O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Farzand tarbiyasiga, yoshlarni ilm ma'rifatli bo‘lishiga mas'ulmiz

 
 

Farzand Alloh taolo tomonidan berilgan buyuk ne'mat bo‘lib, har bir ota-ona bu ne'matni qadriga yetib, haqqini ado qilishi zarurdir. Dinimizda farzand tarbiyasiga katta ahamiyat berilgan bo‘lib, uni farzand hatto dunyoga kelmasdan oldin boshlash kerak ekani bir qancha kitoblarimizda bayon qilingan.

Muqaddas dinimiz otaning zimmasiga farzandni dunyoga keltirishdan oldin bir qancha vazifalarni yuklagan. Quyida ulardan ba'zisini bayon qilamiz: Bo‘lajak farzand uchun odob-axloqli, dinu-diyonatli ona tanlash. Chunki farzand tarbiyasiga otadan ko‘ra onaning ta'siri ko‘proq ekani barchamizga ma'lum. Sababi otalar ko‘proq vaqtlarini oilasining ta'minoti uchun ko‘cha-kuyda o‘tkazadilar. Farzand esa ko‘proq onasi bilan uyda qoladi. Farzand kim bilan ko‘proq muloqotda bo‘lsa, tabiiyki o‘shaning ta'siri katta bo‘ladi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayxi va sallam bu borada shunday deganlar: Ya'ni “Sizlar o‘z nutfangizga munosib jufti halolni ixtiyor qilinglar. O‘zingizga munosiblarga nikohlaninglar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Demak, farzand odob-axloqli bo‘lishi uchun uning birinchi suhbatdoshi bo‘lmish onasini xusni xulqli va solihasini tanlash otasining burchi ekan.

Dinimiz otaning zimmasiga farzandi dunyoga kelgandan keyin bir qancha vazifalarni yuklagan. Quyida ulardan ba'zisini bayon qilamiz:

  1. O‘ng qulog‘iga a'zon va chap qulog‘iga taobir aytish. Gar ota buni o‘zi bajara olmasa, boshqa bir kishini o‘zidan vakil qilsa ham bo‘ladi. Bu haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayxi va sallam shunday deganlar: “Kimning bolasi tug‘ilsa-yu iqoma aytsa , unga ummusibyon zarar yetkaza olmaydi”. (Imom Abu Dovud rivoyatlari )

Ummusibyon bolalarga ziyon yetkazadigan jin toifasidir. Uning qiladigan ishi go‘daklarga ziyon yetkazishdan iborat. Ammo bolaning qulog‘iga azon va takbir aytib qo‘yilsa, mazkur jin bolaga zarar yetkaza olmay qoladi.

  1. Farzandga ma'noli va chiroyli ism qo‘yish ota-onaning burchlaridan biridir. Farzand kelajakda o‘z ismidan uyalmaydigan bo‘lishi kerak. Bu haqida Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Qiyomat kunda o‘z ismingiz va otalaringiz ismlari bilan chaqirilasizlar. Shuning uchun farzandlarga chiroyli ism qo‘yinglar” (Imom Axmad rivoyatlari)

Payg‘ambarimiz sollallohu alayxi va sallam: Ismlarning yaxshisi bandalik va hamdni bildiruvchisidir”- deganlar. Shuning uchun, Alloh taologa bandalik ma'nosini anglatuvchi Abdullox, Abdurraxmon va Alloh taologa hamd ma'nosini anglatuvchi Hamidulloh kabi ismlar yaxshi ismlar hisoblanadi. Shuningdek, Payg‘ambarlar, sahobalar va tobeinlar kabi ulug‘ zotlarning ismlari ham qo‘yilishga tavsiya qilingan yaxshi ismlar hisoblanadi.

Qizlarga ham o‘tgan ulug‘ momolarimiz sahobiya ayollar va ezgulik ma'nosini anglatuvchi ismlarni qo‘yish tavsiya etiladi.

  1. Ona imkoniyatga qarab farzandiga aqiqa qilib berishi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Yangi tug‘ilgan bolaga aqiqa qilish bordir. Uning uchun qon chiqaring va undan nopoklikni ketkazing?” (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Sha'riyatimizga ko‘ra, aqiqani ko‘rinishi shuki, bola tug‘ilganidan keyin 7 (ettinchi) kuni sochi olinadi va o‘sha sochining og‘irligiga tilla yoki kumushning qiymati miqdorida faqirlarga sadaqa qilinadi.

Aqiqa kunini tayin qilinishi borasida Oysha roziyallohu anhu shunday deganlar: Aqiqa yettinchi kuni bo‘lsin. Agar yettinchi kuni bo‘lmasa, o‘n to‘rtinchi kuni bo‘lsin. Agar o‘n to‘rtinchi kuni bo‘lmasa yigirma birinchi kuni bo‘lsin”(7-14-21).

Ulomalarimiz aytadilarki, mana shu kunlarda aqiqa qilishga otaning moliyaviy imkoniyati bo‘lmasa, qachon bo‘lsa, o‘sha paytda qilishi mumkin.

Shu bilan birga otasi bolasini solih va taqvodor kishi huzuriga olib borib tanglayini ko‘tarishi ham marg‘ub ishlardandir. Tanglay ko‘tarish degani solih va taqvador kishi bir xurmo yoki shirin mevani oldin o‘zi chaynab turib, bolasining og‘ziga qo‘li bilan solib qo‘yishidir. Bu narsa meva bo‘lgani afzaldir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam, deyarli, doimo bolalarning tanglayini xurmo bilan ko‘targanlar.

  1. Chiroyli ta'lim-tarbiya va odob-axloqli qilib farzandni tarbiyalash ham ota-onalarning burchlaridandir. Bu haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Hadisi shariflarining birida shunday marhamat qiladilar: “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Demak, ota-ona va farzand tarbiyalashga mas'ul shaxslar yosh avlodni rostgo‘ylik, va'daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lishi kabi fazilatlar bilan voyaga yetkazishga katta ahamiyat qaratishlari – dinimiz talabidir.

Rustamxon ERGASHYEV, Oqdaryo tumani “Qum” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 17/10/2023 13:46;   Ko‘rilganligi: 185
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/farzand-tarbiyasiga-yoshlarni-ilm-marifatli-bolishiga-masulmiz
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 03:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing