O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

IFTORLIK — SAVOBI ULUG‘ AMAL, AMMO DABDABABOZLIK EMAS

 
 

Muborak Ramazon oyi o‘zining shukuh va fayzi bilan davom etmoqda. Imon-e'tiqodli har bir yurtdoshimiz tilu dilida shukronalik bilan ushbu tabarruk oyning savobi samarasidan bahramand bo‘lishga bel bog‘lagan.

Ramazon oyini Alloh ummati muhammadiya uchun alohida barakotli, fazilatli qilib qo‘ygan. Ramazonning xususiyati, fazilati, barakasi juda ham ko‘p va beqiyos. Avvalo, Ramazon Qur'on oyi deyiladi. Chunki Qur'oni karim shu oyda nozil bo‘lgan. Xatmi Qur'on va tarovehlar ado etiladigan, jinu shaytonlarning eng yomonlari zanjirband qilinadigan, rahmat, mag‘firat, duolar qabul bo‘ladigan, xayr-saxovat amallari bajariladigan va ko‘plab fazilatlar oyi ekanligi oyati karima hamda hadisi shariflarda bayon qilingan.

Mana shu ulug‘ ayyom kunlari o‘zini musulmonman degan kishi borki, insonparvarlik, do‘stlik, hamjihatlik kabi olijanob tuyg‘ularga asoslangan islom dini mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, qo‘ni-qo‘shni, mahalladoshlari holidan xabar olishga, ehtiyojmandlarga muruvvat qo‘lini cho‘zishga, bir-biriga o‘zaro mehr-oqibat ko‘rsatishga oshiqmoqda.

Bu oy ro‘za tutish bilan bir qatorda, bag‘rikenglik, birdamlik, tinchlik-osoyishtalikka sabab bo‘luvchi mehr-muruvvat oyi hamdir. Imom Termiziy rivoyatida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarni bu oyda mehr-muruvvat ko‘rsatishga chorlab: “Ehsonlarning afzali Ramazon oyida qilinganidir”, deya marhamat etganlari keltirilgan.

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jumladan bunday dedilar: “Bu oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki u oyda birorta ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Shuningdek, unga ham ro‘zadorning savobidan hech qancha kam bo‘lmagan savob beriladi”. Shunda biz: “Ey, Rasululloh! Biz hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib bera olmaymizku”, dedik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki bo‘lmasa bir ho‘plam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kimki ro‘zadorning qornini to‘yg‘azsa, Alloh qiyomatda unga havzi kavsaridan bir qultum suv ichiradi, natijada u to jannatga kirgunicha chanqamaydi. Ramazon — avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozod bo‘lish oyidir”, dedilar”.

Demak, kimki birorta ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechirilar ekan va o‘ziga ham ro‘zadorniki bi­lan teng savob yozilar ekan. Bu rivoyatdan boxabar yurtdoshlarimiz muborak oyda imkon qadar ro‘zadorlarga iftorlik berishga harakat qiladi.

Astoydil, xolis savob uchun qilingan bag‘rikenglik, saxovatpeshalik chindanda e'tirofga loyiq. Atrofdagilarga ko‘z-ko‘zlash, o‘zini ko‘rsatish, shuning ketidan qandaydir manfaatga erishish maqsadida qilingan saxovat esa kibr va manmanlik belgisidir. Afsuski, mohi Ramazonda amalga oshirilayotgan ayrim tadbirlarda ana shu illat ko‘rinib qolayotir.

Yuqorida zikr etganimiz hadisi sharifda ro‘zadorga iftor qilib berishning savobi aytilishi bilan bir qatorda, bunga moddiy imkoniyati bo‘lmaganlarga Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki bo‘lmasa bir ho‘plam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ham berilishi aytib o‘tilgan.

Taassufki, iftorlik berishda ham kimo‘zarga tushmoqdamiz. Qolaversa, bugun bu ehson tadbirini uyida emas, restoranlarda katta jamoatni yig‘ib, o‘ta dabdabali dasturxon asosida o‘tkazish ham tobora urf bo‘lib bormoqda. O‘zi istiqomat qiladigan xonadonga yaqinlari, qo‘ni-qo‘shnilar va muhtoj kishilarni taklif etib, kamtarona qilingan iftorlik har tomonlama maqbuldir. Unda silai rahm, qo‘shnilik haqqi va muhtojlarga ko‘mak hosil bo‘ladi, riyo, manmanlik va isrofdan uzoqlashiladi. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

“Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas” (A'rof surasi, 31-oyat).

Yana bir mulohaza. Aslida iftorlik faqat to‘p-to‘p odam chaqirib, ziyofat berish emas, balki muhtoj insonlarga oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilib berish, davolanishga imkoniyati yo‘q bemorlarga dori-darmon ulashish, ehtiyojlari uchun ularning ko‘liga, ozmi-ko‘pmi, mablag‘ berish ham iftorlikdir.

Bu tabarruk oyning mohiyati-qimmatini anglab, o‘tkazayotgan tadbirlarimiz, bajarayotgan amallarimizda, avvalo, Yaratgan roziligini maqsad qilsakkina, murodga yetishgan bo‘lamiz. Alloh taolo ato etgan barcha ne'matlar uchun shukrona aytib, bir-birimizga faqat va faqat yaxshilikni ilinsak, ezgu amallar yo‘lida sa'y-harakat qilsakkina, har bir kuni yillarga teng bebaho oyning savobiga erishishimiz mumkin, insha Alloh.

Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili.
Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi 2022 yil 13 aprel, № 76(8138)

Kiritilgan vaqti: 15/04/2022 02:36;   Ko‘rilganligi: 1566
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/iftorlik-savobi-ulug-amal-ammo-dabdababozlik-emas
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing