Erning ayoli oldidagi burchlari.
Ulamolarimiz erning xotini oldidagi burchlari to‘g‘risida kelgan barcha hujjat va dalillarni o‘rganib chiqib, quyidagi xulosaga kelganlar.
Erning xotini oldidagi burchlari ikki qismga bo‘linadi:
1. Moliyaviy burchlar.
2. Muomalaviy burchlar.
Moliyaviy burchlar mahr, nafaqa va to‘ydan iborat.
I. Mahr burchi.
«Mahr» aqdi nikoh yoki er‑xotin bo‘lish barobarida er zimmasiga yuklanadigan va xotinga berish lozim bo‘lgan moldir.
Alloh taolo «Niso» surasida shunday deb marhamat qiladi:
وَآتُواْ النَّسَاء صَدُقَاتِهِنَّ نِحْلَةً فَإِن طِبْنَ لَكُمْ عَن شَيْءٍ مِّنْهُ نَفْسًا فَكُلُوهُ هَنِيئًا مَّرِيئًا
«Ayollarga mahrlarini ko‘ngildan chiqarib bering. Agar ular undan biror narsani chin ko‘ngildan tutsalar, bas, uni yenglar. Osh bo‘lsin, ofiyat bo‘lsin» (4‑oyat).
Ushbu oyati karima mahr berish erga vojib ekanini anglatuvchi to‘rtta oyatdan biridir. Aqdi nikoh bo‘lishi bilan, garchi qovushmay turib ajrashadigan bo‘lsalar ham, erga mahr berish vojib bo‘ladi. Lekin mahr berish nikohning shart yoki ruknlaridan emas. Usiz ham nikoh bog‘lanaveradi, oldi-berdi keyinroq bo‘lsa ham, zarari yo‘q.
Alloh taolo «Niso» surasida bunday deydi:
فَمَا اسْتَمْتَعْتُم بِهِ مِنْهُنَّ فَآتُوهُنَّ أُجُورَهُنَّ فَرِيضَةً
«Ulardan bahralanishingiz hisobiga farz qilingan mahrlarini ularga bering» (24‑oyat).
Mahr kelinning turmush qurishga rozi bo‘lgani, xotin bo‘lib, bir yostiqqa bosh qo‘yayotganini taqdirlash sifatida beriladi. Mahr berish farzdir. Busiz nikoh nikoh bo‘lmaydi. Oldinmi, keyinmi, ozmi, ko‘pmi, baribir mahr berish kerak.
Alloh taolo «Niso» surasida shunday deb marhamat qiladi:
فَانكِحُوهُنَّ بِإِذْنِ أَهْلِهِنَّ وَآتُوهُنَّ أُجُورَهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ
«Ularni ahllarining izni ila mahrlarini ma'ruf ila berib, nikohingizga oling» (25‑oyat).
Jo‘ngina «mahrlarini bering», deb qo‘ymasdan, «ma'ruf ila»ning qo‘shib aytilishi ham muhim hikmat ahamiyat kasb etadi.
Mahr to‘g‘risidagi ma'lumotlarni avval zikr qilganmiz.
II. Nafaqa burchi.
Nikohdan so‘ng xotinning nafaqasi erga vojib bo‘ladi. «Nafaqa» so‘zi lug‘atda «yaxshilikka mablag‘ chiqarish» ma'nosini anglatadi. Shariatda esa, o‘z qaramog‘idagi shaxsni yetarli kiyim, taom va maskan bilan ta'minlashdir.
Nafaqaning erga vojib bo‘lishi Qur'on, sunnat, ijmo' va aql ila sobit bo‘lgan.
Qur'ondan dalillar:
Alloh taolo «Taloq» surasida shunday deb marhamat qiladi:
لِيُنفِقْ ذُو سَعَةٍ مِّن سَعَتِهِ وَمَن قُدِرَ عَلَيْهِ رِزْقُهُ فَلْيُنفِقْ مِمَّا آتَاهُ اللَّهُ لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا مَا آتَاهَا سَيَجْعَلُ اللَّهُ بَعْدَ عُسْرٍ يُسْرًا
«Rizqi keng kengligidan nafaqa qilsin. Kimning rizqi tor qilingan bo‘lsa, unga Alloh berganidan nafaqa qilsin. Alloh hech bir jonga O‘zi berganidan ortiqchani yuklamas. Alloh qiyinchilikdan so‘ng tezda osonlikni berur» (7‑oyat).
Alloh taolo «Baqara» surasida bunday deydi:
وَعلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ
«U(ona)larni ma'ruf ila yedirib, kiyintirish otaning zimmasidadir» (233‑oyat).
Alloh taolo «Taloq» surasida bunday deb marhamat qiladi:
أَسْكِنُوهُنَّ مِنْ حَيْثُ سَكَنتُم مِّن وُجْدِكُمْ
«U (ayol)larga o‘zingiz yashab turgan joydan imkoningiz boricha joy bering» (6‑oyat).
Sunnatda kelgan dalillar:
عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي حَجَّةِ الْوَدَاعِ: ...فَاتَّقُوا اللهَ فِي النِّسَاءِ. فَإِنَّكُمْ أَخَذْتُمُوهُنَّ بِأَمَانِ اللهِ، وَاسْتَحْلَلْتُمْ فُرُوجَهُنَّ بِكَلِمَةِ اللهِ. وَلَكُمْ عَلَيْهِنَّ أَنْ لَا يُوطِئْنَ فُرُشَكُمْ أَحَداً تَكْرَهُونَهُ، فَإِنْ فَعَلْنَ ذَلِكَ فَاضْرِبُوهُنَّ ضَرْباً غَيْرَ مُبَرِّحٍ. وَلَهُنَّ عَلَيْكُمْ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ... رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَمَالِكٌ
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vidolashuv hajida dedilar:
«...Bas, ayollar haqqida Allohdan qo‘rqinglar! Chunki siz ularni Allohning omonati ila olgansizlar. Ularning farjlarini Allohning kalimasi ila halol qilib olgansizlar. Sizlar uchun ularning zimmasida siz yomon ko‘rgan biror kishiga to‘shaklaringizni bostirmaslik majburiyati bor. Agar o‘shani qilsalar, ularni achitmaydigan qilib uringlar. Ular uchun sizning zimmangizda ma'ruf yo‘l bilan rizqlari va kiyimlarining majburiyati bor...».
Muslim, Abu Dovud va Molik rivoyat qilganlar.
عَنْ حَكِيمِ بْنِ مُعَاوِيَةَ الْقُشَيْرِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قُلْتُ يَا رَسُولَ اللهِ، مَا حَقُّ زَوْجَةِ أَحَدِنَا عَلَيْهِ؟ قَالَ: أَنْ تُطْعِمَهَا إِذَا طَعِمْتَ وَتَكْسُوَهَا إِذَا اكْتَسَيْتَ أَوِ اكْتَسَبْتَ، وَلَا تَضْرِبِ الْوَجْهَ وَلَا تُقَبِّحْ وَلَا تَهْجُرْ إِلَّا فِي الْبَيْتِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ
Hakim ibn Muoviya Qushayriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Ey Allohning Rasuli, birimizning xotinining unda nima haqqi bor?» – dedim.
«Qachon taomlansang, uni ham taomlantirasan. Qachon kiyim kiysang, (yoki mol kasb qilsang) uni ham kiyintirasan. Yuzga urmaysan. Haqoratlamaysan va uydan boshqa joyda hijron qilmaysan», – dedilar u zot».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا: أَنَّ هِنْدًا بِنْتَ عُتْبَةَ قَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أَبَا سُفْيَانَ رَجُلٌ شَحِيحٌ وَلَيْسَ يُعْطِينِي مَا يَكْفِينِي وَوَلَدِي إِلَّا مَا أَخَذْتُ مِنْهُ وَهُوَ لَا يَعْلَمُ، فَقَالَ: خُذِي مَا يَكْفِيكِ وَوَلَدَكِ بِالْمَعْرُوفِ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Hind bintu Utba:
«Ey Allohning Rasuli, Abu Sufyon o‘ta baxil odam, unga bildirmay olganimdan boshqa menga va bolamga kifoya qiladigan hech narsa bermaydi», dedi.
«O‘zingga va bolangga yetarlisini to‘g‘rilikcha ol», dedilar u zot.
Ikki shayx rivoyat qilganlar.
Barcha ulamolar ayollarning nafaqasi erlariga vojib bo‘lishiga ittifoq qilganlar. Ayol kishi erning xizmatlarini qilganidan keyin, uning izmida bo‘lganidan keyin, albatta, uning nafaqasi erga vojib bo‘ladi.
Nafaqa haqida quyidagi masalalarni bilib olish va ularga ixlos bilan amal qilish oila va uning a'zolari uchun o‘ta muhimdir:
1. Nafaqaning miqdori ikkisining holiga qarab bo‘ladi. Har ikkisi boy bo‘lsa, boylikka yarasha, kambag‘al bo‘lsa, kambag‘allikka yarasha bo‘ladi. Er boy, xotin kambag‘al yoki aksincha bo‘lsa, ikki holning o‘rtasida bo‘ladi. Agar xotin otasining uyida bo‘lsa ham yoki erning uyida bemor bo‘lsa ham.
Har bir oila o‘zining iqtisodiy holidan kelib chiqib, xotinning nafaqasini belgilashi kerak. Erlar mumsiklik qilmasliklari, xotinlar talabni haddan tashqari kuchaytirmasliklari lozim.
Hozirgi kunimizda erkaklarning ko‘pchiligi ayollarini nafaqa bilan ta'minlash borasidagi burchlarini sharaf bilan ado etayotganlari quvonchli holat. Lekin ba'zi holatlarda xotinlarga nafaqa masalasida zulm bo‘layotganligi haqida shikoyatlar ham ko‘p. Yana ayrim erkaklar, xotinini nafaqa bilan ta'minlamayotgani yetmagandek, «Boshqalarning xotini ishlab pul topayotibdi, sen ham meni boqasan», deb televizor ko‘rib yotishibdi. Bu esa chidab bo‘lmaydigan holdir.
Faqih ulamolardan naql qilingan «Agar xotin otasining uyida bo‘lsa ham yoki erning uyida bemor bo‘lsa ham» degan jumla ham bugungi kunimizda alohida e'tiborga loyiq bo‘lib qoldi. Ko‘pchilik xonadonlarda kelin bemor bo‘lib qolsa, otasinikiga olib borib qo‘yishni farz yoki vojib deb anglayotganlar ham yo‘q emas. Ota‑ona, qarindoshlar yoki tanish-bilishlar xotini bemor bo‘lgan erkakka: «Ayoling bemor bo‘libdi, otasinikiga olib bor», deyishadi. Yana kelin tuzalgan kunning o‘zidayoq uni qaytarib olib kelishga amr qilishdan xijolat ham bo‘lishmaydi. Chunki bu narsa odatga aylanib qoldi. Aslida, betob bo‘lgan kelinni otasinikiga olib borib tashlash o‘zini bilgan har bir shaxs uchun or, nomus bo‘lishi kerak. Balki, mabodo, kelin otasinikida bemor bo‘lib qolsa ham, er uni o‘z uyiga olib kelib, davolashi lozim.
Er zimmasidagi xotin uchun vojib nafaqalar besh qismdir:
A. Taom.
Bunga oziq-ovqat, ichimlik va taomga qo‘shib yeyiladigan (sirka, yog‘ va shunga o‘xshash) narsalar hamda taom pishirish uchun ketadigan barcha mahsulotlar kiradi. Taomning miqdori yetarli bo‘lishi kerak, mazkur miqdor erning boy-kambag‘alligiga qarab belgilanadi.
B. Kiyim.
Yetarli darajada, bir sidirg‘a kiyim-bosh doimo bo‘lishi kerak. Hanafiy va Shofe'iy mazhablarida: «Har olti oyda bir sidirg‘a yangi kiyim olib beriladi», deyilgan.
V. Maskan.
Er o‘z xotinini maskan – turar joy bilan ta'minlashi vojib. Maskan erning moliyaviy imkoniyati darajasida bo‘ladi. Shu bilan birga, maskan to‘liq jihozlangan, unda yashash uchun kerakli har bir narsa bo‘lishi lozim.
G. Agar xotin xizmatkor ishlatib yuradigan toifadan bo‘lsa, xizmatkor solib berish ham uning nafaqasiga kiradi.
D. Tozalik asbob-anjomlari va uyning kerakli matohlari.
2. Agar er moli bo‘la turib, ayoliga nafaqa qilmasa, qozi uni qamashga hukm chiqaradi. Ayol talab qilsa, erning boshqa mulklari sotilib, uning nafaqasi beriladi. Er noilojlikdan nafaqa bera olmasa, qamalmaydi.
3. O‘zboshimchalik bilan uyidan chiqib ketgan, qarz uchun hibsga olingan, kuyovning uyiga kasalligi tufayli keltirilmagan, majburlangan (olib qochilgan) va erisiz haj qilgan ayolga nafaqa yo‘q.
Ayol agar eri bilan birga haj qilsa, shunda ham safar va kiraning nafaqasiga emas, muqimlik holatida oladigan nafaqasiga haqlidir.
4. Boy erga xotin uchun bir xodimning nafaqasi ham vojib bo‘ladi. Sahih qavlga binoan, kambag‘al erga bu narsa vojib bo‘lmaydi.
5. Erning nafaqadan ojizligi uchun oralari ajratilmaydi. Ayolga erning hisobidan qarz olish amr qilinadi.
Er nafaqa berishga ojiz bo‘lsa ham xotinidan ajratilmasligining hujjati quyidagicha.
Alloh taolo «Baqara» surasida marhamat qiladi:
وَإِن كَانَ ذُو عُسْرَةٍ فَنَظِرَةٌ إِلَى مَيْسَرَةٍ
«Agar nochor bo‘lsa, boyiguncha kutishdir» (280‑oyat).
Demak, nochor odamning boyishini kutish kerak. Nochorligi uchun boshqa chora ko‘rish durust emas.
Alloh taolo «Nur» surasida shunday deb marhamat qiladi:
وَأَنكِحُوا الْأَيَامَى مِنكُمْ وَالصَّالِحِينَ مِنْ عِبَادِكُمْ وَإِمَائِكُمْ إِن يَكُونُوا فُقَرَاء يُغْنِهِمُ اللَّهُ مِن فَضْلِهِ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ
«Oralaringizdagi nikohsizlarni va qulu cho‘rilaringizdan solihlarini nikohlab qo‘ying. Agar faqir bo‘lsalar, Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilur. Alloh Vosi' va Aliymdir» (32‑oyat).
Oyatda faqirlik nikohga to‘siq bo‘la olmasligi ta'kidlanmoqda.
6. Kimga kambag‘alligiga qarab nafaqa yuklangan bo‘lsa-yu, keyin boyisa, agar xotin talab qilsa, boyligiga mos nafaqa ila to‘latiladi.
Aksincha, boyligida nafaqa belgilansa-yu, keyin kambag‘al bo‘lib qolsa, kambag‘allik darajasiga qarab nafaqa qisqartiriladi.
7. O‘tgan muddatning nafaqasi soqit bo‘ladi.
Er ma'lum muddat nafaqa bermay yurgan bo‘lsa, keyin uni to‘lashi lozim bo‘lmaydi.
8. Illo, qozi tayinlagan yoki ikkovlari bir narsaga kelishgan bo‘lsalar, o‘tgan muddatnikini ham berish vojib bo‘ladi. Bunda ikkovlari ham tirik bo‘lishi shart. Agar biri vafot etgan yoki ayolni nafaqani olishidan avval taloq qilgan bo‘lsa, tayinlangan narsa soqit bo‘ladi. Biroq, ayol qozining amri ila qarz olgan bo‘lsa, soqit bo‘lmaydi.
9. Muddatidan oldin berilgan nafaqa, ikkovlaridan biri muddatdan oldin vafot etsa, qaytarib olinmaydi.
Misol uchun, bir kishi xotinining bir yillik nafaqasini oldindan berib qo‘ydi. Ammo bir yil o‘tmasdan, ikkovlaridan biri vafot etdi. Shunda nafaqa qaytarib olinmaydi.
10. Xotinning maskani erning ahlidan biror kishi bo‘lmagan uyda bo‘lishi sharti ila erga vojib bo‘ladi. Hattoki, erning boshqa xotinidan bo‘lgan bolasi ham bo‘lmasligi kerak. Illo, ayol rozi bo‘lsa, mayli.
Agar er xotinni hech kim yo‘q uyga joylagan bo‘lsa-yu, xotin er urayotgani va ozor berayotgani haqida qoziga shikoyat qilsa va o‘zining solih qavmlar orasida joylashtirilishida yordam so‘rasa, qozi xotinning gapi to‘g‘riligiga amin bo‘lsa, erni zajr qiladi va xotinga tajovuz qilishdan qaytaradi. Ammo, erning xotinga ozor bermayotganiga guvohlar bo‘lsa, tek qo‘yadi. Agar atrofda ishonchli kishilar bo‘lmasa yoki ular erga tarafdor bo‘lsalar, qozi xotinni solih qavmlar orasiga ko‘chirishni erga majburiy amr qiladi.
11. Erning hovlisidagi alohida, qulflanadigan uy ayolga kifoya qiladi.
Ya'ni, bir hovlida boshqa uylar va kishilar bo‘lsa ham, alohida yashash uchun lozim qulayliklari bor uy bo‘lsa, yetadi.
12. Er xotinning oldiga u(xotin)ning ota‑onasini va boshqa erdan bo‘lgan bolasini kiritmaslikka haqli.
Chunki uy uniki va u o‘z uyini o‘zi xohlaganicha tasarruf qilish haqqiga ega.
13. Xotinga istagan paytlarida nazar solishlaridan va gapirishlaridan (qarindoshlarni) man qilishga (erning) haqqi yo‘q.
Chunki silai rahmni kesishga hech kimning haqqi yo‘q.
14. «Er ayolni haftada bir marta o‘z ota‑onasining oldiga chiqishidan va ularni ayolning oldiga kirishlaridan man qila olmaydi» degan gap bor. Ota‑onadan boshqa mahramlar yiliga bir marta. Va shunisi to‘g‘ri.
Mahramlarning ziyoratiga oid so‘z aytgan mashoyixlar ichida «mazkur muddat bir oydan oshmasligi lozim», degan ulamolar ham, «bir haftadan oshmasligi lozim», degan ulamolar ham bor.
15. Foyibning xotinining, bolasining va ota‑onasining nafaqasi uning molidan faqat ularning haqqi bo‘lgan jinsdan tayin qilinadi.
Foyib – yo‘qolib qolgan odam. Uning molidan faqat xotini, bolasi va ota‑onasining nafaqasini qozi belgilab beradi. Boshqa qarindoshlarning nafaqasi soqit bo‘ladi. «Ularning haqqi bo‘lgan jinsdan» degani «ularga zarur bo‘lgan narsalardan» deganidir. «Mana buni sotib, ishlatarsizlar», deb boshqa narsalarni berib bo‘lmaydi.
16. Bunda mol omonatga qo‘yilgan, muzorabada qatnashgan bo‘lmasligi yoki qarzga olgan kishining huzurida bo‘lishi va u(er) buni e'tirof qilishi shart. Shuningdek, nikohning e'tirofi ham bo‘lishi yoki qozi bularni bilishi lozim.
Ya'ni, qozi mol, nikoh va nasabni bilsa, nafaqa haqidagi hukmni chiqaraveradi. Chunki qozining bilimi ham hujjat hisoblanadi va u o‘z o‘rnida bu bilan hukm chiqarish haqqiga ega.
17. Qozi ayolga er uning nafaqasini bermaganligi haqida qasam ichtiradi va undan kafolat talab qiladi.
Ayolning qasam ichirilishi er g‘oyib bo‘lishidan oldin unga nafaqasini bergan bo‘lishi va ayol qozini aldayotgan bo‘lishi ehtimoli borligi uchundir. Kafil esa, mabodo, er kelib, ayolga nafaqasini kerakligicha qoldirib ketganini isbot qilib qolsa, to‘lab berishi uchun talab qilinadi.
18. Foyibga nafaqani yuklash uchun hujjat keltirishni talab qilmaydi va ayolga er nomidan qarz olishni amr qiladi. Nikoh haqida hukm chiqarmaydi. Imom Zufar: «Nafaqa haqida hukm chiqaradi, nikoh haqida chiqarmaydi», – degan. Bugungi kunda qozilar ehtiyoj yuzasidan shunga amal qiladilar.
Chunki bunda odamlarga yengillik bor.
19. Raj'iy va boin taloq qilingan, ozod bo‘lgandagi va balog‘atga yetgandagi kabi ma'siyatsiz xiyor tufayli yoki kufuv bo‘lmagani uchun ajrashgan ayolga nafaqa va maskan beriladi.
Bu hukmga quyidagi dalillar mavjud:
Alloh taolo «Taloq» surasida shunday deb marhamat qiladi:
أَسْكِنُوهُنَّ مِنْ حَيْثُ سَكَنتُم مِّن وُجْدِكُمْ
«U (ayol)larga o‘zingiz yashab turgan joydan imkoningiz boricha joy bering» (6‑oyat).
Quyidagi hadis ham shu ma'noda kelgan:
عَنْ أَبِي إِسْحَاقَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنْتُ جَالِسًا مَعَ الْأَسْوَدِ بْنِ يَزِيدَ فِي الْمَسْجِدِ الْأَعْظَمِ وَمَعَنَا الشَّعْبِيُّ، فَحَدَّثَ الشَّعْبِيُّ بِحَدِيثِ فَاطِمَةَ بِنْتِ قَيْسٍ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَمْ يَجْعَلْ لَهَا سُكْنَى وَلَا نَفَقَةً، فَأَخَذَ الْأَسْوَدُ كَفًّا مِنْ حَصًى فَحَصَبَهُ بِهِ، وَقَالَ: وَيْلَكَ تُحَدِّثُ بِمِثْلِ هَذَا؟! قَالَ عُمَرُ بْنُ الْخَطَّابِ رَضِي اللهُ عَنْهُ: لَا نَتْرُكُ كِتَابَ اللهِ وَسُنَّةَ نَبِيِّنَا لِقَوْلِ امْرَأَةٍ لَا نَدْرِي لَعَلَّهَا حَفِظَتْ أَوْ نَسِيَتْ، لَهَا السُّكْنَى وَالنَّفَقَةُ. قَالَ عَزَّ وَجَلَّ: - لَا تُخْرِجُوهُنَّ مِن بُيُوتِهِنَّ وَلَا يَخْرُجْنَ إِلَّا أَن يَأْتِينَ بِفَاحِشَةٍ مُّبَيِّنَةٍ-. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ
Abu Is'hoq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Asvad ibn Yaziyd bilan katta masjidda o‘tirgan edim. Biz bilan Sha'biy ham birga edi. Sha'biy Fotima bintu Qaysning hadisini aytib, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga maskan ham, nafaqa ham buyurmaganlar», dedi.
Shunda Asvad bir kaft mayda toshni olib, ularni unga otdi-da:
«Sho‘ring qurisin! Shunday gapni ham aytasanmi?! Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: «Yod olgani yoki unutganini bilmaganimiz bir ayolning gapi deb, Allohning Kitobini va Nabiyimizning sunnatini tark qilmaymiz. Unday ayolga maskan ham, nafaqa ham beriladi. Alloh azza va jalla «Ularni uylaridan chiqarmang va o‘zlari ham chiqmasinlar. Magar ochiq-oydin fohisha ish keltirsalar», degan», dedi», deb aytdi».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
20. Vafotdan, ridda (murtadlik) hamda erning o‘g‘lini o‘pish kabi ma'siyat tufayli ajrashishdan keyin idda saqlovchiga nafaqa berilmaydi.
Chunki vafotdan keyingi idda erning haqqi uchun emas, balki shariatning haqqi uchundir. Ma'siyat qilganda esa, ayb xotinda bo‘lganligi uchun unga yaxshilik qilinmaydi.
21. Uch taloq qilinganning murtad bo‘lishi nafaqani soqit qiladi, erning o‘g‘liga imkon berishi emas.
Chunki murtad bo‘lgan ayol tavba qilishi uchun qamaladi. Qamalgan ayolga nafaqa berilmaydi. Erining o‘g‘liga o‘ziga yaqinlashishga imkon berishda esa bu holat yo‘q.
III. Xotinning sharafiga to‘y qilish.
Erning o‘z jufti halolining sharafiga to‘y qilib berishi xotin oldidagi uchinchi moliyaviy burchidir. Bu ish mustahabdir. Bu haqda avval batafsil ko‘rib, tahlil qilib o‘tganmiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari uylanganlarida to‘y qilganlari va erkak sahobalarni ham to‘y qilishga buyurganlarini dalil qilib keltirganmiz.
Mulohaza:
Har bir musulmon er o‘zining ayoli oldidagi moliyaviy burchlari haqidagi ushbu ta'limotlarni jonu dili bilan, yaxshilab o‘rganishi, qabul qilishi va ularga ixlos bilan amal qilish o‘zi uchun saodat manbai ekanini anglab yetishi lozim. Shunda boshqalar uchun odat bo‘lgan oila hayoti uning uchun ibodat darajasiga ko‘tariladi. Misol uchun, er «ayolimning nafaqasi shariat bo‘yicha menga vojib edi, shuni bajarishim kerak» deb, ayoliga nafaqa topish uchun halol kasb bilan ishlab yurar ekan, vojib ibodatni ado etayotgan kishi sifatida ajr va savob oladi.
عَنْ عَامِرِ بْنِ سَعْدٍ، عَنْ أَبِيهِ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ لَهُ: إِنَّكَ مَهْمَا أَنْفَقْتَ عَلَى أَهْلِكَ مِنْ نَفَقَةٍ فَإِنَّكَ تُؤْجَرُ فِيهَا، حَتَّى اللُّقْمَةَ تَرْفَعُهَا إِلَى فِي امْرَأَتِكَ. رَوَاهُ أَحْمَدُ
Omir ibn Sa'ddan, u otasidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:
«Albatta, sen ahlingga har qanday nafaqa qilsang, unga ajr olasan. Hattoki, ayolingning og‘ziga tutgan luqmada ham».
Imom Ahmad rivoyat qilgan.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: دِينَارٌ أَنْفَقْتَهُ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَدِينَارٌ أَنْفَقْتَهُ فِي رَقَبَةٍ، وَدِينَارٌ تَصَدَّقْت بِهِ عَلَى مِسْكِينٍ، وَدِينَارٌ أَنْفَقْتَهُ عَلَى أَهْلِكَ، أَعْظَمُهَا أَجْرًا الَّذِي أَنْفَقْتَهُ عَلَى أَهْلِكَ. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَمُسْلِمٌ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
«Bir dinorni Allohning yo‘lida nafaqa qilding. Bir dinorni qul ozod qilishga nafaqa qilding. Bir dinorni miskinga nafaqa qilding. Bir dinorni ahlingga nafaqa qilding. Eng ajri ulug‘i ahlingga nafaqa qilganingdir».
Ahmad va Muslim rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisdan ahlu ayolni nafaqa bilan ta'minlash qanchalik sharafli va savobli ish ekanini anglab olish qiyin emas.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh
"Baxtiyor oila" kitobi asosida To‘lqin domla Amirov tayorladi
Kiritilgan vaqti: 27/06/2020 12:39; Ko‘rilganligi: 28961
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 15:31