O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Hayot o‘tgan kunlar emas, balki esda qolganlaridir

 
 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida shunday deganlar:

Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Ular ilmni meros qoldirganlar. Kim o‘shani olsa ulug‘ nasibani olibdi”(Abu Dardo roziyallohudan Termiziy rivoyati).

Darhaqiqat, ulamolar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘ng odamlarni haqqa chaqiradigan, johillarga ta'lim beradigan, adashganlarni yo‘lga soladigan va bid'atlarning halq orasiga kirib kelishini oldini oladigan zotlardir. Ular shu bilan birga ushbu merosni kelgusi avlodga munosib tarzda uzatuvchi ustoz va murabbiylar hamdir.

O‘zbekiston islom ahlining ustozi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning merosxo‘ri, muqaddas dinimiz ma'rifati, ilmu ziyosini keng targ‘ib etuvchi, odamlarni solih amallar sari, tinchlik sevarlikka, inson parvarlikka, ezgu ishlarga da'vat qilib, butun umrini ana shu sharafli ishga baxshida etgan zot Usmonxon Temurxon o‘g‘li Alimov hazratlari foniy dunyodan boqiy hayotga rihlat qildilar.

Inson dunyoga kelar ekan Alloh taolo ato qilgan umr ne'matini e'zozlab, hayotdan ko‘zlangan maqsadga erishishi lozim. Kimdir bu ne'matni behuda, zararli narsalarga sarf qilsa, ayrim insonlar uni yaxshilik va ezguliika sarf etadi. Hatto, dunyodan o‘tganidan so‘ng ham bu kabi zotlarning umr yo‘li kelgusi avlodga o‘rnak, namuna va saboq bo‘ladi. Ustoz Usmonxon ibn Temurxon anashunday zotlardan edi. Ziyoli oilada voyaga yetgan ustoz diniy ilmga bo‘lgan muhabbati bois dastlab Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, keyinchalik Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Marokashning “Karaviyn” doril fununida tahsil olganlar.

Mehnat faoliyatini Imom Buxoriy jome masjidida imom-noibi vazifasida boshlab, so‘ngra ushbu masjidning imom-xatibi sifatida faoliyat yuritgan. 2000-2006 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, bosh imom-xatibi bo‘lib mehnat qilgan. 2006 yildan buyon esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlab kelayotgan edilar.

Suyukli Nabiyyimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam:

Qiyomat kuni Odam bolasining qadami Robbi azza vajallaning huzuridan to U Zotundan besh narsa haqida so‘ramagunicha uzilmas: umridan, uni nimaga sarflagani haqida; yoshligidan, uni nimada o‘tkazgani haqida; molidan, uni qayerdan kasb qildi-yu, nimaga infoq qilgani haqida va ilmiga qanday amal qilgani haqida”, deganlar (Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan Termiziy va Tabaroniy rivoyat qilishgan).

Marhum ustozimiz Allohning umr ne'matini O‘zi rozi bo‘ladigan amallarga sarf etdilar. Yoshliklaridan ilmtolibi, mehnat faoliyatida esa faqat dinimiz rivoji, musulmonlar manfaati bilan mashg‘ullik. Shu o‘rinda ayrim misollar bilan bo‘lishishni istadim. Usmonxon Alimov Imom Buxoriy jome masjidida imom-xatib sifatida ishlab yurgan kezlari xalqimizning diniy ilmga bo‘lgan ishtiyoqini ko‘rib, o‘sha paytdagi Payariq tumani hokimyati bilan kelishilgan holda masjid qoshida diniy madrasa tashkil qilgan va o‘zlari ustozlik qilgan edi. O‘quv binosi, o‘quv anjomlari, darsliklar, ustozlarning oylik maoshlari va talabalarni yotoq xona hamda issiq ovqat bilan ta'minlash yo‘lida kunu tun say'harakatda bo‘lganlar. Ushbu ilm dargohi 2008 yilga qadar o‘rta maxsus bilim yurti sifatida faoliyat olib borib, yurtimizga birnecha yuzlab olimlar, imom-xatiblarni yetkazib berdi.

Ustoz viloyat bosh imom-xatibi sifatida viloyatdagi masjidlar sonini oshishiga, ulardagi sharoitlarni yaxshilashga, yangilarini bunyod etishga munosib xizmat qilganlar. Hozirgi vaqtda Samarqand viloyati boshqa viloyatlardan masjidlar soni bo‘yicha yetkchi o‘rinlarda bormoqda. Bu albatta Usmonxon Alimov hazratlarining xizmatlarining samarasidir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi sifatida ish boshlashlari bilan mamlakatimizdagi diniy yo‘nalishda ham ko‘plab yutuqlarga erishildi. Hatto bu muvaffaqiyatlar xalqaro miqyosda ham e'tirof etildiki, ko‘plab xalqaro islom uyushmalari tomonidan u kishiga unvon va martabalar berildi.

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari yigirmadan ortiq kitob va yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqola muallifi hisoblanadi hamda tele, radio dasturlarda dolzarb mavzularda chiqishlar qilib, xalqimizni diniy-ma'rifatga undab kelganlar. Jumladan, u kishining “Tafsiri Irfon”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy barakoti ”, “IX-X asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi”, “Hazrati Imom”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Rasulullohning muborak vasiyatlari”, “Rasululloh mo‘jizalari”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “So‘ragan edingiz” kabi asarlari chop etilgan.

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari tomonidan ta'lif etilgan Qur'oni karim ma'nolari tarjimasi va tafsir kitobi – “Tafsiri Irfon” bugungi voqeligimizga moslab, xalqchil tilda, ayni chog‘da, yuksak ilmiy mahorat bilan tarjima va tafsir etilgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Qachonki odam bolasi o‘lsa, amali kesiladi. Magar uch narsadan: joriy sadaqadan, manfaat oladigan ilmdan yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzanddan kesilmaydi”, deb aytganlari keltirilgan (Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmaganlar).

Hadisga muofiq hayot tarzini hazratimizning hayot yo‘llarida ko‘rishimiz mumkin. Masjid va madrasalarning tashkil etilishi joriy sadaqa, shogirt va asarlar - manfaatli ilm va haqqiga duo qiladigan solih farzand – hazratimizning Qur'oni karimni hifz qilgan, ilm sohiblari bo‘lmish solih farzandlaridir.

Usmonxon ibn Temurxon hazratlari hayotda o‘ta samimiy, dono, taqvodor, kamtar edilar. Og‘ir, fitnali, munozarali vaziyatlarda ham bosiqlik va donolik bilan ish yuritar, adolat bilan qaror qabul qilar edilar.

U zotning fazilatlari bisyor. Biz Allohning taqdiriga rozimiz, aslo isyon qilmaymiz. Hazratni kecha oxirgi manzilga kuzatdik. Hali bu musibatdan o‘zimizga kelaolganimiz yo‘q. Ushubu satrlarni ham hayajon bilan bitdik. U kishining hayot yo‘llari, amalaga oshirgan ishlari xatga tushirilsa yirik asar vujudga keladi. Kelgusida shogirt va safdoshlari albatta bu ishni amalga oshirajak, inshaalloh.

Donishmandlar “Hayot o‘tgan kunlar emas, balki esda qolganlaridir”, degan ekanlar. Mutafakkir olim, mufassir, muhaddis, tariqat peshvosi hazrat Usmonxon Temurxon o‘g‘illarining samarali va namunali hayoti biz va kelgusi avlod yodida saqlanib qoladi. O‘git va saboqlari, ilmiy asarlari yurtimiz musulmonlari uchun manfaatli bo‘ladi inshaalloh.

Alloh subhanahu vataola muftiy Usmonxon Alimov hazratlarini dini mubinimiz yo‘lidagi beqiyos xizmatlari, ilm-ma'rifat, ziyo tarqatish yo‘lidagi say'-harkatlarini husni qabul aylab, O‘z mag‘firati bilan siylasin. Qabrlarini jannat bog‘laridan qilib, oxiratlarini obod qilsin!

Zayniddin Eshonqulov,

Samarqand viloyat bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 17/08/2021 17:39;   Ko‘rilganligi: 630
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/hayot-otgan-kunlar-emas-balki-esda-qolganlaridir
Chop etilgan vaqti: 15/05/2024 17:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing