O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

FITNALAR MUSULMON UMMATI BIRDAMLIGIGA XATAR SOLUVCHI TAHDIDDIR!

 
 

So‘nggi yillarda dunyo hamjamiyatining birgalikda rivojlanish yo‘lida erishayotgan yutuqlari bilan bir qatorda inson qalbi va ongi uchun kurashlarning yangi usul va vositalarining ko‘payib borayotgani, ayniqsa, bu borada din omilidan foydalanishga qaratilgan xatti-harakatlarning guvohi bo‘lmoqdamiz.

Islom olami mamlakatlarida bunday buzg‘unchilik ishlari musulmonlar orasiga nifoq va rahna solish orqali tinch-osoyishta jamiyatda ijtimoiy beqarorlik, iqtisodiy va siyosiy tanazzul chiqarishga qaratilgan fitnalar shaklida amalga oshirilmoqda. Qator musulmon mamlakatlari, ayniqsa, arab davlatlarida bu kabi fitnalar aholining boshiga mislsiz kulfatlar keltiryotgani, yuz minglab begunoh odamlarning nobud bo‘layotgani, qochqinlarning avval tarixda ko‘rilmagan katta oqimi vujudga kelgani, bugungi kunda ham ayrim hududlarda qurolli to‘qnashuvlar ketayotgani fikrimizning dalili bo‘ladi.
Shu nuqtai-nazardan, mazkur tushunchaning mohiyat-mazmunini yoritib, fuqarolarimizni, ayniqsa yoshlarimizni fitnalardan kelib chiqadigan xatarlardan ogoh etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Fitna” (arab. - sinash, imtihon qilish, azoblash, boshini aylantirish, to‘g‘ri yo‘ldan ozdirish, adashtirish, vasvasa qilish) – lug‘atshunoslarning fikriga ko‘ra, “Fitna” so‘zi arablarda oltinni o‘tga tutib, yot moddalardan tozalashni anglatgan. Shu nuqtai nazardan, fitna “imtihon”, “sinov” degan ma'nolarda ham ishlatilgan bo‘lib, u ushbu ma'noda kelgan hadislar mavjud.
Mashhur arab tarixchisi Muhammad ibn Asir al-Jazariy (1160-1234)ning fikriga ko‘ra: “Fitna imtihon va sinovdir.... Fitna so‘zini keyinchalik sinov tufayli kishiga yetadigan “aziyat” ma'nosida ham ishlatish ommalashgan. So‘ngra bu so‘z gunoh, kufr, urush, yondirib yuborish, yo‘q qilish, biror narsadan chetlatish ma'nosida ham ko‘p qo‘llangan”.
Islom ta'limotida aholi osuda hayot kechirib turgan jamiyatda halovat va tinchlikka rahna soladigan har qanday fitna harakatlari odamlarning qonini to‘kishdan ham og‘ir gunoh sanaladi. Bu haqida Qur'oni karimda quyidagicha ta'kidlangan: “... Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir. ...” (“Baqara” surasi, 191-oyat); “Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir” (“Baqara” surasi, 217-oyat). Musulmonlarga fitna tarqalganda barchani qamrab olishi haqida ogohlantirilib, undan saqlanishga buyurilgan: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir” (“Anfol” surasi, 25-oyat).
Hanafiy mazhabining yirik olimi Imom Muhammad Xodimiy “al-Bariyqa” nomli asarida fitna haqida quyidagilarni aytgan: “Ma'naviy illatlardan yana biri fitnachilikdir. Fitna deb odamlarni iztirob, ixtilof, mashaqqat va baloga giriftor qilishga aytiladi. Masalan, xalqni bog‘iylikka tashviq qilish, podshoga qarshi chiqishga targ‘ib qilish, va'z aytishda tinglovchilarning saviyasini hisobga olmasdan tushunmovchilik keltirib chiqaruvchi murakkab tilda gapirish kabi holatlar umumma'noda fitnaga misol bo‘ladi”.

(davomi bor)

© O‘tkir Hasanbayev


Kiritilgan vaqti: 10/08/2021 08:31;   Ko‘rilganligi: 635
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/fitnalar-musulmon-ummati-birdamligiga-xatar-soluvchi-tahdiddir
Chop etilgan vaqti: 16/05/2024 06:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing