O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

G‘iybat barcha yaxshiliklarni kul qilib barbod qiladi.

 
 

Bilingki, g‘iybat kishilarda tarqalgan eng xunuk xislatlardandir. Bu xislatdan kishilarning ozginasigina omonda qoladi, xolos. Agar Alloh bu yomon xislatdan asramasa va yoki Payg‘ambari o‘zi guvoh bo‘lgan kishilarni bu yomon illatdan ogoh etib qaytarmasa va yoki zamonasining mardi haq kishilari ta'sirli so‘zlari ila o‘z qo‘li ostidagi kishilarni qaytarmasa bundan tiyilish ancha qiyin va mushkuldir.

Shu sababdan Alloh taolo bu illatdan xolos etish va ogoh etish uchun barcha ummati Muhammadiyyaning boshiga ogohlantiruvchi maqtalgan Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamni yubordi. Bu so‘zimizga dalil sifatida qo‘yidagilarni keltirib o‘tamiz.

Alloh taolo buyurgan: “(O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin!..”(Hujurot,12); “(Kishilar ortidan) g‘iybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har bir kimsaning holiga voy!” (Humaza, 1); (Yo Muhammad!) Har qanday tuban qasamxo‘rga (Valid ibn Mug‘iraga) itoat etmang! (U) g‘iybatchi, gap tashuvchi....” (Qalam, 10-11).

Imom Abu Dovud Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan kishilar:

– Ey Allohning Rasuli, g‘iybat nima? – deb so‘rashdi. Rasuli Akram alayhissolatu vassalam:

– Birodaringni o‘ziga yoqmagan narsa bilan eslashing, – dedilar. Shunda:

– Birodarimda men aytgan narsa bo‘lsa-chi, bunga nima deysiz? – deganlarida, Nabiy alayhissalom:

– Agar aytganing unda bo‘lsa, g‘iybat qilgan bo‘lasan, ammo bo‘lmasa, bo‘hton qilgan bo‘lasan, – deb javob qildilar.

G‘iybatning haromligini, g‘iybat gunohi kabiralardan ekanini hamma ulamolar bir ovozdan ta'kidlaganlar. Bu ish naqadar qabih va naqadar yomon ekani oyati karimaning o‘zida ham ajoyib uslub ila bayon qilinmoqda: «Sizlardan birortangiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘rurmi?»

Qur'oni Karim birovni g‘iybat qilishni o‘sha shaxsning o‘lgandan keyin go‘shtini yeyish bilan barobar qilmoqda. Ma'lumki, odamning go‘shtini yeyish mumkin emas, o‘lgan odamning go‘shtini yeyish esa xayolga ham keltirib bo‘lmaydigan ish. Shuning uchun yuqoridagi «Sizlardan birortalaring yaxshi ko‘rurmi?» degan savolga hech kim «Ha», deb javob bera olmaydi.

Shu boisdan oyatning o‘zi «Ha, yomon ko‘rasizlar» deb ta'kidlamoqda. «O‘likning go‘shtini tanovul qilishni ko‘nglingiz qanday ko‘tarmasa, birovni g‘iybat qilishni ham shunday ko‘tarmasin», deyilmoqda

G‘iybatchilar oxiratda ham jazosiz qolmaydilar. Rasuli Akram alayhissolatu vassalom: «Merojga chiqqanimda misdan bo‘lgan tirnoqlar bilan yuzlariyu ko‘ksilarini tirnayotgan bir qavmning oldidan o‘tdim. Men:

– Ey Jabroil, ular kim? – deb so‘radim. U:

– Bular u dunyoda odamlarning go‘shtini yeb, obro‘larini to‘kkanlar, – deb javob berdi, – deya ko‘rganlarini hikoya qilib berganlar.

Oyatning oxirida Alloh taolo mo‘minlarning barchasini, xususan, yuqorida zikr qilingan gunohlarni qilganlarni Allohdan qo‘rqishga da'vat qilib, «Allohdan qo‘rqinglar!» deydi.

Shu bilan birga, avval bilmay, gunoh sodir etilgan bo‘lsa, tavba qilib, gunohini yuvish mumkinligini eslatib, Allohning fazlu karamidan noumid bo‘lmaslikka chaqiradi. Albatta, Alloh tavbani ko‘p qabul qiluvchi va rahmlidir.

Har qanday gunohdan qay tarzda tavba qilinsa, mazkur gunohlardan tavba qilishda ham o‘shanday holat, ya'ni o‘tgan ishga qattiq afsus qilib, dilidan nadomat chekib, ikkinchi bor bu ishni qilmaslikka ahd qilish va ahdiga vafo qilish bilan vujudga keladi. Ammo g‘iybatchining tavbasi bu bilan tugamaydi. Ulamolar uning tavbasi to‘liq bo‘lishi uchun yana bir muhim shartni qo‘yishgan. U ham bo‘lsa, qayerda, qaysi majlisda g‘iybat qilgan bo‘lsa, o‘sha yerda, o‘sha majlisda g‘iybat qilingan kishi haqida yaxshi gaplarni gapirishi kerak. Mo‘min-musulmonlar g‘iybatdan chetlanibgina qolmasdan, boshqa g‘iybatchilarning og‘ziga urib, g‘iybatga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishlari matlubdir.

Alloh taolo barchamizni g‘iybatdan va uning yomon oqibatlaridan asrab, rohi rostga boshlasin.

Jahongirxon Abrorov manbalar asosida


Kiritilgan vaqti: 26/01/2022 12:02;   Ko‘rilganligi: 747
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/giybat-barcha-yaxshiliklarni-kul-qilib-barbod-qiladi
Chop etilgan vaqti: 14/05/2024 00:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing