ILM, FAN VA MADANIYAT – O‘ZBEKISTON ALLOMALARI TALQINIDA

O‘zbekiston zaminidan chiqqan allomalar nafaqat dunyoviy fanlar sohasida, balki e'tiqod va diniy ilmlar sohasida ham ming yillar mobaynida dunyo musulmonlariga ustozlik qilishgan. Bu haqda buyuk islomshunoslar “Islom dini Arabistonda shakllangan bo‘lsa, Movarounnahrda kamolga yetgan” degan fikrni aytishadi. Haqiqatdan ham hadis ilmida peshqadam bo‘lgan allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, kalom ilmida Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy va Ibrohim Saffor Buxoriy, tafsir va Qur'on ilmlarida Mahmud Zamaxshariy, Abul Barakot Nasafiy, Abu Lays Samarqandiy kabi yetuk allomalar islom dini taraqqiyotida, bu dindagi bag‘rikenglik, insonparvarlik, ilmparvarlik g‘oyalarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shib, islom dinining ma'rifiy yo‘nalishi ravnaqida salmoqli o‘rin egallashgan.
Shu o‘rinda muhtaram prezidentimizning “Dunyoda dinlararo ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etish har qachongidan ham muhim.
Islom madaniyati va ma'rifatini dunyoga tarannum etish orqali radikalizm va islomofobiyaga qarshi samarali kurashish mumkin. Bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilgan noyob loyihalar – Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband tadqiqot markazlari salohiyatidan birgalikda foydalanishga chaqiramiz”, degan fikrlarini qalban his etish barchamiz uchun o‘ta muhim deb o‘ylayman.
Davlatimiz rahbarining tashabbuslari va ko‘rsatmalari bilan tashkil etilgan ushbu ilmiy-tadqiqot markazlari bir tomondan islomshunoslik yo‘nalishidagi tadqiqotlarning yurtimizda yanada taraqqiy etishiga sabab bo‘lsa, ikkinchi tomondan, mazkur markazlarda xalqaro aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi, olimlarimizning jahondagi boshqa ilmiy-tadqiqot markazlarining olimlari va tadqiqotlari bilan o‘zaro hamkorligining rivojlanishiga, islomshunoslik sohasida xalqaro konferensiya, simpozium va seminarlar tashkil etilishiga, yurtimiz olimlarining xorijiy islomshunoslar tadqiqotlaridan xabardor bo‘lishiga, shuningdek, bizning islomshunoslarimiz izlanishlarining jahonga chiqishiga yo‘l ochmoqda.
Ma'lumki, bugungi geosiyosiy jarayonlar faollashgan, jahon miqyosida milliy manfaatlar uchun kurash keskinlashgan davrda, ayrim nosog‘lom kuchlar islom dinidan o‘zlarining tor geopolitik maqsadlarini qondirish yo‘lida foydalanishga urinishmoqda. Bu borada ular ko‘pchilikning islom dini va uning asl mohiyatidan xabardor bo‘lmaganidan foydalanib, bunday kishilarga islomni tajovvuzkor, shafqatsiz va qo‘rqinchli qilib ko‘rsatishga intilmoqda. Shunday ishlardan biri shubhasiz islomofobiyadir. Bu yovuz maqsadini amalga oshirish uchun islom dini haqidagi bilimi sayoz, soddadil, ishonuvchan musulmon yoshlardan ham ustalik bilan foydalanishmoqda. Tajovuzkor oqimlarning halokatli yo‘li asl islom dini tabiatiga xos emas. Aksincha, u tinchlik, ilm-ma'rifat va madaniyatga intilish, ma'rifat ulashish, tinchlikni asrash va boshqa din vakillariga bag‘rikeng bo‘lishni targ‘ib qiladigan din ekanini o‘zbek zaminidan chiqqan alloma bobolarimiz o‘z asarlarida asoslab berishgan. Buyuk bobolarimiz jangari oqimlarning yo‘li islomga zid ekanligidan xalqni o‘z vaqtida ogohlantirgan.
Barcha diniy ta'limotlar insonlarni tinch-totuv yashashga undaydi, zo‘ravonlikni rad etadi va o‘zaro hurmatni targ‘ib qiladi. Zamonaviy dunyoda islom bag‘rikenglikni inson huquqlari, dinlararo muloqot va tinch-totuv yashash tamoyillari orqali ilgari surmoqda. Bugungi kunda ko‘plab islom davlatlari va tashkilotlari turli din va millat vakillari o‘rtasida muloqotni rivojlantirish, adolat va inson huquqlarini ta'minlash yo‘lida harakat qilmoqda. Shu bois islomning bag‘rikenglik haqidagi ta'limotlari butun dunyo uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Islom dini hech kimni o‘z e'tiqodiga majburlamaydi va boshqa din vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni buyuradi. Islom dini faqatgina o‘z izdoshlarini emas, balki butun insoniyatni tinchlikka chorlaydi. Hadislarda ham tinchlik va bag‘rikenglik haqida ko‘plab hikmatli so‘zlar keltirilgan. Islom shuningdek, axloqiy bag‘rikenglik tamoyillarini ham ilgari suradi. Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam hech kimni irqiga, millatiga yoki jamiyatdagi mavqeiga qarab kamsitmaganlar. Imom Buxoriy bobomiz rivoyat qilgan bir hadisda shunday deyiladi: “Sizlarning orangizda eng yaxshilaringiz – odob-axloq bobida eng yaxshi bo‘lganlaringizdir”. Shuningdek, Vido xutbasida: “Arabning ajamdan, ajamning arabdan, oqning qora tanlidan, qora tanlining oqdan hech qanday ustunligi yo‘q, ustunlik faqat taqvodadir”, deb ta'lim bergan.
Islom ta'limotini o‘rgangan allomalar hayoti va ilmiy ijodini o‘rganar ekanmiz, birorta allomaning odam o‘ldirish u yoqda tursin, hatto biror jonzotga ozor bergani yoki birovning dilini og‘ritaganini uchratmaysiz. Allomalar o‘z faoliyatlari davomida ilm-ma'rifat olish bilan shogirdlari va barcha insonlarni yaxshilik qilishga va insoniyatni qadrlashga targ‘ib qilishgan.
Ilm-fan, madaniyat musulmonlar orqali butun dunyoga tarqaldi. Musulmonlar diniy ilmlar bilan bir qatorda tabiiy fanlarda ham yetuk bo‘lganligi tarixdan ma'lum. Buni hozirda ilm-fan rivojlangan G‘arb davlatlari olimlari ham tan olishmoqda.
Fransiyalik olim Jolivet Kostelot o‘zining “Tarix qonuni” kitobida bunday yozadi: “Payg‘ambar vafotidan keyin arablar katta taraqqiyotga erishdilar. Islom yoyilishi zamon talabi edi. Shu bois musulmonlar taraqqiyoti juda tezlab ketdi. Natijada aqlni lol qoldiruvchi islom madaniyati yuzaga keldi. Fathlar bilan birga islom madaniyati hamma joyga yoyildi. Islom madaniyatining asari san'at, adabiyot, she'r va ilmlarda aks etdi. Shu bilan falsafa, falakiyot ilmi, kimyo, tibbiyot va ruhiy ilmlar mash'ali bir qancha asr musulmonlar qo‘lida qoldi. Ular ixtirochilarga aylandilar”.
Tarixchilarning yozishlaricha birinchi ilm dargohi ham ko‘pchilik o‘ylaganidek Yevropada emas, balki III xijriy asrda Marokashda tashkil topgan. U madrasa “Jome'atul Qaravin” nomi bilan butun dunyoga mashhur bo‘lgan. Ilm dargohida musulmonlar bilan bir qatorda G‘arb mamlakatlaridan ham talabalar kelib dunyoviy bilimlardan ta'lim olishgan.
Musulmon olimlarining insoniyat ilm-fan va madaniyatiga qo‘shgan hissalari beqiyosdir. Islom ummatidan yetishib chiqib, nafaqat diniy ilmda balki tabiiy fanlarda ham shuhrat qozongan olimlarning hayot faoliyatlariga, qoldirgan benazir ilmiy va madaniy meroslariga nazar solib, o‘rgangan kishi buni yaqqol sezmay iloji yo‘q.
Fatvo, fiqh va hadis ilmlarida eng yetuk ulamolar ajam bo‘lganliklari tarixda ma'lum va mashhur. Arablar islomdan keyin asrlar osha shariat ilmlarini chuqur egallagan, zabardast olimlarga tan berishib, ularni imomlarimiz va rahnamolarimiz, deb e'tirof etganlar. Zabardast islom ulamolarining ko‘pchiligi asli arab bo‘lmasalarda, arablar ularga o‘z millatlariga bermagan ilmiy unvonlarni berdilar.
Muhammad ibn Ismoil Buxoriyga “Hadis ilmida mo‘minlar amiri, dunyo imomi” degan unvon berdilar. U kishi to‘plagan hadislar majmuasi “al-Jome' as-Sahih” kitobini esa Qur'ondan keyingi eng ishonchli kitob, deb tan oldilar. Shuningdek, Abu Mansur Moturidiy Samarqandiyni “Musulmonlar aqidasini tuzatuvchi va hidoyat imomi”, imom Termiziyni “Shayxul islom va muhaddislar imomi”, Mahmud az-Zamaxshariyni “Ustoz ul-arab val-ajam” (Arablar va ajamlar ustozi), “Faxru Xorazm” (Xorazm faxri) va Burhoniddin Marg‘inoniyni “Shayxul islom va imomul hudo” kabi sharafli nomlar bilan ataganlar.
Diniy ilmlarda peshqadam ulamolar bilan bir qatorda dunyoviy ilm-fanda ham peshqadamlikni qo‘ldan bermagan musulmon ulamolarning ismlari hozirgacha ham chuqur hurmat va ehtirom bilan eslanishining o‘zi ham islom dinining haqiqiy ilm-ma'rifat dini ekanligiga yaqqol dalildir.
O‘zbekiston zamimnida tug‘ilgan Muhammad ibn Muso Xorazmiy o‘nlik sanoqni kashf qildi. XII asrgacha Yevropaliklar nol raqamini bilishmagan edi. Xorazmiy bobomizning asarlari tufayli butun dunyo hammaga tanish bo‘lgan “algoritm” va “algebra” atamalaridan keng foydalanishadi.
Tibbiyot sohasining rivojlanishida ham musulmon ulamolarining o‘rni beqiyosdir. Shu o‘rinda barcha bir ovozdan buyuk vatandoshimiz Abu Ali ibn Sinoning nomini hurmat bilan tilga olishadi. Abu Ali ibn Sino olimlar tomonidan “Shayxur rais” (Olimlar yo‘lboshchisi), g‘arbda – “Faylasuflar sultoni”, “Shifokorlar podshohi” nomi bilan shuhrat qozongan. Ibn Sinoning ijodi necha asrlar mobaynida Sharq va Yevropa fani hamda madaniyatiga salmoqli ta'sir ko‘rsatgan. Ibn Sino qalamiga mansub “Tib qonunlari” asari jahonda sog‘liqni saqlash tizimi taraqqiyotiga, jumladan hozirgi zamon meditsinasining shakllanishiga . bebaho hissa qo‘shib kelyapti.
Yana shunday musulmon olimlardan biri ajdodimiz Ahmad Al-Farg‘oniydir. U kishi buyuk astronom, matematik va geograf bo‘lgan. O‘rta asr Yevropa ilmiy adabiyotida uni “Alfraganus” deb ataganlar.
Misr poytaxti Qohira markazida bundan bir necha asrlar muqaddam Farg‘oniy bobomiz tomonidan qurilgan nilomer “Miqyosun Nil” hozirgacha insonlarga xizmat qilmoqda.
Abu Rayhon Beruniy bobomiz esa, o‘z vaqtida Kolumb yoki Amerigo Vespuchchidan ancha ilgari quruqlikning g‘arb tomonida yana bir qit'a bo‘lishi mumkinligini bashorat qilgan.
Bizning kompyuterlar asrimizda Quyosh yili 365 kun, 6 soat, 9 minut va 6 sekund davom etadi deb hisoblashdi. Bundan 600 yil ilgari vatandoshimiz Mirzo Ulug‘bek bu o‘lchovda 1 minut 2 sekundga yanglishgan xolos.
Bunday tarixiy misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Islom dunyosining bashariyat ilm-fan va madaniyatiga o‘tkazgan ta'siri to‘g‘risida har qancha yoziladigan bo‘lsa shuncha oz. Shu sababli bugun O‘zbekistonda ajdodlarimizning boy ilmiy va ma'naviy merosini tadqiq etish va keng targ‘ib etish orqali radikalizm, ekstremizm va islomofobiyaga qarshi samarali kurashish maqsadida katta ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband nomlaridagi tadqiqot markazlari yoshlarimizni turli buzg‘unchi yo‘llarga kirib ketmasligi va ma'naviy, ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida ilmiy tadqiqot va ta'lim dasturlarini olib bormoqda.
Islom – insonparvarlik va bag‘rikenglik dini, u yaxshilik va olijanoblikka, bilim va ma'rifatga chorlaydi. Islom madaniyati va ma'rifati islomofobiyaga qarshi kurashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan muhim ma'naviy va ijtimoiy omil hisoblanadi. Zero, bu muammo asosan noto‘g‘ri tushuncha, bilimsizlik va dinni g‘arazli talqin qilish natijasida kelib chiqadi. Islomofobiya musulmonlarga nisbatan asossiz qo‘rquv va nafrat tuyg‘ularini shakllantiradi. Shu nuqtai nazardan, islomning asl insonparvar mohiyatini ochib berish va uning ma'rifiy salohiyatini keng targ‘ib qilish bu muammolarga qarshi samarali yechim bo‘la oladi.
Shu bilan birga, musulmon allomalarining tibbiyot, matematika, astronomiya, falsafa va boshqa sohalardagi kashfiyotlari jahon ilm-fani rivojida muhim o‘rin tutgan. Bu tarixiy haqiqatlarni keng yoritish islomofobik qarashlarga qarshi kuchli dalil bo‘la oladi. Chunki islom faqat diniy emas, balki yuksak madaniy va ilmiy merosga ega sivilizatsiya sifatida e'tirof etiladi.
Xulosa qilib aytganda, islom madaniyati va ma'rifati islomofobiyaga qarshi islomning boy ilmiy va madaniy merosini keng targ‘ib qilish orqali samarali ta'sir ko‘rsatadi. Ma'rifatli jamiyatda esa zo‘ravonlik va nafrat emas, balki o‘zaro hurmat, muloqot va hamjihatlik ustuvor bo‘ladi.
Evadullayev Toxir Shukurovich,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
O‘XIA mustaqil tadqiqotchisi
Kiritilgan vaqti: 13/03/2026 14:42; Ko‘rilganligi: 76
Chop etilgan vaqti: 24/03/2026 21:23





















