O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

FITNALAR MUSULMON UMMATI BIRDAMLIGIGA XATAR SOLUVCHI TAHDIDDIR! (Ikkinchi qism)

 
 

Islom ulamolari fitna jozibador bo‘lgani sababli unga aralashgan odam chiqib ketishi qiyin bo‘ladi, lekin kishi har qanday og‘ir bo‘lmasin fitnalardan qochishi kerak deb ta'kidlashadi. Asrimizning yetuk olimi marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy fitnaga quyidagicha ta'rif bergan: “Adolat hukmronligi bo‘lmagan, uning tizgini qo‘ldan ketgan, kishilar ixtiyorsiz hamda qoidalarsiz urushga berilib ketadigan har bir holat fitnadir. Xatar va halokatga sabab bo‘lishda barcha fitnalar barobar. Ular Rasululloh (s.a.v.) ta'kidlagan sahih hadislari bilan muolaja qilinadi”.

Darhaqiqat, islomda fitnadan saqlanish uchun aniq ko‘rsatmalar qayd etilgan. Jumladan, hadisi sharifda shunday deyiladi: “Hali fitnalar bo‘ladi. Ogoh bo‘linglar! Undan keyin shunaqa fitna bo‘ladiki, u fitnaga umuman aralashmay yotgan kishi o‘tirgan kishidan yaxshidir. O‘tirgan kishi esa u fitnada ishtirok etib turgan kishidan yaxshi. U fitnalarda ishtirok etib turgan kishi esa harakat qilib yurgan kishidan afzaldir. U fitnalarda harakat qilgan kishi esa yelib yugurgan kishidan afzaldir. Agar shunday fitna odamlarning boshiga tushganda, kimning tuyasi bo‘lsa, tuyasi ortidan (fitnadan yiroq bo‘lib, tuyasiga qarab) ketsin. Kimning qo‘yi bo‘lsa, qo‘yi ortidan (fitnadan yiroq bo‘lib, qo‘yiga qarab) ketsin. Kimning yeri bo‘lsa, (fitnadan yiroq bo‘lib) yeriga borsin (dehqonchiligini qilsin). Kimda bu narsalar bo‘lmasa, qilichini olib, tig‘ini toshga urib (qilichini yaroqsiz holga keltirsin) va bu fitnaga aralashmaslik qo‘lidan kelsa, aralashmasin. Allohim, yetkazdimmi! Allohim, yetkazdimmi! (O‘zing guvoh bo‘l!) (Abu Dovud, 4258-hadis).
Fitnalarga aralashib qolish nafaqat buzg‘unchilarning da'vati bilan tinch jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish, balki ixtilof va nizolarga sabab bo‘ladigan ma'lumotlarni tarqatish orqali ham amalga oshadi. Qur'oni karimda bunday ishlar qat'iyan man etilgan: “Ey mo‘minlar! Agar biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga musibat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz” (“Hujurot” surasi, 6-oyat). Hadisi sharifda esa Muhammad (s.a.v.)dan quyidagi ko‘rsatma mavjud: Umar (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Kishining yolg‘onchi bo‘lishiga eshitgan narsasini gapiraverishi kifoya qiladi” (Imom Muslim, 5-hadis). Ta'kidlash joizki, bugungi kunda Suriya, Iroq kabi mamlakatlarda buzg‘unchi kuchlar amalga oshirayotgan fitnalarga aralashib qolayotgan shaxslar mazkur muqaddas ko‘rsatmalarga amal qilmayotganlari sababli o‘zlari va yaqinlarini halokatga tashlamoqda.
To‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmasdan najot topuvchilar sifati haqida esa hadisi sharifda quyidagilar ta'kidlangan: “Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Ummatim aslo zalolat ustida jamlanmaydi. Shuning uchun qachon ixtilof ko‘rsalaring “savodul a'zam” bilan birga bo‘linglar”, – deyayotganlarini eshitdim” (Ibn Moja, 3950-hadis).
“Savodul a'zam” tushunchasi “ulkan jamoat” ma'nosiga to‘g‘ri keladi. Ulamolar ushbu hadisda xabar berilgan “savodul a'zam”ni “Ahli sunna val-jamoa” – deganlar. Imom Moturidiyning shogirdlaridan biri Abul Qosim Hakim Samarqandiy “as-Savod al-a'zam fil-kalom” asarida hadisi sharifda xabar berilgan najot topuvchilarning oltmish ikkita xislatini bayon qilgan. Ularning ayrimlari quyidagilar: musulmonlar jamoasiga qarshi chiqmaslik; Qibla ahli bo‘lgan kimsani modomiki halol sanab qilmagan bo‘lsa biror gunoh tufayli kofirga chiqarmaslik; Qadarning yaxshisi ham yomoni ham Allohdan deb bilish; nohaq ravishda birorta musulmonga qarshi qilich ko‘tarmaslik; Payg‘ambar (s.a.v.)ning shafoatlarini haq deb bilish; valiylarning karomatlarini inkor etilmaydigan haq deb bilish; gunohkor mo‘minlarga gunohlari miqdoricha do‘zax azobi bo‘lishini haq deb bilish; Alloh taoloni makon, zamon, kelish va ketish (kabi maxluqlarning sifatlari)dan holi deb bilish.

(davomi bor)

© O‘tkir Hasanbayev


Kiritilgan vaqti: 11/08/2021 10:47;   Ko‘rilganligi: 664
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/fitnalar-musulmon-ummati-birdamligiga-xatar-soluvchi-tahdiddir-ikkinchi-qism
Chop etilgan vaqti: 15/05/2024 19:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing