HUSNI XULQ
Bismillahir rohmanir rohim.
Muhtaram azizlar. Bugun sizlar bilan Islomda eng go‘zal amallardan biri, chiroyli xulq haqida suhbatlashamiz. Alloh taolo Qur'oni karimda o‘z payg‘ambari sarvari olam Muhammad sollallohi alayhi vasallamga:
وَإِنَّكَ لَعَلَىٰ خُلُقٍ عَظِیمࣲ
«Albatta siz buyuk xulq ustidasiz» (Qalam surasi, 4-oyat) deb marhamat qilganlar. Dinimizda eng buyuk va maqtovga loyiq amal husni xulq hisoblanadi, zero payg‘ambarimiz ham hadislarida muminlarning ichida eng imoni mukammali bu chiroyli xulqlisidir deb marhamat qilganlar. Imomi Jobir rivoyat qilgan hadisda esa «Sizlarni menga mahbubingiz va qiyomat kunida menga yaqin bo‘lganingiz chiroyli xulqli va go‘zal axloqli bo‘lganingizdir» deganlar. Ushbu oyat va hadislardan insonni azizligi, uning xulqi va odobi bilan ekanligi ma'lum bo‘ladi. Azizlar, xalqimizda bir so‘z borki inson bir insonni xulqidan, odobidan xursand bo‘lganida aytiladi, seni katta qilgan va seni tarbiya qilgan ota onanga rahmat deyiladi. Bu esa dunyoda va oxiratda ham ulug‘ saodatdir. Afsuski hozirgi eng saodatli damlarda, qornimiz to‘q, ustimiz but bo‘lgan zamonda tinchlik va osoyishtalik vaqtda, bu farovon kunlarni qadriga yetmasdan badxulq insonlarni ko‘payiyotgani, yoshlarimizni kattalarga nisbatan hurmatsizlik qilayotganlari ba'zi vaqtlarda uchrab turibdi. Bu esa juda achinarli albatta. So‘zimni oxirida ota-onalarga meni iltimosim avvalo o‘zlarimizni xulqimizni yaxshilab, so‘ng esa farzandlarimizning tarbiyasiga e'tibor qilaylik.
Pastdarg‘om tuman «Norqulbobo» jome masjidi imom xatibi G‘aniyev Faxriddin
Kiritilgan vaqti: 28/08/2020 13:58; Ko‘rilganligi: 3020
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:19