O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

“Hizbut tahrir” – zalolatga boshlovchi firqa

 
 

“Hizbut-tahrir” partiyasi Islom dushmanlari tomondan musulmon jamiyatlarini parchalash uchun tashkil etilgan diniy-siyosiy oqimdir. Rahnamolari, asosan, g‘arb mamlakatlaridan panoh topuvchi bu toifaning muassisi Taqiyuddin Nabahoniy (1909–1977) bo‘lib, u 1948 yili guruhga asos solgan.

“Hizbchilar” ushbu firqani tuzish go‘yoki Islom ummatiga Qur'oni karimning “Oli Imron” surasi, 104-oyatining talabi bilan farz ekanligidan kelib chiqadi, deb da'vo qilishadi. Vaholanki, Islom tarixida Muhammad sallallohu alayhi vasallamdan keyin “xulofoi roshidinlar”, umaviylar, abbosiylar va oxirgi usmonli xalifalar davrigacha hech bir zamonda ushbu oyatga amal qilish maqsadida alohida firqa tuzib, bir kishini unga amir etib saylash haqida fikr o‘rtaga tashlanmagan.

Partiya mafkurasida uning “ruhiy uyushma ham, ilmiy uyushma ham, ta'lim-tarbiya ishlari bilan shug‘ullanadigan uyushma ham emas, balki u islomiy fitrat asosiga qurilgan siyosiy uyushma ekani”, faoliyati xayriya, diniy yoki ma'rifiy emas, balki siyosiy soha ekani ochiq ta'kidlanadi. Boshqacha aytganda, “Hizbchilar” quruq siyosatdonlikka o‘rgatadigan, ahli sunna jamoasiga muxolif bo‘lgan firqa sanaladi sanaladi.

Ushbu firqa davlat to‘ntarishi, hukumat rahbariga qarshi chiqish, xalqni davlatga qarshi gij-gijlash kabi ishlarga zo‘r beradilar. Demokratiya, konstitusiya, saylov kabi siyosiy institutlar, milliy qadriyatlar va vatanparvarlik qoralanadi. Xususan, demokratiya va inson erkinliklari go‘yoki “kufr nizomi ekani”, “uni qabul qilish, unga da'vat qilish va  u asosida partiya tuzish harom” deb e'lon qilingan. Go‘yoki vatanparvarlik Islomga yot “tuban aloqa”, xayriya-saxovat, axloqiy tarbiya va yaxshilikka chaqirish, ilm-ma'rifat tarqatish islomiy davlat qurishdan chalg‘ituvchi nojoiz amallar sifatida baholanadi.

 “Hizbut-tahrir” uchun siyosatdan boshqa sohalar, jumladan, din ham doim ikkinchi darajali bo‘lib kelgan. Hizbiy da'vatchilar xalqqa aksar holda siyosatdan nutq qilib, norozilik kayfiyatini paydo qilish, isyonkorlik ruhiyatini singdirish kabi fitnali mavzularga urg‘u beradi. Ular shu yo‘l bilan o‘zlarining fiqh, aqida, tafsir, hadis kabi Islomda asosiy o‘rin tutgan ilmlarda no‘noq ekanliklarini yashirib kelishadi.

Zayniddin domla Eshonqulov – Samarqand viloyati bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 09/10/2021 14:22;   Ko‘rilganligi: 509
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/hizbut-tahrir-zalolatga-boshlovchi-firqa
Chop etilgan vaqti: 29/04/2024 04:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing