O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Halol kasb qilish farzdan keyingi farzdir

 
 

Rizq uchun harakat, halol mehnat va kasbu kor qilish hayotiy zaruratlardandir. Islom dunyoviy va oxirat maqsadlarni umumlashtirgan bag‘rikeng din hisoblanadi. Insonning bu dunyoda tinch va farovon hayot kechirishi, o‘zining va ahli oilasining rizqi uchun say' harakatda bo‘lishi hamda oxirat hayoti uchun zamin hozirlashi va ibodatda ijtihod qilishini jamlagan dindir. Shunday ekan Alloh taolo bandalarining o‘z hayot turmushlarini yo‘lga qo‘yishi va tirikchiligi uchun manbalarni tayyorlab qo‘yganiga guvoh bo‘lamiz. 

Alloh taolo muborak kalomida shunday marhamat qiladi:

  1. Alloh osmonlaru yerni yaratgan, osmondan suv tushirib, u ila mevalarni sizga rizq qilib chiqargan, O‘z amri ila dengizda suzmog‘i uchun kemalarni sizga bo‘ysundirgan va anhorlarni sizga bo‘ysundirgan zotdir..
  2. U sizga doimiy harakatdagi quyosh va oyni ham, shuningdek, kecha ila kunduzni ham xizmatchi qilib qo‘ydi..
  3. Va U sizga barcha so‘ragan narsalaringizdan berdi. Agar Allohning ne'matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmassizlar. Albatta, inson o‘ta zolim va o‘ta noshukrdir.. (Ibrohim surasi, 32-34 oyatlar).

Qur'oni karimda kasb-hunarga ko‘p e'tibor berilgan. Sababi, kasb-hunar orqali inson halol rizqqa erishadi va o‘zgalarga iqtisodiy jihatdan qaram bo‘lishdan qutiladi.

Ma'lumki, aynan ko‘p sonli kasblar mavjud hudud va o‘lkalarda, garchi ularning yerlarida ichki va tashqi boyliklar kam yoki butunlay yo‘q bo‘lsa ham, haqiqiy mohir ishchi kuchlari to‘planadi. Bunday davlatlar, tabiiy zaxiralari bo‘lmasa ham, o‘z yetishmovchiliklarini yuksak insoniy fazilat hisoblanmish doimiy harakatchanlik va to‘xtovsiz intiluvchanlik yordamida tiklashga imkon topa oladilar. Bu borada Yaponiyaning yaqin o‘tmishi esga olinsa, kifoya.

Shu sabab Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham sahobai kiromlarni kasb-hunarli bo‘lishga undardilar. Boy bo‘lsin, faqir bo‘lsin, mehnat qilishdan to‘xtab qolganlarni mazammat qilardilar.

Bunga misol qilib, quyidagi hadislarni keltirishimiz mumkin:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Albatta, Alloh kasb qiladigan bandani yaxshi ko‘radi. Kim oilasi uchun kasb-hunar bilan tirikchilik qilsa, Alloh yo‘lida jihod qilgan kishidek bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Halol kasb qilish farzdan keyingi farzdir”, dedilar” (Imom Bayhaqiy rivoyati). Hadisi sharifda halol rizq talab qilish Islom arkonlaridan keyingi farz ekani bayon qilindi.

Bir kishi Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhni tushida ko‘rdi. U zotdan: “Alloh sizga qanday muomala qildi?”-  deb so‘radi. Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh: “Yaratgan meni mag‘firat qildi, fazliga olib ulkan marhamat ko‘rsatdi. Lekin menga uyimning ro‘parasidagi temirchiga berilgan maqom nasib etmadi”, – deb javob berdi. Kishi uyg‘ongach, temirchining bunday darajaga qanday erishganini o‘ylab qoldi.  Surishtirib uning uyini topdi. Temirchining xotiniga tushini aytib berdi va undan: “Eringizning qanday amali bor edi?” – deb so‘radi. Ayol bunday javob berdi: “Erim temirchi edi, kun bo‘yi ishlar, kechasi esa uxlardi. Kechasi Abdulloh ibn Muborakning tahajjud o‘qishiga havasi kelib: “Biz ham boy bo‘lganimizda, tuni bilan tahajjud o‘qirdik”, – derdi. U ish vaqtida azonni eshitsa, bolg‘asini tepaga ko‘targan bo‘lsa ham urmasdi. O‘sha zahoti bolg‘asini tushirib: “Azonni eshitganimdan keyin menga bolg‘ani ushlab turish yarashmaydi”, – deya masjidga ketardi”. Temirchi halol rizq talabida edi. Azon eshitilib, birinchi va ikkinchi darajali farz teng kelib qolganda yuqorisini ustun qo‘yib, Rabbining huzurida oliy maqomga erishdi.

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu esa: “Men dunyo amali bilan ham, oxirat amali bilan ham shug‘ullanmaydigan bekorchi kishini yomon ko‘raman”, der ekanlar.

Rizq Alloh taolo tomonidan ato qilinadi. Uni halol yo‘l bilan talab etish farz amallardandir. Berilgan nasibani shariatga muvofiq bo‘lmagan yo‘l bilan qo‘lga kiritish esa haromdir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!”(Baqara surasi, 172 oyat).

Shuningdek inson o‘zini o‘zi ehtiyojini  ta'minlay olmasdan boshqalarni qo‘liga qarab ta'magir, boqimanda bo‘lib qolishdan dinimiz qaytargan.  Jumladan, kuchi quvvati bo‘la turib ko‘chalarda devonalik qilishni dinimiz ta'qiqlaydi.  Ayrim o‘zi yosh, kuch-quvvatga to‘lgan erkagu ayollar ishlash imkoni bo‘la turib, ishlamasdan ko‘chalarda uyma uy yurib tilanchilik qilishlari musulmonchilikka ham urf-odatlarimizga ham ziddir. Dinimizda insonni bir kunlik yeydigan ovqati bo‘lib sadaqa so‘rab soillik qilishi harom ekani ulamolarimiz tomonidan ta'kidlangan. Hanafiy fiqhi fatvo kitoblarida ishlashga kuch quvvati bo‘la turib sadaqa so‘ragan kishiga sadaqa berishni joiz emas deydilar. Bu holatni So‘fi Olloyor “Sabotul ojizin”da quyidagicha tariflagan.

Kecha kunduzga kimni quti yetsa,

harom ermish o‘zini soil etsa.

Payg‘ambarimiz alayhissalom hadisi shariflarida “Beruvchi qo‘l oluvchi qo‘ldan yaxshidir”,-deganlar. 

Yurtimiz tarixida ilm o‘rganish, kasb-hunar egallash qadim zamonlardan beri alohida o‘rin tutib keladi. Ota bobolarmiz ilmli, o‘z kasb-hunariga ega bo‘lgan ishbilarmon va tadbirkor insonlarni qadrlaganlar.

Mamlakatimizda ta'lim-tarbiya tizimida yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish yo‘llarini yanada takomillashtirish va ularning moddiy va ma'naviy asoslarini vujudga keltirish sohalarida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda kasb-hunarga alohida e'tibor berilayotganligi hamda yoshlarni usta-shogird yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlashi tahsinga sazovordir.

Har bir mo‘min-musulmon yosh hayotining farovonligini ta'minlaydigan biron kasb bilan shug‘ullanishi ayni islom shariatining ko‘rsatmasidir. Zero, dono xalqimiz aytganidek, “Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik”.

 

ZAYNIDDIN ESHONQULOV 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakili


Kiritilgan vaqti: 21/05/2022 16:33;   Ko‘rilganligi: 718
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/halol-kasb-qilish-farzdan-keyingi-farzdir
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 20:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing