IMOMI A'ZAM ZAKOVATI
Mazhabboshimiz Imomi A'zam Abu Hanifaning rahmatullohi alayh taqvolari, ibodatlari va ilmlari haqida juda ko‘p gapirilgan, yozilgan. Quyida e'tiboringizga Vasliy Samarqandiyning “Imomi A'zam hayoti haqida qimmatli so‘zlar” kitobidan olingan parchani havola qilamiz. Unda ulug‘ imom zakovatining yana bir qirrasini ochib beradigan qiziqarli ma'lumotlar beriladi.
***
Imomi A'zamni do‘st ko‘rmaydigan bir kimsa u zotdan so‘radi: “Jannatni umid qilmaydigan, do‘zaxdan qo‘rqmaydigan, o‘limtik yeydigan, ruku va sajdasiz namoz o‘qiydigan, ko‘rmagan narsasiga guvohlik beradigan, haqni yomon ko‘radigan va fitnani yaxshi ko‘rib, rahmatdan qochadigan, yahudiy va nasroniylar so‘zlarini tasdiqlaydigan kishi haqida nima deysiz?”
– U odam Alloh taoloning haqiqiy do‘stlaridandir. Negaligini bayon qilsam, tilingni yomon so‘zlardan tiyasanmi?
– Ha, tilimni behuda so‘zlardan tiyib tavba qilaman.
– Uning sifati bunday: u odam jannatni umid qilmaydi, balki jannatning Parvardigorini umid qiladi; do‘zaxdan qo‘rqmaydi, balki do‘zaxning Parvardigoridan qo‘rqadi; baliqning o‘limtigini ham yeydi; janoza namozini ruku va sajdasiz o‘qiydi; Alloh taolo bilan Payg‘ambarni ko‘rmasdan, Xudoning birligi va borligiga hamda Muhammad alayhissalom Xudoning bandasi va payg‘ambari ekaniga guvohlik beradi; Alloh taologa uzoq yil toat qilmoq uchun o‘limni yomon ko‘radi; mol-dunyo va farzand fitna bo‘lsa ham, yaxshi ko‘radi; yomg‘ir Allohning rahmati bo‘lsa ham, undan qochadi; «Yahudiylar: “Nasroniylar hech narsada yo‘q” desalar, nasroniylar: “Yahudiylar hech narsada yo‘q”, deydilar...» (Baqara, 113) oyatini tasdiqlaydi.
وَقَالَتِ ٱلۡيَهُودُ لَيۡسَتِ ٱلنَّصَـٰرَىٰ عَلَىٰ شَىۡءٍ وَقَالَتِ ٱلنَّصَـٰرَىٰ لَيۡسَتِ ٱلۡيَهُودُ عَلَىٰ شَىۡءٍ وَهُمۡ يَتۡلُونَ ٱلۡكِتَـٰبَۗ كَذَٲلِكَ قَالَ ٱلَّذِينَ لَا يَعۡلَمُونَ مِثۡلَ قَوۡلِهِمۡۚ فَٱللَّهُ يَحۡكُمُ بَيۡنَهُمۡ يَوۡمَ ٱلۡقِيَـٰمَةِ فِيمَا كَانُواْ فِيهِ يَخۡتَلِفُونَ
113. Yahudiylar: «Nasroniylar arzimas narsadadirlar», dedilar. Nasroniylar: «Yahudiylar arzimas narsadadirlar», dedilar. Va holbuki, ular kitob tilovat qiladilar. Shuningdek, bilmaydigan kimsalar ham ularning gapiga o‘xshash gap aytdilar. Bas, qiyomat kuni oralarida Alloh ular ixtilof qilgan narsa haqida hakamlik qiladi. (Samoviy kitob egasi bo‘lmagan xalqlar oyatda ilohiy ta'limotlarni «bilmaydigan kimsalar» deb atalyapti. Ular ham yahudiy va nasroniylarning gaplariga o‘xshash gaplarni aytadilar, ya'ni, bular ikkalasi ham hech narsaga arzimaydi, deydilar.Ular tortishishgan masalaning haqiqiy hukmini Alloh taolo qiyomat kuni O‘zi chiqaradi.)
Shunda savol so‘ragan kishi o‘rnidan turib, Imomi A'zamning qo‘llarini o‘pdi va: “Guvohlik beraman, mazhabingiz haqdir, endi inkorim qolmadi”, dedi.
Amirov To‘lqin tayyorladi
Kiritilgan vaqti: 23/02/2022 10:45; Ko‘rilganligi: 967
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:31