Giyohvandlik insonni Alloh buyurganiday halol yashashdan mahrum etadi
Giyohvandlik insonni Alloh buyurganiday halol yashashdan mahrum etadi, uning odamlar orasidagi obro‘sini yo‘qotadi, oilasini parokandalik botqog‘iga otadi, sog‘ligiga jiddiy putur yetkazadi, o‘zini esa jinoyat yo‘liga boshlaydi. Eng fojialisi, Alloh bergan hayot ne'matining zavolga uchrashi, erta o‘lim topishi kabi kulfatlarga uchraydi. Bugungi kunda giyohvandlik balosi chegara, o‘lchov, miqyos bilmaydigan bir holatga keldi. Uning kasofatidan Yer yuzida millionlab insonlar hayot bilan erta vidolashmoqda, sog‘lig‘idan ajramoqda, oilalar buzilib ketmoqda.
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar alayhissalom mast va aqlni karaxt qiluvchi har bir narsaning harom ekani haqida ogohlantirganlar. Demak, bunday narsalar shariatimizda harom qilingan va hech bir inson, xususan yoshlarimiz bunday harom narsalarning yaqiniga ham kelmasliklari lozim. Chunki bunday harom narsalarni iste'mol qilish o‘z joniga qasd qilish, o‘zini o‘zi halokat chohiga otishdan boshqa narsa emas. Chunki Alloh taolo Qur'oni karimda bunday ogohlantiradi: “O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamang”, boshqa bir oyati karimada esa bunday deydi: “o‘zlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir”.
Shunday ekan, biror inson o‘ziga ham, atrofidagilarga ham jabr qilishi, zarar yetkazishi mumkin emas. Kishining giyohvand moddalar iste'mol qilib, o‘z joniga qasd qilishi ulkan gunohdir. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Bandam o‘zini o‘zi o‘ldirib, Mening unga bergan umrimga shukr qilmay shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim”, deb marhamat etgan.
Dunyoqarashi endigina shakllanib borayotgan, bor kuch-g‘ayratini faqat bilim olishga, izlanishga, hunar o‘rganishga sarflashi kerak bo‘lgan bir paytda, o‘smirlarni aldov yo‘li bilan giyohvandlik qurboniga aylantirayotgan kimsalar ozmi? Qanchadan-qancha oilalarning yostig‘ini quritayotgan giyohvandlikka qarshi har bir inson o‘zi kurashmog‘i, tashqi ta'sirlardan himoyalanmog‘i lozim.
Sog‘lom avlod o‘tmishi qadim, tuprog‘i oltin, osmoni musaffo O‘zbekistonning kelajak vorislaridir. Ularni mana shunday sog‘lom muhitda, ezgu tushunchalarni yuraklariga joylab voyaga yetkazaylikki, hech qanaqa tashqi salbiy xurujlar va qora illatlar o‘pqoni ularni o‘ziga jalb qila olmasin.
Muxtorov Zikriyo
Samarqand shahar "Xo‘ja Safoyi Valiy" jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 26/10/2023 11:27; Ko‘rilganligi: 635
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 09:25