O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Imom Buxoriyning ilmiy merosi qay darjada o‘rganilmoqda?

 
 

Qur'on – Alloh taoloning kalomi bo‘lib, insonlarga rahmat, shifo, hidoyatga boshlovchi ilohiy manba qilib tushirilgan. Hadis, sunnat esa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan asar bo‘lib qolgan gap, ish, taqrir, xalqiy (tana tuzilishi), axloqiy sifatlar va tarjimai holga tegishli ma'lumotlardir. Qur'oni karim bosh dastur sifatida umumiy holda amr qilgan ishlarning tafsilotini ham Sunnatdan topamiz. Demak, Sunnat islom shariatida Qur'oni karimdan keyingi ikkinchi manba hisoblanadi. Sunnat (hadis) ma'nosi Allohdan, lafzi Payg‘ambardan bo‘lgan vahiydir. Din-diyonat, shariat va boshqa ma'nolarda Payg‘ambar alayhissalom o‘z shaxsiy fikrlarini emas, Allohning vahiysini o‘z iborlari bilan taqdim etganlar va bu borada hech bir narsani o‘z havoyi nafslaridan gapirmaganlar.

U havodan gapirmas. Bu faqat qilinadigan vahiydir” (Najm survsi,3-oyat).

O‘z-o‘zidan ma'dum bo‘lmoqdaki, Sunnat – Islom uchun, musulmonlar uchun o‘ta muhim manba ekan. Tarixdan ma'lumki, hadislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam  hayotlik davrlarida kitob holida jamlanmagan. Chunki, Payg‘ambar alayhissalom “Mendan Qur'oni karimdan boshqa hech  narsa yozib olmanglar...” degan edilar.

Xalifa Umar ibn Abdulaziz davrlariga kelib, “Men ulamolarning oramizdan ketishlari va ilm darslarining kamayishidan qo‘rqmoqdaman, qarab, surishtirib, Rasululloh sollalloh alayhi vasallamning hadislarini yozinglar”, deya turli joylarga odamlarni yuborgan edilar. Shunday qilib, birinchi hadis kitobini buyuk tobe'iyn Ibn Shihob az-Zuhriy (124 hijriy sanada vafot etgan) yozdilar. U kishining kitoblari sodda bo‘lib, sahobalardan eshitgan hadislarining to‘plamidan iborat bo‘lgan. Shundan so‘ng hadis kitoblari yozish keng miqyosdagi ilmiy harakatga aylangan. Dastlabki hadis to‘plamlarida sahih (to‘g‘ri, ishonarli) va g‘ayri sahih hadislar aralash holda berilgan bo‘lib, o‘quvchi ulardagi biror hadisni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini, hadis rivoyat qiluvchining ahvolini tekshirmay va aniqlamay turib bilolmasdi. Buning uchun o‘quvchi o‘sha hadisga aniqlik kiritish maqsadida ulamolardan so‘rashga majbur bo‘lardi. Mana shunday og‘ir davrda Imom Buxoriy rahmatullohi alayh “Al-Jomi' as-Sahih” nomli hadislar to‘plamini 16 yil davomida ta'lif etib, unga 7275 dan ortiq sahih hadislarni tartibli ravishda jamladilar. Imom Buxoriy o‘zlaridan to Payg‘ambarimiz alayhissalomgacha bo‘lgan silsilani juda aniqlik bilan o‘rgangan. Mazkur roviylar sislsilasini sanad deyiladi. Sanadda bir nea kishilar bo‘ladi. 3 kishidan 7 kishigacha  yetgan holatlar ham bo‘lgan. Imom Buxoriy ularning har birinining tarixlari, boshqacha qilib aytganda, tarjimai hollari va rivoyat qilish borasidagi sifatlarini o‘rganib, bu haqda “At-tarix al-kabir” (“Katta tarix kitobi”)ni taxminan 18 yoshlarilarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida oydin kechalarda tasnif etganlar. Umuman olganda Imom Buxoriyning ijodiy merosi o‘zining hajmi, zamonasining diniy va ijtimoiy fanlarini to‘kis qamrab olganligini ko‘rish mumkin. U kishining yigirma beshga yaqin asarlaridan faqat bir nechtasigina bizgacha yetib kelgan.

“Sahihi Buxoriy”ni ahli sunnat va jamoat ulamolari, musulmon ummatining aksar qismi Qur'ondan keyingi eng ishonchli manba deb bilganlar. Shuning uchun ulamolarning ham, musulmon ummatining ham Qur'ondan keyingi eng katta va eng kuchli diqqat-e'tiborlari unga nisbatan bo‘lgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.  Imom Buxoriyning shaxsan o‘zidan “Sahihi Buxoriy”ni 90000 nafar kishi o‘qiganligi manbalarda qayd etilgan. Asrlar davomida dunyo ulamolari “Sahihi Buxoriy”ni o‘qishga, o‘qitishga katta ahamiyat berib kelganlar. Uni o‘rganib, tadqiq va tahlil qilishga, musulmon ummati o‘zlarining dasturul amallari sifatida undan ta'lim olib, amal qilishga diqqat qaratganlar. Hozirgi vaqtda ham musulmon o‘lkalarning boshlang‘ich maktablari, o‘rta va oliy ta'lim dargohlari talabalariga Imom Buxoriyning asarlari darslik sifatida ta'lim berilishi, “Sahihi Buxoriy” asarini to‘liq yod olgan ilmi toliblar mavjudligi ushbu to‘plamning islom olamida naqadar ahamiyati yuqori ekanligiga ishora qiladi.

Xo‘sh, buyuk olim, muhaddislar sultoni Imom Buxoriyning tug‘ilib, voyaga yetgan vatanida bugungi kunda u zotning hayoti, ilmiy merosini o‘rganishga qay darjada e'tibor qaratilmoqda?

Mustaqillika erishilgan ilk yillardayoq milliy, diniy qadriyat, an'analarni qayta tiklashga katta e'tibor qaratildi. Ulug‘ ajdodlarimizning ma'naviy-ilmiy meroslarini o‘rganish, ularni xalqimizga yetkazish, ularning qo‘nim topgan joylarini obod qilish qilishga katta e'tibor qaratila boshladi. Jumladan, Imom Buxoriy hazratlarining ham hayoti va ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirildi va hozir ham bu ishlar davom etmoqda. O‘tgan davr mobaynida Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy”, “Al-Adab al-mufrad” (“Odoblar xazinasi”) kabi hadislar to‘plami o‘zbek tiliga o‘girilib, sharhlari bilan kitobxonlarga taqdim etildi. Maqbaralari uzra keng ko‘lamli obodonshlatirish ishlari amalga oshirilib, fayzli ziyoratgohga aylantirildi. Ushbu majmua yonida Imom Buxoriy hazratlarining ilmiy merosini tadqiq etuvchi xalqaro tadqiqot markazi, hadis ilmini o‘rganishga ixtisoslashgan ta'lim yo‘nalishidagi ilm dargohi – Hadis maktabi o‘z faoliyatlarini olib bormoqda.

Asrlar osha dunyo musulmonlari katta e'tibor bilan buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy hazratlari tomonidan ta'lif etilgan “Sahihi Buxoriy”, “Al-Adab al-mufrad” (“Odoblar xazinasi”) kabi to‘plamlari o‘rganilayotgan, yoshlarga ta'lim berilayotgan bir vaqtda bizning farzandlarimiz, o‘quvchi yoshlarimiz bu kabi ilm va odob irfonidan bebahra qolmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu asarlarda insonlarni axloq-odob, insonparvar, vatanparvar, tinchliksevarlilikka chaqiruvchi, adolatli, ma'rifatli, ma'naviyatli, yuksak axloq-odob sohibi, bunyodkor, yaqinlariga g‘amxo‘r bo‘lishga undovchi, haromdan, o‘zganing haqqidan hazar qilishga da'vat etuvchi hadislarni yoshlarga yetkazish orqali ularni axloqiy kamolat sohiblar etib tarbiyalash mumkin. Qur'oni karim, hadislar va shariat ko‘rsatmalari inson ma'naviy-ma'rifiy kamolotining asosi bo‘lgan odob va axloqning barcha qirralarini o‘z ichiga olgandir. Zero, bu qadriyatlar domiy ravishda odamlarda, jumladan yoshlarda yaxshi xislatlarni shakllantrib, yomon illatlardan xalos bo‘lishga chorlaydi.

 Samarqand viloyat bosh imom xatibi Z.Eshonqulov 


Kiritilgan vaqti: 22/07/2020 17:26;   Ko‘rilganligi: 1182
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/imom-buxoriyning-ilmiy-merosi-qay-darjada-organilmoqda
Chop etilgan vaqti: 28/03/2025 11:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing