O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Hadisni inkor qiluvchilarning da'volari va ularga raddiyalar (2-maqola)

 
 

Ikkinchi da'vo.

Alloh taolo Qur'on karimni saqlashga kafil bo‘lganining xabarini berib marhamat qiladi:

إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ

“Albatta, Zikrni Biz nozil qildik va, albatta, biz muhofaza qilurmiz” (Hijr 9-oyat).

Oyatda sunnat va hadisni saqlashi haqida gap yo‘q. Agar sunnat va hadis ham dalil va Qur'onga o‘xshab hujjat bo‘lganida Alloh taolo sunnat va hadisni ham saqlashga kafil bo‘lar edi”.

Ikkinchi da'voga javob.

Alloh taolo oyatda “Zikr”ni saqlashga kafil bo‘ldi. “Zikr” faqatgina Qur'oni karim bilan cheklanmaydi. Balki undan maqsad Alloh taoloning shariati va Rasuli orqali yuborgan dini hisoblanadi. Ya'ni “Zikr” so‘zi umumiy ma'noda kelgani uchun Qur'oni karim hamda sunnat va hadis bo‘lishi mumkin. Bunga Alloh taoloning so‘zi ham dalil bo‘ladi:

فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ

“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz Zikr ahlidan so‘ranglar”  (Nahl 43-oyat). “Zikr ahli” deganda Alloh taoloning dinini va shariatini biladiganlar nazarda tutilgan.

Shubhasiz, Alloh taolo O‘z Kitobini saqlagani kabi Rasulining sunnatini ham saqladi. Bunga hadislarni yodlash, insonlar hadisni bir-biridan naql qilishi, darslar qilish va hadislarning sahihini zaifidan ajratish sabab bo‘ldi. Ulamolar bu yo‘lda butun umrlarini sarflab ko‘p qiyinchilik va mashaqqatga duchor bo‘ldilar. Shu sababli Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biron narsa qolib ketmadi hamda asosiy manba bo‘lib kelmoqda.

Ulamolar aytishadi: Sunnat barcha olimlarda bor. Ayrimlarda ko‘p, ayrimlarda kam shaklda bor. Agar hammalarining ilmi to‘plansa hamma sunnat ham jamlanadi. Agar ular har tarafga ketsa sunnatdan ba'zisi ketadi. Shu bilan ba'zi sunnat ketsa, boshqada bu sunnat bo‘ladi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biron narsa yo‘q bo‘lib ketmagan, deb qat'iy ayta olamiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qilgan ishlari yoki aytgan gaplarining barchasi kitoblarda jamlangan. Hadislarni yetib kelish yo‘llari turlicha va sahihlik darajasida qarama-qarshi bo‘lsa ham barcha hadislar to‘plangan”.

Ibn Hazm aytdilar: “Lug‘atshunos olimlar va shariat ilmida yetuk bo‘lgan olimlar “nozil qilingan zikr” deganda Alloh taolo tarafidan nozil bo‘lgan har bir vahiyni nazarda tutishadi. Alloh taolo barcha vahiyni saqlashi aniq. Alloh taolo saqlashga kafil bo‘lsa undan biron bir narsa hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi. Hamda botil bo‘lishi mumkin emas. Hatto harflari ham abadiy saqlanadi”.

So‘ngra ibn Hazm Qur'oni karim oyatidagi “Zikr” dan maqsad faqatgina Qur'oni karim deb o‘ylaganlarga raddiya bildirib aytadilar: “Oyatdagi “Zikr”ni Qur'oni karimga xoslash dalili yo‘q yolg‘on da'vo hisoblanadi. “Zikr” so‘zidan maqsad Qur'oni karim va oyatlarni bayon qiluvchi hadisdan iborat. Qur'oni karimni ham, hadisi sharifni ham Alloh nozil qilgan. Bu haqda Alloh aytdi:

وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ وَلَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ

“…Va senga odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishing uchun Zikrni nozil qildik, shoyadki tafakkur qilsalar” (Nahl 44-oyat).

Haqiqatdan ham, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur'oni karimni bayon qilib berishga buyurilganlar. Alloh taolo Qur'oni karimda so‘zi mujmal bo‘lgan, ya'ni, biz nima nazarda tutilganini bilmaydigan ko‘p oyatlar nozil qildi. Lekin bu mujmal so‘zlarni Nabiy sollallohu alayhi vasallam bayon qilib berganlar. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oyatlardagi mujmal so‘zlarni bayon qilib bergan hadislari saqlanib qolmaganda nima bo‘lar edi? Unda ibodatlar qachon mukammal va qachon botil bo‘lishi haqidagi ma'lumot bo‘lmas edi. Bunday vaziyat Qur'oni karim matnidan foyda olishni yo‘qqa chiqaradi. Bandalarga farz bo‘lgan ko‘p amallar ham yo‘qqa chiqadi. Alloh taolo iroda qilgan haqiqiy ma'nolarning to‘g‘risini bilmay qolar edik.

Oybek Hoshimov
Hadis ilmi maktabi katta o‘qituvchisi


Kiritilgan vaqti: 06/04/2023 09:33;   Ko‘rilganligi: 902
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/hadisni-inkor-qiluvchilarning-davolari-va-ularga-raddiyalar-2-maqola
Chop etilgan vaqti: 25/03/2026 01:06
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing