O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

FIQH ABU HANIFANING FIQHIDIR!

 
 

Kitob va sunnatga eng yaqin mazhab Hanafiy mazhabidir. Aql va mantiqqa eng muvofiq keladigan mazhab Hanafiy mazhabidir. Shariat maqsadlariga eng yaqin mazhab Hanafiy mazhabidir. Bandalarga eng yengil mazhab Hanafiy mazhabidir. Dunyoda eng keng tarqalgan mazhab Hanafiy mazhabidir. Mahkamalar uchun eng sobit hukm Hanafiylar hukmidir.
“Sharhi ma'onil osor”ni o‘qigan va u hukm qilgani kabi hukm qilgan kishi bunga amin bo‘ladi. Bunga dalil bu mazhabning keng tarqalgani, kishilarga maqbul bo‘lganidir!

Islomdagi buyuk imomlar imom Abu Yusuf Ya'qub ibn Ibrohim va imom Muhammad ibn Hasan Shayboniylar Abu Hanifa rohimahullohning shogirdi va tobelari ekanligi bu mazhabning buyukligiga yetarlidir aslida. Vaki' ibn Jarroh rohimahulloh ham Abu Hanifa rohimahullohning tobelaridan. Bu kishidan imom Buxoriy rohimahulloh hadis rivoyat qilgan. Bu kishi haqida imom Ahmad ibn Hanbal rohimahulloh: “Undan ko‘ra hifzi kuchli insonni ko‘rmaganman!”, deganlar. Xatib Bag‘dodiy rohimahulloh aytadi: “Vaki' Abu Hanifa rohimahullohning gapi bilan fatvo berar edi. U kishidan juda ko‘p narsa eshitgan edi”.

Jarh va ta'dil ilmining asoschisi Yahyo bin Sa'id al-Qatton rohimahulloh: “Biz uning ko‘p gaplarini oldik!”- deydi.
Hadis imomlaridan bo‘lgan, imom Buxoriy va imom Muslimning zamondoshlari imom Tahoviy rohimahulloh Shofi'iy mazhabini tark qilib Abu Hanifa rohimahullohning mazhabini tanlaganlar. Buyuk mujtahidlardan Sufyon Savriy rohimahulloh ko‘p masalalarda Abu Hanifa rohimahullohga muvofiqdir. Abu Yusuf rohimahulloh aytar edi: “Allohga qasamki, Sufyon Savriy Abu Hanifaga mendan ko‘ra ko‘proq ergashadi!”. 

Hadis ilmida mo‘minlar amiri bo‘lgan Abdulloh ibn Muborak rohimahulloh Abu Hanifa rohimahullohning mashhur tobelaridan hisoblanadi. Abdulloh ibn Muborak rohimahulloh aytadi: “Agar menga Abu Hanifa va Sufyon Savriylarning yordami bo‘lmaganida men ham boshqa insonlar kabi bo‘lar edim!”.

Hamma Abu Hanifa va u zotning as'hoblaridan hayiqar edi. Ularning haybati bor edi. Imom Roziy o‘zining “Manoqibush Shofi'iy” nomli kitobidan Hanafiylarni sifatlab aytadi: “Dunyo muhaddislar va roviylariga to‘lgan paytda As'hobi ra'y(Hanafiylar) o‘z mazhabini g‘olib qildi. O‘shanda hech kim ularning qavllarini ta'na qila olmagan edi!”.

Abu Hanifa mazhabi ilm daholari huzurida yozildi, kitobga tushirildi. Abu Hanifa rohimahullohning huzurida turli ilmning darg‘alari jamlandi. Ular qirq kishi edi. Yahyo ibn Abi Zoida, Hafs ibn G‘iyos, Qozi Abu Yusuf, Dovud Toiylar hadis va asarlarda, imom Zufar rohimahulloh istinbotda, Qosim ibn Ma'n va Imom Muhammadlar arab tilida tengsiz edilar. Ular bu mazhab ahkomlarini o‘ttiz yil yozishdi. Har bir masalani yozishdan oldin uni muhokama qilib bahslashishar edi. Imom Tahoviyning zikr qilishicha, majlisda barcha hozir bo‘lmasa o‘sha masalani yozishmas edi.

Endi Abu Hanifa mazhabining siyosiy va qozilikka oid tomonini zikr qilsak mavzu uzayib ketadi. Alloma Munozir Hasan Kiyloniy urdu tilida 700 sahifali “Abu Hanifaning siyosiy hayoti” nomli kitob yozgan. Mazkur kitobda voliylar Abu Hanifa va uning as'hoblaridan qanchalar hayiqishganini zikr qilgan. Unga yaqinlashishga urinishganini aytgan. Abu Hanifa rohimahullohning shogirdlari islom olamida qozilik mansabida o‘tirishganini, ustozlari shavkati va viqorini qaytarib olishganini zikr qilgan!
Bizga dinni yengil va mukammal holatda yetib kelishiga o‘z hissasini qo‘shgan mujtahid ulamolardan Alloh rozi bo‘lsin! Bizning nomimizdan ham ularni mukofotlasin!

Urgut tumani "Urgut markaziy" masjidi xodimi A.Polvonov


Kiritilgan vaqti: 09/02/2022 08:02;   Ko‘rilganligi: 1005
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/fiqh-abu-hanifaning-fiqhidir
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing