O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ezgulik yovuzlik ustidan doimo g‘alaba qilib kelgan

 
 

Dinimiz tarixiga nazar solar ekanmiz, yana shunga amin bo‘lamizki, sog‘lom idrok, sog‘lom haqiqat va g‘oyalar soxta g‘oyalar ustidan hamisha g‘alaba qozonib kelgan. Islom dinimiz rivojiga buyuk hissa qo‘shgan bobokalonimiz Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosida soxta g‘oyalarga qarshi ish olib borgan kurashini ko‘rish mumkin. U kishining «Kitob at-tavhid» asarida soxta ta'limotlarga ergashishni oldini olishda ishonchli dalillardan keltirib, bu yo‘ldagi barcha xatoliklar sababini aniq ko‘rsatib berganiga guvoh bo‘lamiz: «Taassub, bu ko‘r-ko‘rona taqlid bo‘lib, u juda keng tarqalgan illatdir, ya'ni bunda juda ko‘pchilik biron-bir ma'naviy yoki diniy yo‘lboshchiga, uning fikrlari mazmun-mohiyatini tushunmagan holda qo‘shilishga yengib bo‘lmas moyillik bildiradi.

Mana shu sabab natijasi o‘larok, har bir firqa va har bir yo‘nalish shu paytga qadar o‘z tarafdorlariga ega bo‘lib kelmoqda. Bu muxlislar qachondir qabul qilingan soxta ta'limotga sadoqatda qat'iylik namoyish etmoqdalar va yana o‘zlarini haqiqatning yagona egalari hisoblamoqdalar», — degan fikrlari bugungi diniy-ekstremistik guruhlarga aytilgandek seziladi.

Moturidiy bobomiz o‘sha davrdagi islom ichidagi soxta oqim va firqalarning haqiqiy mohiyatini ochib bergan. Bunday oqimlar o‘sha davrda ham ko‘p bo‘lgan. Shunga qaramasdan ezgulik bilan yovuzlik jamiyatda hamisha yonma-yon kurashib, bu kurashda ezgulik g‘alaba qilib kelgan.

Shu ma'noda bugungi jaholat yo‘liga kirgan, dinni niqob qilib olgan halqaro terrorizmga qarshi kurashdagi ma'rifiy yo‘llaridan biri o‘zbek xalqining milliy va islom diniy qadriyatlari, ularga tayanib, yosh avlodni Vatanga muhabbat, ajdodlarga sadoqat, zo‘ravonlikka nafrat ruhida tarbiyalovchi, ularni ezgulik va bunyodkorlikka da'vat etuvchi bitmas-tuganmas kuch-qudrat manbai sifatida qaralishi lozim.

Ular nafaqat mafkuraviy bo‘shliqning yuzaga kelishiga, balki ming yillardan beri halol mehnati va olamshumul kashfiyotlari bilan jahon taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan o‘zbek xalqining harakterli xususiyati (mentaliteti) ga tamomila zid bo‘lgan terrorchilik g‘oyalarining kirib kelishi va yoshlar ongini zaharlashga qarshi qaratilgan mustahkam qalqon bo‘lib hizmat qilishi mumkin.

Bugungi kunda islom dinining qanchalik insonparvar, mehr-shafqatga chaqiradigan, taraqqiyparvar va ma'rifatparvar dinligini yoshlarimiz anglab yetgandagina turli islom niqobidagi ekstremistik jaholat yo‘liga kirgan g‘oyaviy kuchlarga nafrat bilan qaraydi.

 Abdullo Rahmonov - O‘MI Samarqand viloyat vakilligi xodimi


Kiritilgan vaqti: 05/09/2023 15:49;   Ko‘rilganligi: 162
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ezgulik-yovuzlik-ustidan-doimo-galaba-qilib-kelgan
Chop etilgan vaqti: 19/05/2024 05:11
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing