O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ibratli qissalar turkumidan

 
 

Ali (roziyallohu anhu) o‘zlari uchun qadrli bo‘lgan qimmatbaho sovutlarini yo‘qotib qo‘ydilar...
Bir muddat o‘tgach, uni bir zimmiy (islom yurtida yashovchi o‘zga dindagi) kishi Kufa bozorida sotayotganini ko‘rib, tanib qoldilar va zimmiyga: “Bu mening sovutim, men uni falon kuni, falon joyda tuyamdan tushirib qo‘ygan edim”, dedilar. Zimmiy: “Ey mo‘minlar amiri! Bu sovut meniki va qo‘limda turibdi”, dedi.

Ali (roziyallohu anhu): “Bu mening sovutim, men uni hech kimga sotmaganman, hadya ham qilmaganman. Qanday qilib u seniki bo‘lsin?!” dedilar.

Zimmiy: “Bizning masalamizni musulmonlar qozisi hal qilsin”, dedi.

Ali (roziyallohu anhu) unga: “Ammo-lekin shu gaping insofdan bo‘ldi, qani, uning oldiga ketdik”, dedilar. So‘ng ular Qozi Shurayhning oldiga borishdi.

Qozi Shurayh Ali (roziyallohu anhu)ga: “Ey mo‘minlar amiri! Siz nima deysiz?” dedi. Ali (roziyallohu anhu): “Men mana bu sovutimni bu kishining qo‘lida ko‘rdim. Uni falon kuni, falon joyda tushirib qo‘ygan edim, sovutim bu odamga biror savdo yo‘li bilan ham, hadya yo‘li bilan ham yetib kelmagan”, dedilar. Shurayh zimmiyga: “Sen nima deysan?” dedi. U: “Bu sovut meniki va shuning uchun mening qo‘limda turibdi, ayni paytda, mo‘minlar amiri yolg‘on gapir­yapti, deb tuhmat ham qilmayman”, dedi.

Shurayh Ali (roziyallohu anhu)ga yuzlanib: “Ey mo‘minlar amiri! Sizning rostgo‘yligingizdan, sovut ham siznikiligidan menda hech qanday shubha yo‘q. Biroq da'voingiz to‘g‘ri ekanini isbotlash uchun menga ikkita guvoh keltirishingiz kerak”, dedi. Ali (roziyallohu anhu): “Mayli, qulim Qanbar va o‘g‘lim Hasanlar menga guvoh bo‘lishadi”, dedilar. Shurayh: “Ey mo‘minlar amiri! Farzandning otasiga bergan guvohligi qabul qilinmaydi”, dedi.

Ali (roziyallohu anhu): “Subhonalloh! Jannat ahlidan bo‘lgan kishining guvohligi qabul qilinmaydimi?! Sen Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Hasan va Husayn jannat ahli yigitlarining sayyidlaridir”, deganlarini bilmaysanmi?!” dedilar. Shurayh: “Bilaman, mo‘minlar amiri, bilaman, lekin men baribir farzandning otasiga bergan guvohligini qabul qilolmayman”, dedi. Shunda hazrat Ali (roziyallohu anhu) zimmiyga yuzlanib: “Sen sovutni olaver, mening ulardan boshqa guvohim yo‘q”, dedilar.

Shunda zimmiy: “Men bu sovut sizniki ekaniga guvohlik beraman, ey mo‘minlar amiri!” dedi. Yana gapida davom etib: “Yo Alloh! Mo‘minlar amiri o‘z qozisi huzurida men bilan da'volashib o‘tirsa, qozi esa mening foydamga, uning zarariga hukm chiqarsa-ya! Guvohlik beramanki, ularni shunga buyurayotgan din haqdir, yana guvohlik beramanki, Allohdan O‘zga iloh yo‘q va Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) Uning payg‘ambari va qulidir!”. Bilgin, ey qozi! Bu mo‘minlar amirining sovutidir. Men Siffinga ketayotgan qo‘shinga ergashdim, bu sovut mo‘minlar amirining kulrang tuyasidan tushib qoldi va men uni egallab oldim”, dedi.

Ali (roziyallohu anhu): “Sen musulmon bo‘lding, sovutni ham, u bilan birga tuyamni ham senga hadya qildim!” dedilar.

Bu voqeadan ko‘p vaqt o‘tmadi. O‘sha kishi Nahravon kuni Ali (roziyallohu anhu) bayroqlari ostida xorijiylarga qarshi jangda halok bo‘ldi.

Abrorov Jahongirxon manbalar asosida


Kiritilgan vaqti: 20/01/2022 07:51;   Ko‘rilganligi: 660
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ibratli-qissalar-turkumidan
Chop etilgan vaqti: 13/05/2024 12:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing