O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Imom Buxoriy oilasi haqida qatralar

 
 

Millatimiz faxri Imom Buxoriy  hijriy 194 yil, Shavvol oyining o‘n uchinchi kuni, milodiy 810 yil, 21 iyulda tavallud topgan. Ushbu sana yaqinlashayotgani munosabati bilan buyuk allomaning oilasi haqida qatra ma'lumotlar berib o‘tamiz:

Allomaning to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra ibn Bardizbah Jo‘fiy Buxoriy

Bobolari

Uchinchi bobosi – Bardizbah. Bu Buxorocha ism bo‘lib, o‘sha davrlarda qo‘llangan. Uning ma'nosi “dehqon”, ya'ni qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi degani. Bardizbahning ismini ba'zilar aslida Ahnaf ekanini qayd etishgan. Ahnaf deb odatda eng aqlli, dono kishilarga nisbat berilgan.   

Ikkinchi bobosi – Mug‘iyra. U o‘sha davrlarda Buxoroning hokimi Yamon Jo‘fiyning qo‘lida islom dinini qabul qilib musulmon bo‘lgan. Shu bois Mug‘iyra va uning avlodlariga “Jo‘fiy” nisbasi ham qo‘shib aytiladi.

Birinchi bobosi – Ibrohim. U kishi haqida yozma manbalarda juda kam ma'lumotlar kelgan. Mavjud ma'lumotlarda ham otasi Mug‘iyraning nomiga qo‘shilib Abu Ibrohim Mug‘iyra ibn Bardizbah deb yoki o‘g‘li Ismoilnikiga qo‘shilib Ismoil ibn Ibrohim deb zikr qilingan.

Otasi

Otasi – Ismoil. U Abul Hasan kunyasi bilan ham atalgan. Taqvodor va solih inson bo‘lgan Ismoil o‘z davrining muhaddislaridan edi. Ilm talabida  safar qilgan va ko‘plab ulamolar bilan hamsuhbat bo‘lgan. O‘z zamonida keng tarqalgan hadis jome'larini jamlashga, ayniqsa tarixga katta e'tibor qaratgan. Imom Zahabiy “Siyari a'lamu-n-nubala” asarida “Ismol ibn Ibrohim ilm talabida bo‘lgan”, deb yozishi uning zamonasining olimlari qatorida ilm safarlariga chiqqanini bildiradi.

Buxoriy “Tarixu-l-kabir” kitobida otasi haqida shunday yozgan: “Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra Jo‘fiy Abul Hasan Hammod ibn Zaydni ko‘rgan, ibn Muborakka yaqin bo‘lgan. Molikdan hadis tinglagan”.

Bu ma'lumotga tayanib, tadqiqotchilar tomonidan Ismoilning Hijozga borgani aytiladi. Hijoz – shimoldan janubga qarab Tabuk, Madina, Jidda, Makka va Toif kabi katta shaharlar joylashgan hudud bo‘lgan. Ehtimol bu safar haj maqsadida bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Safari davomida Madina shahriga kelib, mazhabboshi Imom Molikdan hadis eshitgan. Manbalarda uning Iroqqa ham safar qilgani aytiladi. Bunga Ibn Hibbonning “Undan iroqliklar hadis eshitgan”, degan so‘zi dalolat qiladi.

Ismoil o‘z davridagi taniqli insonlardan biri bo‘lgan. Solih ibn Muborak, Abu Muoviyadan hadis rivoyat qilgan. Yahyo ibn Ja'far Poykandiy, Ahmad ibn Hafs va Nasr ibn Husayn kabi iroqlik bir qancha olimlar Ismoil ibn Ibrohimning shogirdi hisoblanadi.

Imom Buxoriy o‘z hayotida kechgan bir voqeani so‘zlab turib shunday degan: “Abu Hafs Ahmad ibn Hafsdan “Jome'”ni (Sufyonning “Jome'” asari) tinglayotgan edim. Abu Hafs bir harfda xato qildi. Men bilgan hadis unday emas edi. Qaytargan edim, yana shunday dedi, ikkinchi marta qaytarganimda, yana shunday xato qildi, uchinchi marta qaytarganimda bir muddat sukut saqlab turdi, keyin “Kim bu?”, deb so‘radi. “Ismoil ibn Ibrohim ibn Bardizbahning o‘g‘li”, deyishdi”. Abu Hafs: “Buning aytgani to‘g‘ri ekan. Eslab qolinglar! Albatta, bu bir kuni buyuk olim bo‘ladi”, dedi”.

Bu rivoyatdan Abu Hafs Kabir Buxoriydek katta olim Buxoriyning otasini tanigani va boshqalar ham uni yaxshi bilganiga dalolat qiladi.

Ismoil tarixga e'tiborli bo‘lgan va tarixiy voqealarni qayd etib borgan. Buni tasdiqlab Imom Buxoriyning kotibi Muhammad ibn Abu Hotim Varroq quyidagicha yozadi: “Abu Amr Mustanir ibn Atiq menga shunday degan edi: “Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoildan: “Qachon tug‘ilgansiz?”, deb so‘radim. U otasi yozib qoldirgan xatni chiqardi. Unda “Muhammad ibn Ismoil juma kuni, juma namozidan keyin Shavvolning o‘n uchinchi kuni, 194 yilda tug‘ildi”, deb yozilgan edi”.

Ismoil taqvodor, parhezkor inson bo‘lgan. Buni Ahmad ibn Hafs shunday xotirlaydi: “Abu Abdullohning otasi Ismoil jon berayotganda oldiga kirdim. U: “Molu davlatim ichiga shubhadan biror dirham yoki dinor aralashganini bilmayman”, dedi. Shunda o‘zimni amallarim ko‘zimga juda arzimas bo‘lib ko‘rinib ketdi”.

Onasi

Imom Buxoriyning onasi ham taqvodor, diyonatli va karomatlarga ega oqila ayol bo‘lgan. U “duosi mustajob ayol” sifatida tarixda qolgan. Farzandlarining solih, imon-e'tiqodli bo‘lib ulg‘ayishiga katta e'tibor qaratgan.

Uning duosi ijobat bo‘lgani haqidagi quyidagi mashhur rivoyat mavjud: “Imom Buxoriyning ko‘zi yoshligida ojiz bo‘lib qoladi. Dardning qarshisida ojiz qolgan tabiblar shifo yo‘lini topolmaydilar. Noiloj qolgan ona kunlarini joynamoz ustida Allohga yolvorib o‘tkaza boshlaydi. Kunlarning birida tushida Ibrohim alayhissalomni ko‘rganda u zoti sharif bu mushfiqa onaga qarab: “Ey volida! Sening duolaringning ko‘pligidan Alloh taolo o‘g‘lingga to‘liq ko‘rish qobiliyatini qaytardi”, deb xitob qiladi. Ayol uyg‘onib qarasa o‘g‘li Muhammadning ko‘z nuri to‘liq qaytib, tuzalib ketganini ko‘radi.

Bu mushfiqa ona jigarbandi Muhammad uchun juda qayg‘urar, ilm olishiga sharoit hozirlar, hamisha nazorat qilar edi.

Buxoriy o‘spirin bo‘lib, 16 yoshga yetganda onasi va akasi bilan haj qilishga otlanadi. Haj amallari tugagach, onasi va akasi ortga qaytadi. Imom Buxoriy esa hadis talabida Makkada qoladi.

Bu ma'lumotlar Buxoriyning onasi haqida shunday xulosalarni beradi. Bu ayol oqila, mo‘mina, soliha bo‘lgan. Uning uchun eng buyuk sharaf Abu Abdulloh Buxoriyning onasi ekanidir. Buxoriyning shunday sharaf va katta ilmga yuzlanishiga onasining buyuk xizmatlari bor. Musulmonlar uning o‘g‘li merosidan ming yillardan buyon foydalar ekan, albatta, Imom Buxoriyga yetadigan savobdan mushtipar onasi uchun ham buyuk ulushlar yetib turishi shubhasiz.

Akasi

Akasi – Ahmad. Ismoilning yana bir Ahmad ismli o‘g‘li bo‘lgan. Imom Buxoriy ilm talabidagi safarida akasi haqida shunday ma'lumot beradi: “Onam va akam Ahmad bilan Makkaga bordik. Haj tugagach, akam onam bilan birga ortga qaytdi. Men hadis talabida u yerda qoldim”. Manbalarda Ahmadning hadis o‘rgangani, shu maqsadda safar qilgani haqida ma'lumot uchramaydi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, Imom Buxoriyning bu darajaga yetishida akasining ham hissasi katta. Chunki Buxoriy ilm talabida yurtlar kezib, bir necha o‘n yil davomida musofirlikda yurgan vaqtda akasi Ahmad onasining xizmatida bo‘lgan. Natijada esa Buxoriy onasidan ko‘ngli xotirjam bo‘lib, shu qadar buyuk merosni to‘plashga erishgan.

Shuning bilan birga Muhammad bilan bitta oilada o‘sgan Ahmadni ilmdan bebahra bo‘lgan deyish ham noto‘g‘ri tushunchadir.

Oilasi va farzandlari

Tadqiqotchilar tomonidan bugunga qadar Imom Buxoriyning farzandi bo‘lmagani haqida ma'lumot ilgari surib kelinadi. Biroq ayrim manbalarda buning teskarisi aytilgan. Jumladan, Imom Zahabiyning “Siyar a'lamu-n-nubala” asarida keltirilishicha, Buxoriyning kotibi va unga eng yaqin inson Muhammad ibn Abu Hotim Varroq hovli sotib olganda, Buxoriy pulni to‘lashga yordam bermoqchi bo‘ladi. Unga: “Mening joriyalarim va xotinim bor, sen esa bo‘ydoqsan. Mol-davlatimiz va boshqa narsalarimiz barobar bo‘lishi uchun molimni sen bilan bo‘lishishim kerak”, deydi. Bundan ma'lum bo‘lmoqdaki Imom Buxoriy oilali inson bo‘lgan. 

Shuningdek, manbalarda Buxoriyning farzandlari bo‘lgani haqida ham ma'lumotlar bor. Tojiddin Subukiyning “Tabaqotu-s-Subukiy”, Imom Zahabiyning “Siyar a'lamu-n-nubalo” va Ibn Hajarning “Hadyu-s-Soriy” asarlarida Imom Buxoriyning Ahmad ismli o‘g‘li bo‘lgani va u Abu Hafs kunyasi bilan chaqirilgani qayd qilingan.  Bu asarlarda u otasi Imom Buxoriyga yuk jo‘natgani qissasi keltiriladi.

Ujuliy o‘zining “Izoatu-l-badrayn” asarida Imom Buxoriyning uylanganligi va farzandlari bo‘lgani, Imom Abu Abdulloh Hokimning  “Ma'rifatu ulumi-l-hadis”  asarida esa uning qiz farzandi borligi ta'kidlangan.

Ushbu ma'lumotga tayanadigan bo‘lsak, Buxoriyning xotini, joriyasi va farzandlari bo‘lgan, degan xulosaga kelamiz.    

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. O.Yusupov va boshqalar. Imom Buxoriy ta'rifi. – T.: G‘ofur G‘ulom, 2019.
  2. B.Amonov, N.Qobilov. Imom Buxoriy izidan. – T.: Mumtoz so‘z, 2019.
  3. Nabil Abdulqosim. Alfu ma'lumatin an Imami-l-Buxariy (Imom Buxoriy haqida mingta ma'lumot). – Misr, Qohira: Maktabatul mashariq.
  4. naqshband.uz sayti

Usmonxon Muhammadiyev

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi katta ilmiy xodimi


Kiritilgan vaqti: 25/06/2020 09:52;   Ko‘rilganligi: 9429
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/imom-buxoriy-oilasi-haqida-qatralar
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 15:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing