HAR BIR HAQ SOHIBIGA O‘Z HAQINI BERING!
Ayol kishining birinchi vazifasi uy ishlarini idora qilish, oilaga qarash, bolalarni boshqarish, eriga yaxshi muomalada bo‘lishdir. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Ayol kishi erining uyida boshliqdir. U o‘z qo‘l ostidagilarga mas'ul”, deganlar. U oilasini baxtli dargoh, xushnud go‘shaga aylantirishi lozim. Buning uchun o‘z zimmasidagi vazifalarni, yaxshi bilishi lozim bo‘ladi.
Oisha onamiz aytdilar: " Allohning Rasulidan so‘radim: Ayol kishi ustida haqi eng buyuk bo‘lgan inson kimdir? Aytdilar: Uning eri! Men aytdim: Erkak kishining ustida haqi eng buyuk bo‘lgan inson kimdir? Aytdilar: Uning onasi." Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qiladilar: Allohga qasamki, ayol erining haqini to‘lamaguncha, Allohning haqini ado eta olmaydi” (Imom Muslim va Ahmad rivoyati).
Afsuski, hayotda shunday holatlar uchrab turadiki, ba'zi ayollar erining buyurgan vazifalarini o‘z vaqtida emas, balki o‘z bilganicha alo etadilar. Farzandlari tug‘ilgach esa u bilan hamdard bo‘lgan, mehribon eri borligini unutib qo‘yadi, o‘zining dunyosini yaratib oladi, har bir ishni o‘z bilganicha qilishga urinadi va barcha mehr-muhabbatini farzandlariga beradi. Er esa ayol uchun “Ishga borib keluvchi, ularning ehtiyoji uchun pul topib keluvchi allakim!”ga aylanib qoladi. Vaholanki, yillar o‘tgan sari er-xotin o‘rtasidagi mehr-muhabbat ulg‘ayib, oilaviy munosabatlar mustahkamlanib borishi lozim.
Biz ayollar, erkak kishi oilaning boshlig‘i va ustuni ekanligini aslo unutmasligimiz, faqat farzandlar tug‘ilguncha emas, balki erga bir umr e'tibor, hurmat ko‘rsatishimiz lozim. Albatta, farzandlarimizning ham bizda haqlari bor. Bir tarafga mehr ko‘rsatish bahonasida ikkinchi tarafni chetga surib qo‘yish to‘g‘ri emas. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday buyuradilar: “Har bir haq sohibiga o‘z haqini bering!”. Ayol kishi eriga ozor bermasligi, unga doimo yaxshi muomala qilishi shart.
Ayol kishi juda ko‘p narsalarga e'tiborli bo‘lishi kerak. Ko‘zimizga arzimas bo‘lib ko‘ringan ba'zi narsalar borki, ularga yetarlicha e'tibor berilmasa oilaviy hayotimizda ketma-ket xatolar yuzaga kelib, kelishmovchiliklar sodir bo‘lishi mumkin.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qiladilar: “Musulmon kishi musulmon birodariga tabassum bilan qarashi ham sadaqadir” (Imom Termiziy. Odob, 36).
Shu bois er va xotin bir-biriga xo‘mrayib qarashlari sunnatga ham muvofiq emas. O‘zini chin musulmon deb hisoblovchi har bir kishi yaqinlarini xushnud qilish uchun doim ochiq chehra bilan muomala qilishi lozim.
Erkak kishi ishdan kelishi bilan muammolarni aytish, befarosatlik qilish ayolning dilini ranjitadi. Dono ayol esa erkakning ishdan qaytishini xursandchilik bilan kutib olib, charchog‘i chiqib, ovqatlanib bo‘lgach muammolarni bomaslahat hal qilishni yaxshi biladi. Balki ish yoki uy yumushlarining ko‘pligidan toliqib har kuni tansiq taom tayyorlay olmasligi mumkindir, ammo oddiy taom bilan ham dastruxonni did bilan o‘zgacha ko‘rinishga aylantira olish faqatgina oqila va zukko ayolning qo‘lidan keladi.
Biz ayollar zeriktiradigan bir xillik emas, balki turmush o‘rtog‘imizni ajablantiradigan, zavqlantiradigan sovg‘alar o‘ylab topishni bilishimiz kerak.
N.Temirova – viloyat bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi
Kiritilgan vaqti: 14/03/2023 18:30; Ko‘rilganligi: 749
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:10