HAYZ KO‘RGAN YOYOL BILAN MUNOSABAT QANDAY BO‘LADI?
Alloh taolo odamzodni har doim din orqali tarbiyalab kelgan. Uni yetkazishni Payg‘ambarlar zimmasiga yuklagan.
Dinlarning eng mukammali bo‘lgan islomni yetkazishda Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni tanlab olgan. Payg‘ambar alayhissalomning har bir so‘zlari, fe'llari va turmush tarzlari biz uchun hayot dasturidir. U zotning hayotlari insoniyatga ikki dunyo saodat yo‘lini ko‘rsatib bergan.
Islom dini turmushda uchraydigan barcha masalalarga javob bergan. Hattoki, er-xotin o‘rtasidagi jinsiy munosabatlar qanday bo‘lishi, hayz vaqtida joiz va harom bo‘lgan holatlar haqida ham ta'lim bergan.
Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asarida bunday hadis kelgan:
حَدَّثَنَا قَبِيصَةُ قَالَ حَدَّثَنَا سُفْيَانُ عَنْ مَنْصُورٍ عَنْ إِبْرَاهِيمَ عَنِ الأَسْوَدِ عَنْ عَائِشَةَ قَالَتْ كُنْتُ أَغْتَسِلُ أَنَا وَالنَّبِىُّ – صلى الله عليه وسلم – مِنْ إِنَاءٍ وَاحِدٍ ، كِلاَنَا جُنُبٌ.
وَكَانَ يَأْمُرُنِى فَأَتَّزِرُ ، فَيُبَاشِرُنِى وَأَنَا حَائِضٌ
وَكَانَ يُخْرِجُ رَأْسَهُ إِلَىَّ وَهُوَ مُعْتَكِفٌ ، فَأَغْسِلُهُ وَأَنَا حَائِضٌ
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
“Men va Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikkovimiz junub holimizda bir idishdan g‘usl qilar edik”.
“Menga buyurar edilar, izor tutib olar edim va hayzli holimda men bilan mubosharat qilar edilar”.
“U zot e'tikof o‘tirgan hollarida menga boshlarini chiqarar edilar, men esa hayzli holimda uni yuvib qo‘yar edim”.
Bu hadisi sharifdan er-xotinning bir idishdan g‘usl qilishi joizligi rivoyat qilinmoqda. Er-xotin orasida bo‘ladigan shariat ishlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zavjalari orqali bizga yetkazganlar. Bundan junub bo‘lgan inson harom hisoblanmasligini ham bilishimiz mumkin.
“Menga buyurar edilar, izor tutib olar edim va hayzli holimda men bilan mubosharat qilar edilar”. “Mubosharat” so‘ziga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, mubosharat – er va xotin badanining to‘siqsiz bir-biriga tegishi (quchoqlashish). Bunda butun tana ham, uning bir qismi ham nazarda tutiladi. Hadis matnidan hayz vaqtida jinsiy yaqinlik qilmasdan er-xotin bir-birini quchoqlash ma'nosi ma'lum bo‘lmoqda. Chunki mubosharat faqat jinsiy aloqaga nisbatan ishlatilmaydi. Mulla Ali Qoriyning “Mirqotul mafotih” asarida, yuqoridagi hadis sharhida mubosharatga “Men bilan birga yotardilar, meni quchoqlardilar va izordan yuqori badanlari badanimga tegar edi”, deb sharh bergan.
“U zot e'tikof o‘tirgan hollarida menga boshlarini chiqarar edilar, men esa hayzli holimda uni yuvib quyar edim”. E'tikof deb Allohga yaqinlik hosil qilish niyatida ma'lum shartlarga amal qilgan holda ibodatda mashg‘ul bo‘lish uchun masjidda qolishga aytiladi. E'tikof o‘tirgan odam boshini masjiddan chiqarib tursa, hayz ko‘rgan xotini yuvib qo‘ysa joiz ekan.
Ko‘rinib turibdiki, islomda hayz ko‘rgan ayoldan jirkanish, uni chetlatish, kamsitish kabi muomala yo‘q.
Imom Ahmad ibn Hanbalning Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan hadisida: “Yahudiylarning ayollari hayz ko‘rsa, birga ovqatlanmay va birga yotmay qo‘yar edi. Sahobalar bu haqda Payg‘ambar alayhissalomdan so‘radilar. Alloh taolo “Sizdan hayz haqida so‘rarlar” oyatini nozil qildi. Shundan keyin Payg‘ambar alayhissalom: “Jinsiy aloqadan boshqa hamma narsani qilsangiz bo‘ladi”, dedilar”.
Alloh taolo Baqara surasining 222-oyatida bunday degan:
وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الْمَحِيضِ قُلْ هُوَ أَذًى فَاعْتَزِلُوا النِّسَاءَ فِي الْمَحِيضِ وَلَا تَقْرَبُوهُنَّ حَتَّى يَطْهُرْنَ
“Sizdan hayz haqida so‘rarlar. Ayting: “U aziyatdir. Hayz chog‘ida ayollardan chetda bo‘ling! Pok bo‘lmagunlaricha, ularga yaqinlashmangiz!”.
Oyatning tafsiriga yuzlanadigan bo‘lsak, Ibn Abbos bunday degan: “Bu oyat ansorlardan Amr ibn Dahdoh ismli bir kishi haqida nozil bo‘ldi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, agar ayollar hayz bo‘lsa, – ya'ni hayz ko‘rgan ayollar haqida – qanday yo‘l tutamiz? Ularga yaqinlik qilaveramizmi yoki yo‘q?” dedi. Shunda “Sizdan hayz haqida so‘rarlar”, oyati nozil bo‘ldi”. Ba'zi mufassirlar: “Sizdan hayz paytida ayollar bilan jimo qilish haqida so‘raydi”, deb tafsir qilgan. “Ayting: “U aziyatdir”, ya'ni qon harom va najasdir. “Hayz chog‘ida ayollardan chetda bo‘ling!”, ya'ni hayz paytida ular bilan jimo qilmang! “Pok bo‘lmagunlaricha, ularga yaqinlashmangiz!”, ya'ni ular hayz bo‘lsa, pok bo‘lmagunlaricha jimo qilmanglar!
Ba'zi kimsalar yuqoridagi hadisni noto‘g‘ri tushunib, Imom Buxoriy va boshqa muhaddislarning sha'niga dog‘ tushirmoqda. Qolaversa, zimdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tuhmat qilmoqda. “Sahihul Buxoriy”da yana bir hadis Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Birortamiz hayzli bo‘lganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u bilan mubosharat qilishni istasalar, unga shu hayzli holida izor o‘pab olishni buyurar, co‘ng u bilan mubosharat qilar edilar. Qay biringiz Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z shahvatlarini ushlay olganlaridek ushlay olardingiz”. Mana shu hadisning oxirgi qismidan ham jinsiy aloqa nazarda tutilmaganini bilish mumkin.
Biror hadis yoki xabarni o‘qiganda uning tub ma'nosini aniq bilish zarur. Yo‘qsa, ko‘plab tushunmovchiliklar kelib chiqadi. Yuqorida keltirilgan hadisda anglab bo‘lmaydigan yoki boshqa fikrga burib yuboradigan ma'no yo‘q. Hadis o‘qib biror narsaga ikkilanib qolsa, darhol biladigan odamdan mohiyatini so‘rab olish zarur bo‘ladi.
Dinimizga tosh otmoqchi bo‘lganlarning aytgan fikrlariga ishonib qolmaylik. Chunki bu din pokizadir! Ba'zilar aytayotgan tuhmatlarning birortasi ham manbalarimizda topilmaydi. Har bir o‘qiyotgan, eshitayotgan va ko‘rayotgan narsamizga ehtiyot nazari bilan qarasak, adashmaymiz.
Kiritilgan vaqti: 18/05/2023 15:54; Ko‘rilganligi: 2195
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 11:59