O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Imoningiz xavfda qolmasin

 
 

Dinimiz insonparvarlik, kechirimlilikni targ‘ib qiladi. Kishi bilib-bilmay gunohga qo‘l ursa-yu, Allohdan qo‘rqib, tavba qilsa va qaytib bu gunohni takrorlamasa, Yaratgan zot kechirimlidir. Ammo shunday gunohi kabiralar borki, uni sodir etgan kimsa Allohning g‘azabiga uchraydi. Jumladan, shirkka olib borishi va kishining ikki dunyosini ko‘ydirib yuborishi mumkin bo‘lgan gunohlardan biri folbinlik, folga ishonish, sehr-jodudir.

Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Farishtalar yeer yuzida sodir bo‘ladigan narsalar haqida bulutlar orasida gaplashganlarida, jinlar ularning bitta so‘zlarini eshitadilar va uni folbinlarning quloqlariga kelib (idishga suv quygandek) quyib ketadilar va u so‘zga jinlar yuzta yolg‘onni qo‘shadilar”.

Demak, folbin jin va shayton bilan muloqotga kirishadi. Ularning yolg‘on-yashiq gaplarini ko‘pirtirib, ustiga ming yolg‘onni qo‘shib, odamlarga yetkazadi. Natijada og‘ir gunohga bo‘ladi. Nafaqat folbin balki, folga ishongan kishi ham gunohkor bo‘ladi. Zero, Abu Mas'ud al Badriy roziyallohu anhu “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam (ba'zi) man qilgan narsalar orasida fohishalikdan topilgan hamda folbinga beriladigan pul bor edi”, deganlar.

Alloh taolo yaratgan barcha mavjudot va maxluqotning holatini, jumladan, insonlar taqdirini faqat o‘zi biladi. Bir so‘z bilan aytganda, g‘ayb ilmini o‘zida qoldirgan. Uni bilishga intilish ma'nisiz nodonlik, gunohga botishdan boshqa narsa emas. Zotan, g‘ayb sirlaridan hech kim, farishtalar, jinlar, hatto Payg‘ambar alayhissalomlar ham xabardor yetilmagan.

Bu haqda Qur'oni karimning “An'om” surasi, 59-oyatida shunday marhamat qilinadi: “G‘ayb (yashirin sirlar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o‘zga bilmas. Yana, quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Yeer zulmatlari (qa'ri)dagi urug‘ bo‘lmasin, ho‘l-u quruq bo‘lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da (yozilgan)dir”.

Yuqoridagilardan xulosa qilsak, folbinlik bilan mashg‘ul bo‘lgan va folbinga borgan, ishongan kishilar imoni xavf ostida qoladi. Bunga ochiq dalil esa quyidagi hadisda kelgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Kimda-kim folbinga borsa va folbinning aytgan gaplariga ishonsa, demak u Muhammadga kelgan narsaga ishonmapti”, dedilar. Bunday musibatdan Yaratgan barchamizni asrasin.

Nurullo YULDOSHYEV,
Jomboy tumamni “Islom nuri” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 14/08/2023 17:43;   Ko‘rilganligi: 173
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/imoningiz-xavfda-qolmasin
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 20:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing