Hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifalik davrlarida Qur'oni Karimning jamlanishi.
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam davrlarida Qur'oni karim xurmo po‘stloqlariga, teri bo‘laklariga, qog‘oz parchalariga yozilgan holda edi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin ko‘pgina arab qabilalari murtad bo‘lib dindan chiqib ketdilar. Hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu ular bilan murosasiz janglar olib bordilar. Musulmonlar va Bani Hanifa qabilasi o‘rtasida bo‘lgan janglarda musulmonlar g‘alaba qozondi. Mazkur urushda musulmonlardan 1 200 kishi shahid bo‘ldi. Shulardan 500 kishi Hofizul Qur'on bo‘lgan qorilar edi. Shu urushdan keyin Hazrati Umar roziyallohu anhu xalifa Xazrati Abu Bakr siddiq roziyallohu anhuga Qur'oni karimni jamlab yagona kitob shakliga keltirishni taklif qildi.
Quyida muarrixlarining bu boradagi fikrlarini keltirish o‘rinlidir. Murtadlarga qarshi janglar tugadi. Shuningdek, Payg‘ambarlikni da'vo qilgan bir nechta yolg‘onchi payg‘ambarlar ustidan ham hukm tamomiga yetdi. Musulmonlarning oldida yana bir buyuk ishni tamomiga yetkazish yuzaga keldi. Bu muhim ish Qur'oni karimni jamlash va uni asl holida saqlab, kelajak avlodlarga yetkazish edi.
Bu ummat ulamolari va qorilarihar bir zamonda islom va musulmonlarning sha'nini ko‘tarmoq uchun odamlarning eng shijoatlisi bo‘lganlar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifalik qilgan davrda ham ulardan ko‘pchiligi murtadlar bilan bo‘lgan urushlarda qatnashib, islomning sha'nini saqlab qolishda jon fido qildilar. Shunday janglardan biri Yamoma jangi bo‘lib, unda qorilardan ko‘pchiligi shahidlik maqomini topdilar. Bu holat esa musulmonlarni ogohlantiruvchi bir holat bo‘ldi. Ya'ni ular Qur'oni karimni saqlab qolish lozim ekanligini tushunib yetdilar. Ko‘plab qorilarning vafot etishi natijasida Qur'oni karimga zarar yetishini angladilar.
Hazrati Umar roziyallohu anhu xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga Qur'oni karimni jamlash kerakligini ishora qildilar. Bu haqda Abu Bakr shunday hikoya qiladi: Umaribn Xattob bir kuni meni oldimga kelib: “O‘lim Yamoma kunida ko‘plab qorilarni olib ketdi. Boshqa barcha o‘lkalarda ham qorilar vafot etib, natijada Qur'oni kaarimga zarar yetib qolishidan qo‘rqaman. Mening fikrim shuki eyRasululloh sallollohu alayhi vasallamning xalifasi, odamlarni Qur'oni karimni jamlashlikka buyuring”, dedi. Men Umarga: “Qanday qilib Rasululloh sallollohu alayhi vasallam qilmagan ishni men qilishim mumkin”, dedim. Shunda Umar: “Allohga qasamkibu qiladigan ishingiz eng xayrli ish bo‘ladi,dedi. Umarning menga to‘xtovsiz, doimiy murojaat qilishi natijasida Alloh taolo Umarning qalbini ochgan narsaga mening ham qalbimni ochib qo‘ydi. Umar kelgan fikrga ya'ni Qur'oni karimni jamlash kerak degan fikrga men ham keldim”.[1]
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuga: “Albatta sen yoshsan, navqironsan, aqllisan, Rasulullohning vahiylarini yozib yurar eding. Shuning uchun biz senga ishonch bildiramiz. Sen Qur'onni yaxshilab o‘rgan va uni jamla”, dedilar. Zayd roziyallohu anhu bu haqda shunday deydilar: “Allohga qasamki, Abu Bakr Siddiq menga bir tog‘ni o‘rnidan boshqa joyga ko‘chirishni buyurganlarida edi, u men uchun bu ishdan ya'ni Qur'oni karimni jamlashlikdan ko‘ra oson bo‘lardi”.
Bu bilan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu Qur'oni karimni jamlashlik naqadar mas'uliyatli ish ekanligini bayon qildilar.[2]
Shuningdek, Imom Buxoriy bu haqda shunday rivoyat qiladi: Zayd ibn Sobitdan rivoyat qilinadi: Abu Bakr menga: «Albatta, sen yosh, oqil odamsan. Seni ayblaydigan joyimiz yo‘q. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida vahiyni yozar eding. Qur'onni izlab topib, jamlagin», dedi. Allohga qasamki, agar menga bir tog‘ni joyidan ko‘chirishni buyurganlarida, men uchun Qur'onni jam qilishni amr qilganidan ko‘ra og‘ir bo‘lmas edi. Men unga: «Qanday qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilmagan narsani qilasizlar?!» dedim. U (menga): «Allohga qasamki, bu yaxshilikdir!» dedi. Abu Bakr menga qayta-qayta murojaat qilaverdi. Oxiri Alloh mening qalbimni Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumoning qalbini ochgan ishga ochdi. Qur'onni izlab, xurmo daraxti po‘stloqlari, tosh parchalari va odamlarning qalblaridan jamlay boshladim. Tavba surasining oxirini Abu Xuzayma Ansoriydan topdim. Undan boshqadan topmadim: «Batahqiq sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan... Rasul keldi...» (ikki oyat). Sahifalar Abu Bakr vafot qilgunicha uning oldida turdi. Keyin Umar hayotligida uning oldida turdi. So‘ng Hafsa bint Umar roziyallohu anhoning oldida turdi»[3].
Bir qancha baxsu munozara va maslahatlardan keyin xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Zayd ibn Sobit va yana bir nechta vahiy kotiblariga Qur'oni karimni jamlashlikni buyurdi. Vahiy kotiblari Qur'oni karimni jamlashlikdek bir mas'uliyatli va sharafli vazifani ado etdilar. Bu amalga oshirilgan ulug‘ ish Alloh taoloning ushbu oyati karimasining tasdig‘i bo‘ldi:
إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا ٱلذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُۥ لَحَٰفِظُونَ
Ya'ni: “Albatta, bu zikrni (ya'ni Qur'onni) Biz! O‘zimiz nozil qildik va uni O‘zimiz asraguvchidirmiz”[4].
Va'dasi ustidan chiqib, Qur'oni karimni to Qiyomatgacha har qanday ziyodalik, kamayish, tahrif[5] va tabdil[6]dan saqlashni va'da qilgan Alloh taologa hamd-u sanolar bo‘lsin! Kalomullohni elchi-farishta Jabroil alayhissalom vositasida Robbilaridan qanday qabul qilgan bo‘lsalar, ummatlariga shunday yetkazgan hofizi Qur'onlarning eng avvali va muqriylarning eng afzali Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotlar bo‘lsin!Bu buyuk ishda xizmatda bo‘lgan sahobai kiromlarga bu ummatdan duoi xayrlar bo‘lsin!
Mansurjon Abduxoliqov, Payariq tumani bosh imom xatibi,
[1]Jaloliddin Suyutiy. Al-Mazharu fiy ulumil lug‘ati va anvoiho. 1-jild. “Maktabatul asriya” nashriyoti, Bayrut 1998. –B. 136.. ; https://www.hindawi.org/books/91931968/2.1/.
[2]Jaloliddin Suyutiy. Al-Mazharu fiy ulumil lug‘ati va anvoiho. 1-jild. “Maktabatul asriya” nashriyoti, Bayrut 1998. –B. 138.
[3]Imom Buxoriy. “Sahihi Buxoriy”, “Fazoilul Qur'on”, “Kotibun Nabiy sollallohu alayhi vasallam”. 4703-hadis. –B. 639.
[4]Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim tarjimasi va tafsir. O‘qituvchi – 2020 y.Hijr surasi 9-oyat.
[5]tahrif – lug‘aviy ma'nosi: o‘zgartirish joyidan ko‘chirish, ma'nosini burish;istilohiy ma'nosi: Qur'oni karimning biror harf yoki harakatini o‘zgartirish, tushirib qoldirish, qo‘shib qo‘yish, kabilarga ishlatalishi.https://oliymahad.uz/26328
[6]tabdil- lug‘aviy ma'nosi: almashtirib qo‘yish, o‘rniga boshqasini keltirish;
istilohiy ma'nosi: Qur'oni karimning o‘qilishini arab kalligrafiyasidan boshqa alifboga o‘tkazish
translitiratsiya qilish. https://oliymahad.uz/26328
Kiritilgan vaqti: 30/05/2022 19:08; Ko‘rilganligi: 2626
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:54