O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

HAQNI DA'VO QILYOYOTGAN SOXTA SALAFIY NOHAQLAR

 
 

Ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunda muqaddas islom nomidan turli oqimlarning o‘zlarini har xil ismlar bilan nomlab olib, go‘yo haq yo‘lni da'vo qilayotgan, aslida esa g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan niqob ostidagi adashgan firqalar ko‘paymoqda. Ana shunday oqimlardan biri “Soxta salafiylar” hisoblanadi.

Mazkur oqimga a'zo bo‘lganlar islomdagi ahkom va fatvolarni zamon taqozosiga qarab emas, hijriy sananing dastlabki uch asridagi qonun-qoidalar asosida ish yuritishni targ‘ib qiladi. O‘n to‘rt asrdan beri islomning yetuk allomalari, faqihu mujtahidlari qabul qilgan fatvolarga amal qilishga qarshi chiqadilar. Bu oqim arab va islom mamlakatlarida ko‘proq tarqalgan bo‘lib, O‘rta Osiyoga ham kirishga ulgurdi.

Xo‘sh, Islomda “salaf” so‘zi aslida qanday ma'noni anglatadi? Salaf so‘zi arabcha – “ajdodlar”, “avval yashab o‘tganlar” degan ma'noni bildiradi. Hadislarga ko‘ra, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida hamda undan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlar tushuniladi. Shunga ko‘ra, islom ulamolari sahobiy, tobein va tab'a tobeinlarni “salafi solih”, ya'ni “solih ajdodlar” deb biladilar. Demak, ulardan keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan “salaf” yoki “salafiy”lar tushunchalarini ishlatish mumkin emas. Bu adashgan firqa musulmon jamiyatlarini ilk islom davri holatiga qaytarishni targ‘ib qiluvchi mutaassib, soxta salafiylar hisoblanadi.

Soxta salafiylar quyidagi g‘oyalarni ilgari suradilar: 1. Har qanday yangilikni inkor etadi. 2. Tasavvufni aslo tan olmaydi.
3. Tavassul (vosita orqali Allohga murojaat qilish)ni kufr, deb hisoblaydi. 4. O‘zlariga ergashmaganlarni “kofir” deb e'lon qiladilar.
Ularning faoliyati natijasida “Payg‘ambarimiz shafoatidan hech qanday foyda yo‘q” degan g‘oyalar tarqalib, salovotlar bayon qilingan kitoblar yoqib yuborildi, muqaddas ziyoratgohlar vayron qilindi. Xo‘sh, endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bunday buzg‘unchi, vayronkor oqim qanday qilib, ezgu ishlarni amalga oshirishi mumkin. Nima uchun, asrlar mobaynida ajdodlarimiz tomonidan avaylab-asrab kelingan, boy tarixga ega madrasayu-maqbaralar qayerdagi buzg‘unchi oqimlar tomonidan vayronalarga aylanishi kerak? Azizlar! Bu gaplarni nimaga aytyabman? Chunki, hamyurtlarimiz orasida ham bu adashgan firqa g‘oyalariga ergashib ketayotganlar ham bor.
Bu firqaning adashgan yo‘lda ekanliklarini bilish har bir aqlli insonga qiyin emas. Biz esa aynan mavzumizga doir jihatiga to‘xtalamiz.
Xo‘sh, ular o‘zlariga ergashmaganlarni kofir deyaptilarmi? Unda kim musulmon. Ularga kim huquq berdi, chin musulmonlarni kofir deyishga. Ular kofir deyayotgan insonlar, Robbim Alloh, dinim islom deyayotgan bo‘lsa, ularga kufr nisbatini berish mutlaqo mumkin emas.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim bir insonni kofir deb chaqirsa yoki Allohning dushmani desa, aytganidek bo‘lmasa, aytgan so‘zlari o‘ziga qaytadi”. Soxta salafiylar esa, hech qanday shar'iy sababsiz, bir-ikki kishi emas bir necha kishilarni kofirga chiqarmoqdalar. Vaholanki, besabab emas, balki gunoh qilgan kishining gunohi uchun ham kofirga chiqarilmaydi. Shuningdek, soxta salafiylarning iddaolariga ko‘ra, milodiy yil hisobini ishlatish, boshqa din vakillarining bayram, madaniy tadbirlarida ishtirok etish va tabriklash, kiygan kiyimlarini (jumladan, kostyum, palto, galstuk taqish, shim va ko‘ylaklar) kiyish ham imonsizlik hisoblanadi. Bu mutaassibona qarashlar jamiyatda ayirmachilik kayfiyatini keltirib chiqarishi bilan har xil nizolarni paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi, bu narsa muqaddas dinimizda targ‘ib etilgan bag‘rikenglik tushunchasiga ham zid keladi.

Azizlar! har bir yaltiragan narsa oltin bo‘lmagani kabi, dinni da'vo qiluvchi hamma odam ham to‘g‘ri fikrda bo‘lavermaydi. Shunday ekan g‘arazli niyatlar ummoniga g‘arq bo‘lgan shu kabi oqimlarning “yaltiroq” tuzoqlaridan ogoh bo‘laylik, muqaddas dinimizning sof e'tiqodini mustahkam saqlab, kelajak avlodlarga sofligicha yetkazaylik.

Abdulloh domla - Chovka masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 14/10/2021 11:43;   Ko‘rilganligi: 578
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/haqni-davo-qilayotgan-soxta-salafiy-nohaqlar
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 06:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing