O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

«Fatavoi Olamgiriya»ning muallifi kim?

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

SavolYaqinda masjid imomining «Fatavoi Olamgiriya» kitobi hanafiy fiqhining eng mo‘tabar manbalaridan biri» deganini eshitib qoldim. Bu kitobning muallifi kim? Bir tanishim uni Hindistonning uzoq yillik hukmdori Avrangzeb Olamgir yozganini aytib qoldi. Shu gapda jon bormi? Negaki, davlat rahbarining fiqh bo‘yicha kitob yozganiga uncha ishongim kelmadi.

Mahmud O‘rinboyev

Namangan shahri

Bu nodir kitobni Avrangzebning o‘zi yozmagan, balki uning dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Hindistonda yarim asr hukmdorlik qilgan Avrangzeb Olamgir «Fatavoi Olamgiriya» nomi bilan mashhur bo‘lgan «Fatavoi Hindiya» asarini tuzish uchun bir lajna (hay'at) tuzdiradi. Bu lajnaga hind diyorida hanafiy mazhabi bo‘yicha ko‘zga ko‘ringan taniqli olim, mudarris, yetuk faqihlarni to‘playdi. Bu lajnaga rais va mudir etib Shayx Nizomiddin Burhonpuriy tayinlanadi. Avrangzeb Olamgir bu ishlarga ikki yuz ming rupiya sarflaydi. «Hind diyorida islomiy madaniyat» asarining muallifi uzoq izlanish va tadqiqotlardan so‘ng bu lajnada ishtirok etgan olimlarning soni va nomini topadi. «Fatavoi Hindiya» asarini yozishda ishtirok etgan olimlar 22 nafar bo‘lgan.

Imom Dehlaviy aytadi: «Avrangzeb Olamgir bu vaqtda «Fatavoi Hindiya» asarini yozish va tartiblash ishlariga qattiq e'tibor qaratgan edi. Shayx Mulla Nizomiddin Avrangzeb Olamgirga har kuni kitobning tayyor bo‘lgan qismini o‘qib berar edi. Kunlarning birida shayx Mulla Homid tayyorlagan qismni Avrangzeb Olamgirga o‘qib beradi. Shayx Mulla Homid bir masala borasida ikki kitobdan olingan ikki jumlani bir-biriga aralashtirib yuboradi. Natijada jumlada mubhamlik va chigallik paydo bo‘ladi. Shayx Abdurrahimning ko‘zi nogahon ushbu gapga tushib qoladi. Bu masalani o‘rganib ko‘rsa, ikki iborani aralashtirib yuborgan bo‘ladi. Shunda iboraning hoshiyasiga: «Kim fiqhni chuqur bilmasa, aralashtirib yuborishi mumkin. Bu xato bo‘lib, to‘g‘risi bunday bo‘ladi», deb yozib qo‘yadi. Shayx Mulla Nizomiddin matnni ushbu hoshiyasi bilan tezgina o‘qib ketgani sabab iboraning haqiqatiga e'tibor bermaydi. Ammo o‘ta ahamiyat va qiziqish bilan eshitib turgan Sulton bu iboraga tushunmay qoladi. Sulton: «Bu qanday ibora?» deb so‘raydi. Shunda shayx Mulla Nizomiddin qattiq xijolat bo‘ladi. O‘zini tutib bunday deydi: «Men bu joylarni avval o‘qimagan edim. Ertaga batafsil sharhlab kelaman», deb aytadi. So‘ngra Shayx Mulla Homidning oldiga kelib: «Senga bo‘lgan ishonchim va e'timodim sababli sen tayyorlagan qismni o‘qimagan edim. Sultonni oldida meni xijolatga qo‘yding», deb ta'na qildi. Shayx Mulla Homid bu narsaga biror og‘iz so‘z aytolmay qoldi. So‘ngra shayx Abdurrahimga bu borada shikoyat qilganida darhol kitobni ochib, xato bo‘lgan joyini va iboradagi mubhamlikni ko‘rsatib beradi. Shu sabab shayx Abdurrahim bilan o‘rtada hasad paydo bo‘ladi. Keyinchalik ishlar o‘rniga tushganidan so‘ng shayx Abdurrahim lajnadan chetlashtirildi.

Avrangzeb Olamgirning ko‘rsatmasiga binoan mamlakatning qirqdan ortiq salohiyatli fiqh olimlari shu tariqa hanafiy mazhabining fatvolarini saralab, to‘plamni tuzib chiqishdi. Hindistonda «Fatavoi Olamgiriya», undan tashqarida «Fatavoi Hindiya» nomi bilan mashhur bo‘lgan fatvolar to‘plami ana shu tarzda yuzaga keladi. Hanafiy mazhabining o‘ziga xos bu fiqhiy qomusi Nizomuddin Burhonpuriy (Shayx Nizom) boshliq yigirma to‘rt nafar olim tomonidan Qur'on, Sunnat, ijmo' va qiyosga muvofiqligi tekshirib chiqildi. To‘plamni yaratishda to‘rt guruhga bo‘linib ishlangan: avvalgi to‘rtdan biriga shayx Vajihiddin, ikkinchi qismiga shayx Jaloliddin, uchinchi qismiga qozi Muhammad Hasan, oxirgi bo‘lagiga mulla Hamid Junpuriy boshchilik qilgan hamda shayx Nizom rahbarligi va muharrirligida muvaffaqiyatli tugatilgan. Shundan keyingina Avrangzeb mazkur kitobni barcha amaldorlarga tarqatib, bundan keyin barcha davlat va qozilik ishlarida ana shu fatvolarga qat'iy rioya qilishni, Islom shariati talablarining har qanday buzilishiga qarshi kurash olib borishni topshirdi.

 

«Avrangzeb Olamgir – boburiy hukmdor» kitobidan

«Hilol» jurnalining 5(14) sonidan 


Kiritilgan vaqti: 09/09/2020 12:19;   Ko‘rilganligi: 2582
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/fatavoi-olamgiriyaning-muallifi-kim
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:09
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing