O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Imom Buxoriy majmuasi ma'naviyat va ilm maskani bo‘ladi

 
 

Davlatimiz rahbari 23-24 avgust kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida har galgidek Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, muhaddislar sultonining qabrini ziyorat qildi.

Ayni paytda bu qutlug‘ ziyoratgoh Prezidentimiz tashabbusi bilan buyuk muhaddis bobomizning musulmon olamidagi yuksak hurmatiga munosib tarzda qayta qurilmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu jarayonlar bilan tanishib, “Bu loyihani ko‘p muhokama qildik, qayta-qayta kelib ko‘rdik. Endi qurilishda ham shoshmaslik kerak. Ham ziyorat, ham ibodat nuqtai nazaridan bu yerda hamma sharoit bo‘lishi zarur”, dedi Shavkat Mirziyoev.

Davlatimiz rahbari majmua yonida Imom Buxoriy hayotini ko‘rsatuvchi elektron muzey tashkil etish taklifini bildirdi. Unda buyuk muhaddisning hayoti, ilm yo‘li, o‘sha davr tarixi axborot texnologiyalari orqali ko‘rsatiladi. Bu muzey xalqimizga yana bir ma'naviy xazina bo‘ladi. Prezidentimiz ushbu joy faqat bino va inshootlardan iborat maskan bo‘lib qolmasdan, insonlarning qalbini zabt etadigan, ayniqsa yoshlarni hayotda adashmasdan, to‘g‘ri yo‘lni topishlarida xizmat qiluvchi ilmiy dargoh, ilm o‘chog‘i bo‘lishi lozimligini ta'kidladi. Chunki bu joyda go‘zal inshootlardan tashqari, ma'naviyat, ilmu irfon tarannum etib turiladi. Uning har bir go‘shasida o‘ziga xos ma'no bo‘ladi.

Imom Buxoriy hazratlarining ravzalariga boraverishda 74 ta ustun orasida muhaddis bobomizning “Sahihi Buxoriy”, “Adabul mufrad” asarlarida keltirilgan dinu diyonat, odob-axloq, ma'naviyat, odamiylikka doir hadislar o‘zbek, arab va ingliz tillarida yozib qo‘yiladi. Ziyoratchilar ushbu bitiklarni o‘qib ma'naviy ozuqa oladilar, hayot mazmuni va mohiyatini anglaydilar.

Majmua yonidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchilari, oliy hadis maktabi tinglovchilari o‘zlarining amaliy mashg‘ulotlarini ushbu qutlug‘ maskanda olib borishlari rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari majmua kelgusida qorilar tomonidan kechayu kunduz, uzluksiz ravishda Qur'oni karim oyatlari tilovat qilib turilishi, Imom Buxoriy hazratlarining asrlaridan joy olgan 7000 dan ziyod sahih hadislar bu joyda mutolaa va tarjima qilinishi, bu jarayonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatib turadigan media studiya tashkil etilishini ta'kidladi. Rejalar ulkan, xudo xohlasa ular amalga oshadi. Bu ezgu niyatlar, ulug‘vor ishlar Imom Buxoriy hazratlarining bundan o‘n ikki asr muqaddam dinimiz va ilm-ma'rifat rivojiga qo‘shgan beqiyos xizmati uchun buyuk olimga chuqur hurmat-e'tibor ramzidir.

Zayniddin Eshonqulov,

O‘zbekiston musulmonlar idorasi vakili,

Samarqand viloyat bosh imom-xatibi

O‘zA


Kiritilgan vaqti: 25/08/2022 20:51;   Ko‘rilganligi: 278
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/imom-buxoriy-majmuasi-manaviyat-va-ilm-maskani-boladi
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 09:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing