O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

FITNA QOTILLIKDAN HAM YOMON ekanligi haqida

 
 

Tog‘ uzoqdan mahobatli, salobatli emas, aksincha o‘zining ulug‘vorligiga nisbatan ancha kichik ko‘rinadi. Qancha yaqinlashsangiz, uning viqorli, muazzam ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu manzara, ya'ni uzoqdan kichik, yaqindan yirik ko‘rinish kishini aldab qo‘yishi mumkin…

Bu yilgi Qurbon hayiti diniy soha xodimlari uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi desak, mubolag‘a emas. Gap shundaki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni e'lon qilindi.

Ushbu hujjatga binoan jamiyatimizda tinchlik-do‘stlik, mehr-oqibat va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etib kelayotgan diniy soha vakillarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 150 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Bundan maqsad joylarda xayru saxovat, muruvvat borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, jaholatga qarshi ma'rifat ruhidagi keng qamrovli tadbirlarni yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, farmonda “Jaholatga qarshi ma'rifat ruhidagi keng qamrovli tadbirlarni yangi bosqichga ko‘tarish” belgilangan. Demak, ma'rifatga asoslangan ezgu ishlarimiz yana davom etadi.

Bu diniy sohada tarixidagi katta yangilik bo‘lib, bu yo‘nalishda xizmat qilayotgan imom-xatiblarimizning, noiblarimizning, mutavallilarimizning kamtarona xizmatlariga ulkan rag‘bat bo‘ldi.

Lekin, taassufki, tirnoq orasidan kir qidirishni kasb qilib olgan, bilgani fitna tarqatish, fisqu fasod yoyish, odamlarni chalg‘itish, haqiqatning yuziga loy chaplash, adolatni oyoqosti qilish bo‘lgan ayrim g‘alamis kimsalar internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali davlatimizning diniy sohaga qaratayotgan ulkan e'tibori va g‘amxo‘rligini tanqid qilib chiqdi. Emishki, davlatning bunday g‘amxo‘rligidan ko‘zlangan maqsad “quruq mafkura, asossiz ma'naviyat yordam bermay qolganida, din peshvolari ko‘makka keladi”.

Avvalo, shuni yaxshi bilish kerakki, dinimizda har qanday fitna qattiq va qat'iy qoralanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda: «Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir» (Baqara surasi, 191-oyat). Boshqa bir oyati karimada esa: «Yana (ular) Yer yuzida fasod (ishlarni qilish)ga harakat qiladilar. Alloh (esa) buzg‘unchilarni yaxshi ko‘rmaydi» (Moida surasi, 64-oyat).

Juda ko‘plab oyati karimalarda va hadisi shariflarda fisqu fasod qilish, odamlarni bir-biriga gij-gijlash, asossiz xabarlar tarqatish og‘ir gunoh ekani bayon etilgan.

Endi do‘ppini yechib, o‘ylab ko‘raylik. Muhtaram Yurtboshimizning “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan diniy soha xodimlari moddiy rag‘batlantirildi. Xo‘sh, buning nimasi yomon? Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘ shu yurtning fuqarolariga, sizu bizning xizmatimizga har doim shay turgan diniy soha xodimlariga tarqatildi-ku.

“Diniy soha xodimlari nima karomat ko‘rsatishibdiki, ularga shuncha g‘amxo‘rlik qilinsa”, demoqchimisiz?!

UNDA QULOQ TUTING.

Siz koronavirusni yuqtirib olishdan qo‘rqib, uyingizda, oilangiz bag‘rida, farzandlaringiz ardog‘ida o‘tirganingizda, imom-xatiblarimiz Alloh taologa tavakkal qilib, xalq xizmatida uyma-uy yurishdi. Odamlarga koronavirus tufayli joriy etilgan karantin davrida dinimizning ko‘rsatmalarini, ta'limotini yetkazishdi.

Sizning biror do‘stingiz, ulfatingiz farzandli bo‘lganida, uni tabriklash u yoqda tursin, hatto telefon qilish ham xayolingizga kelmagan bir paytda, imomlarimiz yangi tug‘ilgan chaqaloqning qulog‘iga azon va takbir aytishdi.

Sizning koronavirusni yuqtirib olgan biror tanishingiz, yaqiningiz, qarindoshingiz vafot etganida, uning ta'ziyasiga borishdan cho‘chib turganingizda, imom domlalarimiz, hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, marhumning janozasini o‘qishdi, dafn marosimida qatnashishdi.

Siz uyingiz derazasidan havo orqali ham koronavirus yuqishidan  qo‘rqib, tashqariga qarashga botinolmay turganingizda, imom-xatiblarimiz, noiblarimiz huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan birgalikda aholi orasiga kirib borib, yurtdoshlarimizga jamiyatimizda tinchlik-do‘stlik, mehr-oqibat va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etishdi.

Siz koronavirus sababli ro‘zg‘oringiz kam-ko‘stini to‘ldirish uchun bozorga, do‘konlarga borishdan cho‘chib turganingizda, imom domlalarimiz tegishli tashkilotlar xodimlari bilan birgalikda bozorlarda, do‘konlarda yurib, narx-navoni asossiz oshirish dinimiz ta'limotiga zid ekanini, tarozidan urib qolishning oqibati juda yomonligini sotuvchilarga birma-bir tushuntirishdi.

 Imom domlalarimiz bunday sharafli va o‘ta mas'uliyatli vazifani ado etishayotganlarida “vaziyat qaltis, jonim omonligiga hech kim kafolat bermaydi”, “maoshim kam”, “farzandimning tobi yo‘q”, “ro‘zg‘orimning kam-ko‘stini to‘ldirishim kerak”, degan bahonalarni qilishmadi.

Chunki ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: «Uch toifa inson qiyomat kuni qo‘rquvga tushmaydi, hisob-kitob qilinmaydi. Alloh taolo bandalarini hisob-kitob qilib bo‘lganicha ular mushkli tepalikda bo‘ladilar: 1) Allohning roziligini istab Qur'on o‘qigan va u bilan bir qavmga imom bo‘lgan hamda ular undan rozi bo‘lgan toifa; 2) o‘zi va Rabbisi o‘rtasidagi munosabatni joyiga qo‘ygan 3) o‘zi va xojalari munosabatini yaxshi qilgan toifa” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan hadislariga chin dildan ishonashadi. Shu bois muhtaram imom domlalarimiz har bir ishni, garchi ming mashaqqatli, xavfli bo‘lsa-da, Alloh roziligi uchun bajarishadi.

Ulamolarimiz tasnif etgan kitoblarda imomlik masalasiga maxsus boblar bag‘ishlangan. Abul Hasan Ali ibn Muhammad Movardiy bunday deydi: “Barcha kishilar imomning fikrini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu tariqa imomlik ularga bir poydevor kabidir. Elu yurt va din qoidalari o‘sha poydevor asosida barqarorlikka erishadi”.

Domlalarimizni tanqid qilgan, ularga ajratilgan mablag‘ga hasad qilgan kimsa ham yo‘l-yo‘lakay qachondir, qaysidir masjidda, qaysidir imomga iqtido qilib, uning ortidan namoz o‘qigandir. Mazhabbaoshimiz Imomi A'zam rahmatullohi alayh aytadilar: “Kimki o‘zi iqtido qiladigan imomning ortidan gapirish u yoqda tursin, hatto bu haqda xayolidan o‘tkazsa, o‘qigan namozlari qabul bo‘lmaydi”.

Alloh asrasin! 

…Bugun imom-xatiblarimizning mas'uliyatli vazifalarini maqolamizning kirish qismida keltirilgan toqqa qiyoslash mumkin. Yaqindan bilmagan, guvohi bo‘lmagan kishi ularning mashaqqatli ishlarini uzoqdagi toqqa o‘xshatishadi. Unga yaqin borishi bilan naqadar mahobatli va muazzam ekanini payqaydi.

Xo‘sh, aziz o‘quvchi, endi o‘zingiz baho bering. Tug‘ilganimizdan to umrimizning oxirigacha, hatto biz vafot etganimizda so‘nggi manzilimizga xayrli duolari bilan kuzatib qo‘yadigan imom-xatiblarimizga, noiblarimizga malomat toshlarini otish, ularning kamtarona xizmatlariga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan yuksak e'tiborni tanqid qilishdan kimga nima naf?! Axir, xohlaymizmi, yo‘qmi, vaqti-soati kelib, baribir ularga ishimiz tushadi-ku. Nahotki, shuni o‘ylamasak?!

Alloh taolo hammamizga insof, tavfiq bersin! Basirat ko‘zlarimizni ochsin! Omin!

Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 03/08/2020 14:34;   Ko‘rilganligi: 1286
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/fitna-qotillikdan-ham-yomon-ekanligi-haqida
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing