FOTIHADAN KEYIN “OMIN” AYTISH MASALASI
FOTIHADAN KEYIN “OMIN” AYTISH MASALASI
Hanafiy mazhabimizga ko‘ra namozda, “Fotiha” surasidan keyin, “omin”ni maxfiy (ovoz chiqarmasdan) aytiladi. Bunga ulamolar quyidagi dalillarni keltiradilar:
- “Omin” lafzi duo bo‘lib, “ijobat qil”, “duoni qabul qil”,degan ma'nolarni anglatadi. Alloh taolo Qur'oni karimda duoni maxfiy qilishga buyurgan:
ادْعُوا رَبَّكُمْ تَضَرُّعًا وَخُفْيَةً إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ
ya'ni: “Rabbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero, U (duoda va boshqada) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay” (A'rof surasi, 55-oyat).
Demak, “omin”ni ichimizda aytsak, oyatga amal qilgan bo‘lamiz.
FOTIHADAN KEYIN “OMIN” AYTISH MASALASI
- Yana bir dalil:
عَنْ عَلْقَمَةَ بْنِ وَائِلٍ رضي الله عنه عَنْ أَبِيْهِ: "أَنَّهُ صَلَّى مَعَ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم فَلَمَّا بَلَغَ غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلاَ الضَّالِيْنَ قَالَ: آمِيْنْ وَأَخْفَى بِهَا صَوْتَهُ") رواه الإمامُ أحمدُ والإمامُ أبو داودَ الطيالسيُّ والإمامُ أبو يَعلى الموصلي والإمامُ الدارقطني والإمامُ الحاكمُ(
ya'ni: Alqama ibn Voil otalaridan rivoyat qiladilar, otalari Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bilan namoz o‘qidilar. Payg‘ambarimiz “g‘oyril mag‘zubi 'alayhim valazzollin”ga yetganlarida ominni ovoz chiqarmasdan aytdilar (Imom Ahmad, Imom Abu Dovud, Imom Abu Ya'lo, Imom Doraqutniy, Imom Hokim rivoyatlari).
- “Omin”ni mashhur va buyuk sahobalar ham ovoz chiqarmasdan aytganliklari mazhabimizni qo‘llab-quvvatlaydi:
عَنْ أَبِيْ وَائِلٍ رضي الله عنه قَالَ: "كَانَ عَلِيٌّ وَابْنُ مَسْعُودٍ لاَ يَجْهَرَانِ بِبِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيْمِ
وَلاَ بِالتَّعَوُّذِ وَلاَ بِآمِيْنَ") رواه الإمامُ الطبراني(
ya'ni: Abu Voil raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda u zot shunday degan: “Ali va Abdulloh ibn Mas'udlar “Bismillahir rohmanir rohiym”ni ham, “a'uzu”ni ham, “omin”ni ham ovoz chiqarib aytmas edilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Boshqa bir rivoyatda hazrati Umar raziyallohu anhu ham “omiyn”ni ichlarida aytib namoz o‘qishlari ta'kidlanadi. Hanafiy ulamolar xuddi shu ma'nodagi, lekin boshqa sahobai kiromlarning nomlari zikr qilingan rivoyatlarni ham keltiradilar.
- “Omin”ni ovoz chiqarmasdan aytishga yana bir dalil:
عَنْ إِبْرَاهِيْمَ النَّخَعِي قَالَ: "أَرْبَعٌ يُخْفِيْهِنَّ الْإِمَامُ اَلتَّعَوُّذُ وَبسم الله الرحمن الرحيم وَاَللَّهُمَّ رَبَّنَا لَكَ الْحَمْدُ وَآمِيْنْ) "رواه الإمامُ عبدُ الرزاق في مُصَنَّفِهِ وإسنادُه صحيحٌ(
ya'ni: Ibrohim Naxaiydan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: “To‘rt narsani imom ovozini chiqarmasdan aytadi: “A'uzu billahi minash shaytonir rojim”, “Bismillahir Rohmanir Rohim”, “Robbana lakal hamd” va “Omin”” (Imom Abdurrazzoq “Musannaf” nomli kitobida rivoyat qilgan. Isnodi sahih).
Ulamolar shuningdek bir nechta aqliy dalillar ham keltirganlar:
Masalan: “Omin” lafzi Qur'ondan emasligi hammamizga ma'lum. “A'uzu billahi minash shaytonir rojim” esa Qur'ondan, yana Alloh taolo bizga Qur'on o‘qiganimizda uni aytishni vojib qilgan. Shundoq bo‘lsa ham, “A'uzu billahi minash shaytonir rojim”ni ichimizda aytamiz. Nima uchun “omin”ni ovoz chiqarib aytishimiz kerak ekan?!”.
Yana bir dalil: Namoz juda ham mashhur ibodat hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam namoz farz bo‘lgan kundan boshlab har kuni besh vaqt namoz o‘qiganlar. Payg‘ambarimizning har bir namozlari minglab kishilar tomonidan sinchkovlik ila kuzatib turilgan. Agar “omin”ni ovoz chiqarib aytish kerak bo‘lganida, U zot bu narsani bayon qilgan bo‘lar va orada hech qanday shubha qolmas edi.
Shuni ta'kidlab o‘tish lozimki, boshqa mazhablarda hujjat qilinadigan “Omin”ni jahriy (ovoz chiqarib) aytilishi haqida kelgan hadislarni hanafiy ulamolar Rasululloh ta'lim uchun aytganliklarini qayd etganlar.
Xulosa shuki, “Omin”ni maxfiy aytish masalasi oyat va hadisga to‘liq mos keladi va Payg‘ambarimizning sunnatidir. Hanafiy ulamolar bu mavzuda oyat va hadisga suyanganlar, qiyosga hojat ham qolmagan.
Manba:Muslim.uz
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi axborat xizmati
Kiritilgan vaqti: 13/03/2020 16:13; Ko‘rilganligi: 2376
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 13:42