ulug‘langan yurt doimo taraqqiy etadi. Inson qadrlangan yurtga Allohning rahmati yog‘iladi.
Islom ham inson qadrini hamma vaqt, har yerda ulug‘lashni buyurgan, uning sharafini oliy darajaga ko‘targan. Dinimizda inson aziz va mukarram zot sifatida ulug‘lanadi hamda kishi hayotining ruhiy va ma'naviy jihatdan komillikka yetishishiga katta e'tibor beradi.Haq taolo insonni O‘zi yaratgan barcha jonzotlardan afzal qilgan. Yaratgan Parvardigor odamzodga butun borliqni bo‘ysundirib qo‘ygan. Farishtalar ham inson Alloh tomonidan yaratilgani uchun unga hurmat bajo keltirib, ta'zim sajdasini ado qildi.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70).Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida: “Mo‘min kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir”, deb marhamat qilganlar. amriga muvofiq harakat qilsa, demak, u farishtalardan ham ulug‘ maqomda yurgan bo‘ladi”.
Yuqoridagi oyati karimada Alloh taolo “Insonni aziz va mukarram qildik” – dedi. Tafsir kitoblarida Alloh taolo insonni boshqa ne'matlar qatori jismoniy va ruhiy-ma'naviy ne'matlar tufayli mukarram qilganligi aytiladi.
Alloh taolo O‘zining bu ne'matlarini zikr qilishidan maqsadi – har bir inson o‘ziga ato etilgan behisob ne'matlariga shukr qilsin, bu narsalarning qadriga yetib, ularni faqat xayrli va foydali ishlarga sarf etsin, degan ma'nodadir.
Payg‘ambar (s.a.v) hadisi shariflarida marhamat qiladilarki:
“Kimiki o‘zidan to‘rt narsani bersa, unga ham Alloh taolo to‘rt narsa ato qilur”. Bu hadisi sharifni muhaddislar Qur'oni karimdagi to‘rtta oyati karima bilan tafsir qilgan ekanlar:
- Kimiki Alloh taoloni zikr etib, doimo yodida tutsa, Haq taolo ham uni yod etadi. Bas, Meni yod etingiz, Men ham sizlarni yod eturman...
- Kimiki ixlos bilan duo qilsa, Alloh taolo ham duosini ijobat qiladi.
Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) mustajob qilay!
- Kimiki berilgan ne'matlarga shukr qilsa, Alloh taolo ham ne'matlarini yanada ziyoda qilaveradi. Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman.
- Kimiki istig‘for aytib, gunohlariga tavba qilsa, Haq taolo ham unga o‘z rahmat va mag‘firatini ato qilgay.
...Rabbingizdan mag‘firat so‘rangiz! Albatta, U (bandalariga nisbatan) o‘ta kechirimli zotdir.
Aziz yurtdoshlar! Mustaqillik kunlari munosabati bilan yana bir bor so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar uchun Alloh taologa shukronalar izhor etishimiz, turli millat va din vakillarining o‘zaro ahillik va totuvlikda hayot kechirib, bugungi tinch va erkin hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashimiz, inson qadrini ulug‘lashga, faxriylar, keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg‘araz yordam berish kabi xayriya tadbirlarini amalga oshirishda faol va peshqadamlardan bo‘lsak inshaalloh katta ajrlarga ega bo‘lamizAlloh taolo Vatanimiz farovonligi, elimiz tinchligini yanada ziyoda qilsin.
Sarvarxo‘ja Boboyev
Samarqand shahar “Qo‘shbaqqoli” jome masjidi imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 23/08/2022 10:08; Ko‘rilganligi: 1173
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 09:00