O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ilm olayotgan kishi...

 
 

Ilm olayotgan kishining holini mashaqqatli saboqlar yo‘lini bosib o‘tgan kishi yaxshi tushunadi. Ilmda fazilat ko‘pdir. Bilganlar bilmaganlar bilan hech qachon teng bo‘lmaydi. Ularning gap-so‘zida, fikr mulohazasida farqlar yaqqol seziladi. Odamlar omi odamdan emas, olimdan savol so‘rashadi. Olim bilgan narsasini bilmadim desa, yolg‘on gapi uchun gunohga botadi. Bilmagan narsasini “bilmayman” deya tan olishligi esa komillik alomatidir. Chiranish, mahmadonalik qilish olimning martabasiga putur yetkazadi. Shunday ekan har bir ilm oluvchi kishi, olayotgan ilmining niyatini to‘g‘ri qilmog‘i lozimdir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim ilmni to‘rt narsa- ilmi bilan olimlar orasida faxrlanish uchun, ahmoqlar bilan tortishish uchun, odamlarning e'tiborini qozonish uchun va amirlardan mol, obro‘, hurmat olish uchun o‘rgansa, do‘zaxga kiradi” deganlar.

Buyuk olimlar har doim takabburlikdan uzoq bo‘lishgan, kamtarlikka intilishgan. Biror masala so‘rab kelganlarga bilsa, javob bergan, bilmasa, uzrini aytgan. Donishmandlardan biri ilmlarni o‘rgangani sari o‘zining hech narsa bilmasligini anglab borayotganini e'tirof etgani aytiladi. Ilm beruvchi ustoz kimga ilm berayotganini, imkoniyatini anglagani ma'qul. Bo‘masa sho‘r tuproqqa urug‘ sochgandek, mehnatlari natijasiz qolishlari mumkin. “Palag‘da tuxum jo‘ja ochmaydi”, degan hayotiy bir hikmat ham bor.

Talabaning qobiliyati, ixlos-intilishi qaysidir ilm sohasiga moyil, ko‘nglida shu ilmga muhabbat bor. Bu qobiliyatni ustoz anglashi va uni ko‘ngli tortmaydigan boshqa tarafga yo‘naltirib, sarson qilmasligi kerak. Ehtimol, shogirdda ilmga umuman iste'dod yo‘qdir. Hayotini ilmga baxshida etish niyatini qilmagandir. U iste'dodli hunarmand yoki chavandoz bo‘lar va hokazo. Bu toifa kimsalardan olim yasashga urinishda aslo xosiyat yo‘q. Chunki olim uchun tafakkur, tadabbur, sabr- qanoat, fahm-farosat va boshqa bir dunyo fazilatlar muhim sanaladi. Bir joyda uzoq muddat muqim o‘tirish, toshga naqsh o‘yish, igna bilan quduq qazish uchun, albatta, iste'dod, qobiliyat, mehr-muhabbat, sabr-toqat kerak bo‘ladi.

Olim ilmi ortidan non topadi, mol-mulk dunyo ziynati  ekanini yaxshi biladi. Shu jihatdan johildan farq qiladi. Johil shubhali narsaning ham, haromning ham farqiga bormaydi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan: “Odamlarning qaysisi yomon?” deb so‘rashdi. U zot (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Buzilgan olim”. Bu holatda ofat bor. Chunki olim buzilsa buning oqibatida olam buziladi.

Darhaqiqat, olim o‘z ilmiga amal qilishi, go‘zal insoniy fazilatlari, yuksak ma'naviy dunyosi bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi kerak. Shunda jamiyat farovon bo‘ladi, insonlar ikki dunyo saodatiga erishadilar.

M.Xidoyatov Bulung‘ur tumani Niyozmat jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 15/11/2023 14:11;   Ko‘rilganligi: 177
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ilm-olayotgan-kishi
Chop etilgan vaqti: 03/05/2024 10:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing