O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

INSON –MUKARRAM ZOT

 
 

Inson eng afzal va eng sharafli maxluqdir, bu e'tiqodning haqligini sodiq xabar ham, sog‘lom aql ham tasdiqlaydi.

Alloh taolo Isro surasida quydagilarni aytadi: “Batahqiq, Banu Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik va ularni quruqligu dengizda (ulov-la) ko‘tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantiridik va uni O‘zimiz yaratgan ko‘p narsalardan mutlaqo afzal qilib qo‘ydik”. (70-oyat)

Alloh taolo borliqdagi turli-tuman mavjudotlarni bir-biridan afzal qilib yaratgan Zot. Ana o‘sha Zot ushbu oyati karimada odam bolasini borliqdagi hamma narsadan azizu mukarram qilib yaratganining xabarini bermoqda:

“Batahqiq, Banu Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik”.

Avvalo, odamning shakli, barcha a'zolarining tuzilishi azizu mukarramlikdan dalolat berib turadi.

Odam bolasini yolg‘iz Xudo yaratdi,       Ular orasida ulug‘, kichik, yomon, yaxshi bor.

Bordir ilmli, ilmsiz, qashshoq va boy,   Uquvli, uquvsiz, nochor va gadoy.       

(Qutadg‘u bilig)

Boshqa maxluqotlarda bu shakl, bu mutanosiblik va bu kabi a'zolar yo‘q. So‘ngra Alloh taolo odamni O‘z qo‘li bilan yaratib, mukarram qildi. O‘z ruhidan jon puflab, ulug‘ladi. Bunday sharafga hech bir maxluqot muyassar bo‘lgan emas. Shu boisdan ham inson azizu mukarramdir. Alloh taolo yana odom bolasini O‘zi bergan aql bilan mukarram qilib qo‘ydi. Aql bilan inson boshqa hamma maxluqotlardan ustun turadi. U Alloh bergan aql ila turli tadbirlar qiladi, narsalar ishlab chiqaradi, boshqa maxluqotlarni o‘z foydasiga ishlatadi. Bularning hammasi insonni Alloh azizu mukarram qilib qo‘yganining namunalaridandir.

Yana Alloh taolo tomonidan odamga ulug‘ martaba  berilishi, Ha, Rohman sifatli Alloh taolo tuproqdan inson yaratdi

«Va U zot Odamga ismlarning barchasini o‘rgatdi, so‘ngra ularni farishtalarga ro‘baro‘ qildi. Keyin: «Agar rostgo‘ylardan bo‘lsangiz, anavilarning ismlarini menga aytib bering», dedi». (Baqara surasi 31 oyat)

Alloh taolo odamni O‘zining yer yuzidagi xalifasi qilayotgan paytda unga ulug‘ bir sirni berganligi ushbu oyatdan bilinib turibdi. U ham bo‘lsa, ismlarning barchasini o‘rgatishidir. Ya'ni, inson o‘zini o‘rab turgan barcha ashyolarning belgisi sifatida ismni, ma'noni ishlatadi. His qilinadigan, jismga ega bo‘lgan narsalarni fahmlash uchun nutqiy ramzlarni ishlatish qudrati inson hayotida eng ulug‘ qudratlardan biri hisoblanadi.
Aks holda, birovga tog‘ni tushuntirmoqchi bo‘lsang, uni tog‘ning oldiga olib borib, aylantirib ko‘rsatishdan o‘zga chora bo‘lmasdi.

Agar Alloh taolo insonga ushbu qobiliyatni bermaganida, yer yuzida hayotni tasavvur qilish qiyin bo‘lar edi. Rivoyatlarda kelishicha, buning ismi ot, bunisi tuya, manavi quyosh, bu esa yulduz, deb hatto kichkina narsalargacha o‘rgatilgan. Ya'ni, odamning yer yuzida xalifa bo‘lishining asosiy sabablardan biri–ilm olishga iste'dodining borligidir.

Hozirda inson ilmi ila borliqning sirlarini kashf etayotgani ham o‘shanda berilgan qobiliyat natijasidir.

Alloh taolo odamga ismlarning barchasini o‘rgatgandan keyin ularni farishtalarga ro‘baro‘ qildi va, yer yuzida fasod qiluvchi va qon to‘kuvchi kimsani yaratasanmi, degan da'volaring rost bo‘lsa, ushbu narsalarni ismlarini menga aytib beringlar, dedi. Farishtalar u narsalarga ism qo‘yishdan ojiz qoldilar va o‘z ojizliklarini tan olib:
«Ular: «Ey pok Parvardigor! Bizda Sen bildirgandan boshqa ilm yo‘q. Albatta, Sening O‘zing biluvchisan va hikmatli zotsan», dedilar».     Baqara surasi 32-oyat).

Farishtalar bu yerda yuksak odob misolini ko‘rsatdilar. Bilmagan narsalarini so‘zsiz, bilmaymiz, deb aytdilar. Bilmagan narsasini tan olib, vaqtida bilmayman deyish ham katta odob, ham katta ilm hisoblanadi.
Shunda Alloh taolo O‘zining yer yuzidagi xalifasi–odamning fazlini izhor qilish uchun:

«Ey Odam, bularga u narsalarning ismlarini aytib ber», dedi. Ularga o‘sha narsalarning ismlarini aytib bergan chog‘ida, «Men sizlarga osmonlaru yerning g‘aybini bilaman va sizlar berkitmaganu berkitgan narsalarni ham bilaman demabmidim», dedi». (Baqara surasi 33 oyat)

Shu bilan Odamning farishtalardan ustunlik tarafi namoyon bo‘ldi. U ham bo‘lsa, ilm-ma'rifat. Inson yer yuzida fasod qilishi, qon to‘kishi ham mumkin, ne'mati ilohiy bo‘lmish ilmni o‘z o‘rnida ishlatib, farishtalardan ustun bo‘lishi ham mumkin. Alloh taolo barchalarimizni insonligimizdan unutmasdan yashashimizni nasib qilsin.Omin!

Tojiyev Hamidullo Urgut tuman "Imom Hasan" masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 20/07/2020 14:02;   Ko‘rilganligi: 1399
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/inson-mukarram-zot
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 14:24
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing