O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Iffat — baxt-saodat kaliti!

 
 

Alloh ta'alo erkak va ayolni o‘ziga xos tabiat bilan yaratgan, har biri uchun o‘zlariga munosib bo‘lgan ishlarni belgilab, amal qilishi uchun ularni zohiran bir-biriga o‘xshamaydigan suratda amaliga mos qilib qo‘ygan. Bu yaratgan zotning bandalari o‘rtasidagi adolatidir. Har bir narsani biluvchi zot parvardigorning o‘rnatgan bu adolatidan chetga chiqish gunoh va ma'siyatlarni paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Hozirda juda ko‘p kishilarni bezovta  qilayotgan holat, har bir jins vakilining kiyinish va tashqi ko‘rinishidir. Bir jins vakilining kiyinishda va tashqi ko‘rinishda ikkinchi jins vakiliga o‘xshab harakat qilishi, yoki ularga man qilib qo‘yilgan chegaradan chiqishligi adolat mezonini buzishdir. Ayniqsa yoshlarni milliy qadriyatlarimiz, an'ana bo‘lib kelayotgan urf-odatlarimizni bepisandlik qilib, kiyinish va tashqi ko‘rinishlarini o‘zgartirib, qaysi jins vakili ekanini esidan chiqarib qo‘yayotgani achinarli holat. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh ayollarning kiyimini kiygan erkakni va erkaklarning kiyimini kiygan ayolni la'natladi», deb marhamat qilganlar.

Inson hayoti uchun unga suv va havo kerak bo‘lganidek, uning oldiga qo‘yilgan omonatli yo‘lda chiroyli hayot kechirishi uchun unga iymon kerak! Shunday ekan, bu yo‘l — insonning hayotlik davri hisoblanadi. Bu davrda iffatli bo‘lib yashamoq erkagu-ayolning saodati va baxtu-iqbolidir.

Darhaqiqat, Alloh taola ayol zotiga  bebaho ne'matni berdi. Shu bilan ayol go‘zaldir. Bu — uning iffati, ibosi, sharmu-hayosidir!. Ayol qadrining o‘lchovlari- uning go‘zalligida, kiygan kiyimida yoki taqinchog‘ida emas, balki uning qadrining o‘lchovi  iffati, ibosi, va sharmu-hayosidadir. Odamlar o‘ylab topgan inson qadrining o‘lchovlari qadimdan turli-xil tuzumlarda o‘ziga xos mezon bilan o‘lchanib kelgan. Jumladan: kishining husni jamoli, kiyinishi, minib yurgan ulovi, molu-dunyosi, martabasi, uy-joyi va shu kabi narsalar o‘z tuzumida qadr-qimmat mezoni bo‘lgan. Bularning barchasi inson uchun hayotda unga berilgan tiriklik vasilasidir xolos. Abu Xurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollalluhu alayhi vasallam: “Albatta Alloh suratlaringizga va molu dunyolaringizga nazar qilmaydi. Lekin qalblaringizga va amallaringizga nazar qiladi”, dedilar. (Muslim va ibn Moja)

Hozirgi paytda xotin-qizlarimizning “moda”, “madaniyat” shu kabi iboralarni ro‘kach qilib, o‘zlari bilmagan hollarida o‘zbek degan millatning obro‘sini toptashmoqda. G‘arbda isqirti chiqib, hatto o‘zlari qilayotgan ishlaridan bezor bo‘lgan “moda” larni Bibixonim, Nodirabegimdek o‘zbek momolarimizning bugungi avlodlari bag‘rini keng qilib qabul qilishlari achinarli hol. Nima emishki, 21 asrda yashamoqda ekan. Ko‘pchilik xotin-qizlarning da'vosi bir-xil, zamonaviy hayot kechirish. Tarixning o‘zoq o‘tmishini varqlamaymiz, o‘tgan asrning avvalida o‘zbek momolarining hayoti hozirgi avlodga begona emas. Kinofilmlarda yana ba'zi joylarda saqlanib kelinayotgan fotosuratlarda o‘zbek momolarining siymosi unda aks etgan ibo, sharmu-hayosini ko‘rib xursand bo‘lasan kishi. Momolardan qolgan milliylik yillar davomida yo‘qolib borganini kuzatib kelayotgan Muqimiy, Fitrat bobolarning nevaraliri bo‘lgan o‘zbek o‘g‘lonlari hali-hali tomoshada. Aybni u yoqdan bu yoqqa ag‘darishdan charchamadimi?

Ayol muqaddas, uning muqaddasligini islom yuqori maqomda baholadi. Ular inson zurriyatini bardavomchilarini dunyoga keltiradilar, shuning uchun ularni iffati, sharmu-hayosini himoya qilishlik er kishining zimmasiga yuklangan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har biringiz rahbarsiz va har biringiz qo‘l ostidagilaringizdan so‘ralguvchisiz”, deb aytganlar. Bugungi kunda ularning ba'zilarini, ko‘cha-kuyda, yo‘l-yo‘laklarda ish-yumush bilan yurganlarining kiygan kiyimlari o‘zlari uchun eng qimmatli iffat, hayo degan bebaho ne'matlardan anchagina begona. Abu Hurayra (r.a) Payg‘ambarimiz (s.a.v) dan rivoyat qilgan hadisda:  “Iymon-bamisoli bir daraxtdir. Uning yetmishdan ortiq shoxlari bor. Eng afzali Allohga iymon keltirish va eng kichigi yo‘ldan kishilarga ozor beradigan narsalarni ketkazishdir. Hayo-iymondan bir shoxdir”, deganlar.

Hozirgi davr globallashuv jarayoni va millatlar, davlatlar o‘rtasida madaniyatlarning yaqinlashuv davridir. Bu jarayonda o‘sib kelayotgan yosh avlodni ularning hayotigi xavf solayotgan, millatimizga yot-begona bo‘lgan illatlar majmu'idan ogohlantirishimiz, ularni ajdodlarimizning guzal ahloq, islomiy madaniyatga asoslangan hayot tarzi asosida tarbiyalashimiz, mustaqil mamlakatimiz gullab yashnashi uchun fidoiy inson bo‘lib shakllanishida kuch-g‘ayrat bilan harakat qilishimiz zarurdir. Zero, bugungi imkoniyat shuni taqoza qiladi. Yana shuni aytamizki, iffat or-nomus fitratining buzilishi butun koinotning buzilishidan ko‘ra kattaroq musibatdir!

  Xayrulloh Sattarov,

  O‘MI Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari.


Kiritilgan vaqti: 14/09/2020 17:57;   Ko‘rilganligi: 1638
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/iffat-baxt-saodat-kaliti
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:54
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing