O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ijtimoiy illatlardan saqlanish–yoshlarning burchidir

 
 

Milliy kadriyatlarimiz yoshlarni barcha yomonliklardan saqlanadigan, yaxshi amallarni qilishga rag‘bat qiladigan, vijdonli, o‘ta sezgir, irodasi mahkam, aqli sog‘lom, xulqi chiroyli, jismi baquvvat, jamiyatga naf keltiruvchi, oilasi, mahallasi, Vatanini himoya qiluvchi, yurtni obod qiluvchi bunyodkor, o‘ziga yuklatilgan ma'suliyatni mukammal ado etuvchi shaxs bo‘lib kamol topishga da'vat etadi.

Islom ta'limoti inson hayoti uchun foyda keltirmaydigan, aql-hushini karaxt qiladigan har qanday kayf beruvchi moddani zararli deb biladi va uni iste'mol qilishdan qaytaradi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu haqda marhamat qilib aytganlar: “Payg‘ambar (s.a.v.) har qanday mast qiluvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste'mol qilishdan qaytardilar”.

Inson hayoti ayniqsa, yoshlarimizning kelajagiga rahna solishi mumkin bo‘lgan giyohvandlik va ichkilikbozlikka qarshi kurashish Vatanimizning har bir ongli fuqarosining, qolaversa har birimizning muhim vazifalarimizdan biri bo‘lib hisoblanishi lozim. Zero, jamiyat hayotida mavjud bo‘lgan zararli illatni yo‘q qilish va uni oldini olish har bir fuqaroning sharafli burchidir.

Xatarli ijtimoiy illatlardan yana biri bu o‘z joniga qasd qilishlik. 

Islomda o‘zini o‘ldirish qat'iyan man etilgan: “Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni  o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno. Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shavqatlidir” (“Niso” surasi, 29-oyat). Ulamolar  “o‘zlaringizni o‘ldirmangiz” jumlasini musulmonlar uchun bir-birlarini, shuningdek o‘z-o‘zini o‘ldirishni ta'qiq sifatida tafsir qiladilar.

Ko‘plab hadislarda ham inson o‘zini-o‘zi o‘ldirishi man etilgani ta'kidlanadi, masalan: “Sobit ibn az-Zahhok rivoyat qiladilar: “Rasululloh (s.a.v.) bunday dedilar: “... Kimki biror qurol bilan o‘zini o‘ldirsa, jahannamda o‘sha qurol bilan unga azob beriladi. Mo‘minni la'natlash uni o‘ldirish bilan barobardir. 

Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kim tog‘dan o‘zini tashlab o‘lsa, bas u jahannam olovidadir. Unda abadul-abad o‘zini tashlaydi. Kim zahar ichib o‘zini o‘ldirsa, bas, zahari qo‘lida bo‘lib, abadul-abad jahannam olovida uni ichadi. Kim o‘zini o‘tkir narsa bilan o‘ldirsa, jahannamda abadul-abad o‘sha o‘tkir narsasi qo‘lida bo‘lib, u bilan o‘z qornini teshadi” (Imom Buxoriy, Muslim va Termiziy, rivoyati).

Vatan, oila, din, halol mehnat bilan topilgan mol-mulk hamda obro‘-sharaf inson uchun eng qadrli narsalar hisoblanadi. Shuning uchun ham ularni himoya qilish muqaddas burchdir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarining birida mazkur narsalarni dushmandan himoya qilish chog‘ida halok bo‘lganlar shahodat martabasini topishlarini aytganlar. Vatan mudofaasidan o‘zini olib qochib, uni dushmanlar bosib olishiga rozi bo‘lib qarab turish esa, gunohi kabiralardan ekanini ta'kidlaganlar.

Yosh avlod ma'naviy olamining daxlsizligini  asrash yo‘llari:

- mustaqil fikrga ega, sog‘lom negizda shakllangan dunyoqarash va mustahkam irodaga ega shaxslarni tarbiyalash;

- yoshlar qalbi va ongida sog‘lom hayot tarzi, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘usini bolalikdan shakllantirish;

- mafkuraviy tahdidlarga qarshi doimo sergak, ogoh va hushyor bo‘lib yashash;

- sharqona axloq me'yorlariga rioya qilish;

- tahdidlarga qarshi har tomonlama chuqur o‘ylangan, puxta ilmiy asosda tashkil etilgan, muntazam va uzluksiz ravishda olib boriladigan ma'naviy tarbiya bilan javob berish.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, hozirgi globallashuv sharoitida yoshlarni turli ma'naviy va mafkuraviy tahdidlardan, zararli illarlardan himoyalash, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Buning uchun esa, yoshlarni mafkuraviy jihatdan qurollantirib borish, tahdidlar va tazyiqlar xususida ular xavf tug‘dirmasidan avval ma'lumotga ega bo‘lib borishlariga sharoit yaratish hamda doimo ogohlik, daxldorlik tuyg‘ularini qalblarimizda mujassam etib borishimiz lozim.

Jahongirxon Abrorov manbalar asosida


Kiritilgan vaqti: 21/01/2022 07:45;   Ko‘rilganligi: 459
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ijtimoiy-illatlardan-saqlanishyoshlarning-burchidir
Chop etilgan vaqti: 12/05/2024 21:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing