Yer yuzidagi barcha nabotot va jonivorlar suv bilan tirikdirlar. Qalb va ruhlar esa islomiy ilm bilan tirikdir.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh men orqali yuborgan hidoyat va ilmning misoli xuddi yerga tushgan ko‘p yomg‘irga o‘xshaydi. Yerning ba'zi joyi yaxshi ekan, suvni qabul qilib, ko‘plab o‘t-o‘lanlarni o‘stiribdi. Uning ba'zi joylari qattiq ekan, suvni tutib qolibdi. Bas, bu bilan Alloh odamlarga manfaat beribdi. Ular undan ichibdilar, sug‘oribdilar va ekin ekibdilar. Yerning ba'zi joylari silliq, suv tutmas, ekin ham o‘stirmas ekan. Bas, Allohning diynida faqih bo‘lgan, Alloh men ila yuborgan narsa manfaat bergan, o‘zi o‘rgangan va (o‘zgalarga) o‘rgatgan kishining, o‘sha narsaga e'tibor bermagan kishining hamda Allohning men ila yuborilgan hidoyatini qabul qilmagan kishining misoli ana shundaydir», dedilar».Ikki Shayx rivoyat rivoyat qilganlar.
Sharh:Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zlari orqali Alloh taolo tomonidan yuborilgan Islom shariati, islomiy ilmlarni suvga, odamlarni esa yerga o‘xshatmoqdalar. Bunda juda ham ulkan ma'no bor. Chunki suv ham, ilm ham hayot hisoblanadi. Yer yuzidagi barcha nabotot va jonivorlar suv bilan tirikdirlar. Qalb va ruhlar esa islomiy ilm bilan tirikdir. Yomg‘ir suvi yerga ta'sir qilsa, hidoyat va ilm kishilarga ta'sir o‘tkazadi. Xuddi yer suvga nisbatan uchga bo‘linganidek, odamlar ham Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallam orqali yuborgan hidoyat va ilmga nisbatan uch toifaga bo‘linar ekanlar.
«Alloh men orqali yuborgan hidoyat va ilmning misoli xuddi yerga tushgan ko‘p yomg‘irga o‘xshaydi».
Yerga tushgan yomg‘irning vazifasi yerni jonlantirish, unda o‘simliklarni o‘stirib, jonivorlarga foyda berishdir. Xuddi shunga o‘xshab, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam orqali yuborilgan hidoyat va ilmdan maqsad ham kishilarning ruhiy-ma'naviy tashnaliklarini qondirish, ular hayotini foydali qilish, ikki dunyo baxt-saodatiga erishtirishdir.
Lekin yer turlicha bo‘lgani sababli uning bo‘laklari ham yomg‘irga nisbatan o‘z tabiatiga muvofiq boshqa-boshqa holatda bo‘ladi. Ko‘radigan nafi ham shunga yarasha turlichadir.
- «Yerning ba'zi joyi yaxshi ekan, suvni qabul qilib, ko‘plab o‘t-o‘lanlarni o‘stiribdi».
Yaxshi yerlarga yomg‘ir suvi yaxshi singadi. O‘sha yerlarning o‘zi avvalo o‘sha suvdan to‘yib-to‘yib ichadi. Qolaversa, nabotot va o‘simliklarni ham o‘stiradi. Ya'ni, o‘zidan boshqalarga ham nafi tegadi. Bunday yerlar
«Bas, Allohning diynida faqih bo‘lgan, Alloh men ila yuborgan narsa manfaat bergan, o‘zi o‘rgangan va (o‘zgalarga) o‘rgatgan kishi»ga o‘xshatilmoqda.
Ya'ni, o‘sha suvni qabul qilib olib, ko‘plab nabotot va o‘simliklarni o‘stirgan yer xuddi Allohning diynida faqih bo‘lgan kishiga o‘xshaydi. Yaxshi yer suvdan to‘yib-to‘yib ichganidek, faqih ham avvalo ilohiy hidoyat va islomiy ilmdan o‘zi manfaat oladi. Keyin esa xuddi yaxshi yer suv ichganidan keyin ko‘plab nabotot va o‘simliklarni o‘stirganidek, faqih ham o‘zi manfaatlangan ilmlardan boshqa kishilarga ham beradi.
- «Uning ba'zi joylari qattiq ekan, suvni tutib qolibdi. Bas, bu bilan Alloh odamlarga manfaat beribdi. Ular undan ichibdilar, sug‘oribdilar va ekin ekibdilar».
Ya'ni yerning ba'zi joylari qattiq ekan. Suvni o‘ziga singdirib, undan ichib, manfaat olmabdi. Lekin o‘ziga tushgan suvni tutib, sirtida ushlab turibdi. Unda to‘planib qolgan suvdan odamlar foyda olibdilar. O‘zlari ichibdilar, hayvonlarini sug‘oribdilar va ekinzorlariga ishlatibdilar. Ana o‘shanday yer, ya'ni qattiq yer:
«…o‘sha narsaga e'tibor bermagan kishi»ga o‘xshaydi.
Ya'ni suvni qabul qilmay, o‘zida tutib turgan yer Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallam ila yuborgan narsa – hidoyat va ilmga e'tibor bermagan kishiga o‘xshaydi. Bular ilmiga amal qilmagan kishilardir. Ular xuddi qattiq yer suvni tutib qolgandek, ilmni tutib qoladilar. Ammo o‘sha qattiq yer o‘zi tutib turgan suvdan o‘zi foydalanmaganidek, bular ham o‘zlariga berilgan hidoyat va ilmdan o‘zlari foyda olmaydilar. Lekin suvni tutib turgan yerdagi suvni ichgan, hayvonlarini sug‘organ va ekiniga ishlatganlar kabi, ilmiga amal qilmagan odamdan ilm o‘rganib, amal qilganlar foyda oladilar.
- «Yerning ba'zi joylari silliq, suv tutmas, ekin ham o‘stirmas ekan».
O‘ziga tushgan yomg‘irdan o‘zi ham foyda olmas, o‘zgalarga ham foyda bermas ekan.
«…Allohning men ila yuborilgan hidoyatini qabul qilmagan kishining misoli ana shundaydir».
Ya'ni, Islom hidoyati va ilmini qabul qilmagan kofirga o‘xshaydi. O‘zi ham bahra olmaydi, o‘zgaga ham bermaydi.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
- Ba'zi ma'nolarni anglatish uchun hayotiy voqelikdan misol keltirishning yaxshiligi.
- Kishilar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Alloh tomonidan yuborilgan hidoyat va ilmga nisbatan xuddi yerning turli bo‘laklari o‘ziga tushgan yomg‘ir suvini qabul qilishga turlicha munosabatda bo‘lganidek har xil munosabatda bo‘lishlari.
- Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga berilgan hidoyat va ilmdan ko‘proq olib, boshqalarga ham yetkazishga targ‘ib.
- Bilgan ilmga amal qilmaslikdan qaytarish.
- Hidoyat va ilmdan bebahra qolishdan qaytarish.
Hayotimizda bu hadisi sharifga qat'iyan amal qilishimiz lozim. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Alloh tomonidan berilgan hidoyat va ilmdan qancha ko‘proq olishga erishsak, o‘sha o‘zimiz qabul qilib olgan hidoyat va ilmni shuncha ko‘proq boshqalarga yetkazishga harakat qilmog‘imiz zarur. Shu bilan birga, o‘sha o‘zimiz qabul qilib olgan hidoyatda sobitqadam bo‘lib, o‘rgangan ilmimizga amal qilmog‘imiz kerak. Zinhor va zinhor Muhammad sollallohu alayhi vasallamga berilgan hidoyat va ilmni qabul qilmaydiganlardan bo‘lib qolmaylik! Ana shunda, inshaalloh, ikki dunyo saodatiga erishamiz!
Abrorov Jahongirxon manbalar asosida
Kiritilgan vaqti: 23/05/2022 15:03; Ko‘rilganligi: 690
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:56