Fitnaga aldanmang
Yer yuzida odamzod paydo bo‘libdiki, uning boshidan turli xil sinovlar o‘tdi va o‘tmoqda. Ba'zilari Alloh taologa osiylik qilishib yer yuzidan butkul yo‘qolib ketishdi. Ba'zilari esa Alloh taoloning roziligini topish yo‘lida g‘ayrat qilishdi va yuksak maqomlarga erishdi. Alloh taoloning raxmati bandalari uchun nihoyatda keng ekanligini yaxshi bilamiz. Bu haqda Alloh taolo o‘z kalomida, “Agar bergan ne'matlarimni sanayman desalaring, hargiz uddasidan chiqa olmaysizlar”, deb marhamat qilgan. Demak berilgan ne'matlarni hatto sanog‘iga yeta olmas ekanmiz, mana shu ne'matlarga shukr qilishimiz lozim.
Mana shunday ne'matlardan biri bu Tinchlik ne'matidir. Hozirgi vaqtda axborot oqimi jadal suratda rivojlanib bormoqda. Dunyodagi bo‘layotgan xabarlar bir zumda oshkor bo‘lib, undan barcha xabardor bo‘lmoqda. Yurtimizda ham bu sohada ishlar olib borilmoqda va aholi bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lishmoqda. Xabarning ham turlichasi bo‘larkan. Ba'zilaridan ko‘nglingiz tog‘day ko‘tarilsa, ba'zilaridan qattiq ranjir ekansiz.
Islom dini insoniyatni faqat va faqat yaxshilikka, ezgulikka olib boradigan dindir. Islom dini bilan sharaflangan kishi faqat yaxshilik qiladi. Diniy soha xodimlari ham, ulamolarimiz ham, olimlaru imomlarimiz ham faqat yaxshilikka xizmat qilishadi. Mana shu xizmatlar e'tirof qilinmoqda, ijobiy xulosalar berilmoqda va yurtga xizmat qilganlar qatorida imom xatiblarimiz ham mukofotlar bilan taqdirlanmoqda. Lekin tanganing ikkinchi tomoni bo‘lganidek, mana shunday tinchlik, yaxshiliklarni ko‘ra olmaydigan g‘alamis kimsalar ham topilar ekan. Ayniqsa diniy soha xodimlariga, jumladan, imomlarimizga ham malomat toshlarini otadiganlar topilar ekan. Bu holatlarni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatish mumkin. Eng achinarlisi, mana shu xabrlarga ko‘r ko‘rona ishonib, ergashib ketadiganlarning borligi kishini o‘ylantiradi. Yurtimizdagi minglab masjidlarda imom xatiblarimiz tomonidan ogohlik, fitnalarga aldanib qolmaslik to‘g‘isida ko‘p gapirilishiga qaramasdan, shu kabi illatlarga aralashib qolayotganlar borligi achinarli holat.
Hidoyat jurnalining 7 sonida bir mulohaza keltirilgan.” Domlalarimizni tanqid qilgan, ularga ajratilgan mablag‘ga hasad qilgan kimsa ham yo‘l-yo‘lakay qachondir, qaysidir masjidda, qaysidir imomga iqtido qilib, uning ortidan namoz o‘qigandir. Mazhabboshimiz Imomi A'zam raxmatullohi alayh, “Kimki o‘zi iqtido qiladigan imomning ortidan gapirish u yoqda tursin, hatto bu haqda xayolidan o‘tkazsa, o‘qigan namozi qabul bo‘lmaydi”, deganlar. Alloh asrasin.”
Imom xatiblarimiz va diniy soha xodimlarining elu yurt uchun xizmatlari katta. Inson to‘g‘ilgandan to oxirgi manziligacha ularning xizmatiga muxtoj. Shunday ekan gapirishdan oldin bir o‘ylab, mulohaza qilish lozim. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam, “Olimlar Payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir”, deb marhamat qilganlar. Bu bejizga aytilmagan.
Alijon Yaqubov - Ishtixon tuman bosh imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 31/10/2020 10:25; Ko‘rilganligi: 1116
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:54