Ilmning ofatlari
Har bir narsada bo‘lgani kabi ilmning ham ofatlari bor. Tabiiy ofatlar zamin yuzini abgor qilganidek, ilmning ofatlari ham qalbdagi ma'rifat diyorini vayron qilib yuboradi. Quyida ushbu ofatlardan eng asosiylarini sanab o‘tamiz:
- Xo‘jako‘rsin, riyokorlik. Bunda kishi ilmni Alloh roziligi, xalq xizmati va yurt ravnaqini maqsad qilish o‘rniga insonlar ko‘rib maqtashi, obro‘-e'tibor topish uchun o‘rganadi. Bunday niyatda bo‘lgan kishi ilmdan manfaat topaolmaydi.
- Behuda va gunoh ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish.Ushbu ishlarda bardavom bo‘lgan kishini ilm tark etadi, zehni o‘tmaslashib, bilganlarini unuta boshlaydi. Solih bir kishi ukasiga shunday xat yozdi: “Jigarim, senga ilm berildi. Endi uning nurini gunoh zulmatlari bilan o‘chirib qo‘ymagin. Kishilar ilm nuri bilan jannatga oshiqayotgan vaqtda, sen zulmatda qolib ketmagin”. Aka bu nasihati bilan ukasini ilm ofatlaridan biri haqida ogohlantirmoqda.
- Manmanlik va o‘ziga bino qo‘yish. Bu ham og‘ir illat bo‘lib, unga mubtalo bo‘lgan kishining ko‘ziga olgan ilmi ko‘p bo‘lib ko‘rinadi va o‘zini boshqalardan ustun ko‘ra boshlaydi. Hadislarda bu illat to‘g‘risida shunday ogohlantirish kelgan: “Qalbida misqol zarrasicha kibr bo‘lgan kishi jannatga kirmaydi”. Hikmatlarda esa “Kim o‘z fikrini eng to‘g‘ri desa adashadi, kim aqlim hamma narsaga yetadi desa toyiladi, kim kibr qilib, hammadan ustunman desa xato qiladi, kim pastkashlarga aralashsa xor bo‘ladi, kim ulamolar bilan hamsuhbat bo‘lsa ulug‘lanadi”, deyilgan.
- Hasad. Ushbu illat manfaatli ilmga borish yo‘lini to‘sib qo‘yadi. Hasad deganda yonimizdagi kishiga berilgan narsani undan ketib, bizda bo‘lib qolishini istashimizdir. Buni ichi qoralik, deb atash ham mumkin. Odamlarning bir-birini ko‘ra olmasligi,o‘zganing erishgan muvaffaqiyatidan g‘azablanishi mana shu “hasad” nomli illat sababidandir. Buxoriy bobomiz rivoyat qilgan hadislarning birida: “Bir-biringizni yomon ko‘rmang, bir biringizga hasad qilmang, bir biringiz bilan dushman bo‘lmang, ey Allohning bandalari, birodar bo‘ling”, deyiladi. Bundan esa hasad va shunga o‘xshash salbiy sifatlardan batamom yiroqda bo‘lishimiz lozimligini tushunib olamiz.
- Ilmga amal qilmaslik. Kishi olgan ilmidan avvalo o‘zi foydalanishi va unga amal qilishi lozim. Ilmi tolibning olgan ilmiga amal qilmasligi uning unutilishiga sababdir. Hadisda “Insonlarga yaxshilik o‘rgatib, o‘zini unutgan olim insonlarga nur taratib, o‘zini yoqqan chiroqqa o‘xshaydi”, deyilgan.
- Behuda bahs-munozara.Buni bo‘lar-bo‘lmasga talashib-tortishish deb atashishimiz ham mumkin. Bu illatning sog‘lom munozaradan farqi shundagi, bahslashayotganlar haqiqatni ro‘yobga chiqarishni emas, balki o‘zlarining fikrlarini o‘tkazish, narigi taraf ustidan g‘olib bo‘lishni maqsad qilgan bo‘ladilar. Imom Karxiy: “Agar Alloh bandaga yaxshiliklarni xohlasa unga manfaatli ishlarni qilish eshigini ochadi va tortishuv eshigini yopadi” degan so‘zlaridan xulosa qilib, vaqtimizdan unumli foydalanishga jiddiy e'tibor qaratishimiz kerak.
- Bilgan ilmini boshqalardan yashirish. Ilm egalladikmi, endi u bilan boshqalarga manfaat yetkazishimiz kerak. Kimki ilmidan boshqalarga foyda yetishini istamasa, bundan birinchi galda o‘zi zarar ko‘radi. Negaki, foydalanilmagan bilim asta-sekin zehndan o‘chadi va unut bo‘lib ketadi. Bir hakim zot: “Ilmning ofati uni yig‘ib olgandan keyin, u haqda so‘zlamasliging va uni tarqatmasligingdir”, deb aytgan ekan. Shuni yoddan chiqarmaylikki, qanchalik miqdorda bilimga ega bo‘lmaylik, uni munosib o‘rinlarga sarflashga mas'ulmiz.
- Dunyo ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib qolish. Ilm olish mobaynida va tahsildan keyin kishining dunyo ishlariga berilib ketishi, ilmini davom ettirmasdan tashlab qo‘yishi, asosiy vaqtini dunyoviy ishlar uchun sarflashi bilimning navbatdagi ofatidir. Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: “Albatta, Alloh taolo aytadi: “Ey odam bolasi, o‘zingni ibodatimga bag‘ishla, shunda qalbingni behojatlik bilan to‘ldiraman va faqirligingni ketkazaman. Agar bunday qilmasang, ikki qo‘lingni mashg‘ul qilib qo‘yaman va faqirligingni ketkazmayman”. Ilm olish eng ulug‘ ibodatlardan biridir. Shunday ekan, biz uning tahsili bilan shug‘ullansak, dunyoviy ishlarimiz ham o‘z o‘zidan izga tushib ketadi.
- Unutish. Ilmning eng katta ofatlaridan biri uni unutishdir. Hadisi sharifda:“Har bir narsa uchun ofat bor, ilmning ofati uni unutishdir”, deyilgan. Unutishning muolajasi esa takrorlash, odamlarga ta'lim berib borish, gunohlardan yiroqda bo‘lish ishlar bilan amalga oshadi.
Alloh taolo barchamizni manfatli ilmlarga yetkazsin.
U.Muhammadiyev:
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi xodimi
Kiritilgan vaqti: 11/07/2020 11:16; Ko‘rilganligi: 2453
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ilmning-ofatlari
Chop etilgan vaqti: 20/04/2025 09:21
Chop etilgan vaqti: 20/04/2025 09:21