FAROVONLIK VA TANGLIK KUNIDA SHUKR QILISHNING FOYDALARI
Dunyo sinov diyoridir. Har bir kunimiz borki unda sinovlar qurshovida yashaymiz. Faronvonlik ham tanglik ham barchasi aslida sinov uchun beriladi. Taqdir gardishi inson boshi o‘zra qay tomonga qarab aylanmisin, kishi o‘zini munosib tutgan holda chin bandalik yo‘li – shukronalikda mustahkam turishi lozimdir.
Muqaddas islom dinida shukrga buyuk ibodat sifatida qaraladi. Bandalarini hamisha va har qachon shukr qilishga buyurgan Alloh birinchi navbatda o‘zini shukr qiluvchi deb atagan va kalomida “Kim yaxshilikni xolisona qilsa, bas, albatta, Alloh shukr qiluvchi va biluvchidir” (Baqara surasi 158 oyat), deyish bilan bu xislatning ilohiy sifatlardan biri ekanini ma'lum qilgan. Aslida, shukrni banda qilishi lozim. Bu oyatda esa, Alloh O‘zini shukr qiluvchi, deb ta'riflayapti. Bu – bandaning oz qilgan amaliga ham ko‘p savob berish bilan uni mukofotlaydi, deganidir.
Hayotimiz cheksiz-chegarasiz moddiy-ma'naviy ne'matlar bilan o‘ralgan. Ilm-ma'rifat, sog‘lik, mol-davlat, farzand, qadr-qimmat singari in'omlar bilan siylanganmizki, bularning barchasi tafakkur va tadabbur qilishga undaydi. Ne'mat yetganda uning shukrini unitish, musibat yetganda esa umidsizlikka uchrab, tug‘yonga ketish zaif va irodasizlar ishidir. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:
“Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in'om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o‘girib, o‘z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag‘allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo‘lur”.
Chin mo‘minga xos bo‘lgan xislat xursandchilikda shukr qilib, musibat yetganda sabr qilishdir. Inson hayoti davomida duch keladigan har qanday holatni o‘zining foydasiga burishi, undan dunyo va oxirati uchun foyda olishi imkoniyatiga ega. Suhayb roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqda shunday deganlar: “Mo‘minning ishi ajoyib. Uning barcha ishi yaxshilikdir. Bu faqat mo‘min uchungina xosdir. Agar unga xursandchilik yetsa shukr qiladi, buning uchun unga yaxshilik bo‘ladi. Agar unga zarar yetsa sabr qiladi, buning uchun unga yaxshilik yetadi”.
Hayotimiz, turmush tarzimiz haqida mushohada yuritsak bizdan to‘silgan ne'matlarga nisbatan in'om etilganlari juda ko‘pligini anglab yetamiz. Olayotgan har bir nafas, jismimizning sog‘lomligi hech bir narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydigan darajadagi boylikdir. Biroq tanglik yetganda ne'matlarning barchasini unitib, betoqat bo‘la boshlaymiz, taqdirimizdan noliymiz.
Rivoyatlarda aytilishicha, hayotining tangligidan noliyotgan kishiga qarab bir donishmand: “Mana shu ko‘zingni sotsang yuz ming dirham beraman”, debdi. Kishi unamabdi. “Ikki qo‘ling uchun yuz ming dirham beraman”, deganda kishi yana ko‘nmabdi. “Unda ikki oyog‘ing uchun yuz ming dirham beraman”, deb jismidagi boshqa a'zolarini shu zayil birma bir savdolashib ketibdi. Kishi barchasiga “Yo‘q”, deb javob qaytaraveribdi. So‘ngra donishmand: “Senda yuz minglab dirhamlik boylik borligini ko‘rdim. Sen bo‘lsa muhtojman deb shikoyat qilmoqdasan”, deb dashnob bergan ekan.
Yaxshilklarning bardavom bo‘lishi shukronaligimizga bog‘liqdir. Ne'matlarni ziyoda bo‘lishini xohlagan kishini uning shukrini ado etishi kerakligi Qur'oni karimda quyidagicha izohlanadi. “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”. (Ibrohim surasi, 7 oyat)
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan ham shu ma'nodagi quyidagi o‘gitlar rivoyat qilingan: “Ne'mat shukrga bog‘langandir. Shukr esa ziyoda bo‘lish bilan aloqadar. Har ikkisi teng biriktirilgan. Bandadan shukr to‘xtamaguncha Alloh tomonidan ziyoda qilish to‘xtamaydi”.
Shukr qilish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, balki o‘zidagi moddiy va ma'naviy ne'matlar haqida ko‘p mulohaza qilish, ular berilgan taqdirda qanday holatda bo‘lishini tasavvur etish, o‘zidan qashshoqroq, qiynalganroq kishilarni yodga keltirish insonni o‘zidagi ne'matlar uchun Allohga shukr qilishga undaydi. Bu ishi in'om etuvchiga ham manzur bo‘ladi. Natijada ne'matning yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Aksincha, noshukrlik, nonko‘rlik kabi holatlar in'om etuvchida nafrat va g‘azab paydo bo‘lishiga olib keladi. Natijada bergan ne'matlarini qaytarib olish yoki boshqa ofat yoxud musibatlarga duchor qilish yo‘li bilan jazolashi joiz bo‘lib qoladi.
Hasan Basriy aytadi: “Alloh xohlaganicha ne'mat berishi mumkin. Agar ne'matga shukr qilinmasa, uni azobga aylantiradi. Shuning uchun shukrni “saqlovchi” deb nomlashgan. Chunki u bor ne'matlarni muhofaza qiladi. Yana uni “jalb” qilguvchi ham deyishgan. Chunki u yo‘q ne'matni jalb qiladi”.
O‘tgan solih insonlar hayotini o‘rgansak, shukronalik borasida yuksak namunalarga guvoh bo‘lamiz. Ularning shukr qilishdagi tushunchalari bizning tushunchamizda ancha yuqori turgan. Ular ne'mat yetganda emas, balki qiyinchilik yetganda shukr qilganlar, yaxshilik yetganda esa uni boshqalarga ilinganlar. Shaqiq Balxiy bir solih kishiga uchrab: “Ey birodar, menga kengchilik va tanglikdagi holatingizni sifatlang” deb murojaat qilibdi. U kishi: “Biz berilsak shukr qiladigan, to‘silsak sabr qiladigan qavmmiz”, deb javob qaytaribdi. Shaqiq esa “Bu Balx itlarining holiku”, deganda u kishi ajablanib: “Unda sizlarning kengchilik va tanglikdagi holatingiz qanday?” deb so‘rabdi. Shaqiq bunga: “Biz to‘silsak sabr qiladigan, berilsak boshqalarga ulashadigan qavmmiz”, deb javob qaytargan ekan.
Bugungi kunda dunyo ahli boshiga turli sinovlar kelmoqda. Ayniqsa, koronaverus pandemiyasi osuda kunlarimiz qadri naqadar yuksakligini har daqiqa bizga eslatadi. Biroq shuni unitmaslik kerakki, bu kasallik haqida chuqur o‘ylasak, undan ko‘plab hikmatlarni ilg‘ab olamiz. Avvalo, davlatimizning qanday kuchga ega ekani, xalqiga mehribon va g‘amxo‘rligi, ko‘plab eng qudratli davlatlar pandemiya oldida ojiz qolayotgan vaqtda O‘zbekistonda kasallik jilovlanganini ko‘rdik. Xalqimizda birdamlik, oliyjanoblik, o‘zgalar dardi bilan yashash hissi haligacha mustahkam turganiga guvoh bo‘ldik. Eng asosiysi, Allohning cheksiz qudrat sohibi ekani, barcha narsa uning irodasiga bog‘liqligi, dunyoni qudratli davlatlar emas, U zot boshqarishini teran anglab oldik. Bularning barchasi uchun albatta shukr qilamiz.
Zayniddin Eshonqulov -O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 13/05/2020 14:34; Ko‘rilganligi: 1297
Chop etilgan vaqti: 22/03/2025 10:14