Yer yuzida buzg‘unchilik qilishdan saqlanish
Yer yuzida buzg‘unchilik, fisqu fasodning turi ko‘p. Har bir turi uchun Alloh taolo alohida jazo tayin qilgan. Janob Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Qaysi bir qavm savdoda o‘lchov va tarozidan urib qolsa, Alloh azza va jalla ularga yomg‘irni to‘xtatib qo‘yadi. Qaysi qavm zinoni ochiqchasiga qilar ekan, ular orasida o‘lim ko‘payadi, qaysi qavmda ribo avj olsa, ular tepasiga aqlsiz kimsani hokim qiladi, qaysi qavm ichida qotillik ko‘paysa, Alloh ular ustiga dushmanlarini hukmdor qilib keltiradi. Qaysi qavm ichida bachchabozlik zohir bo‘lsa, ularni Yer yutib yuboradi. Qaysi qavm amri ma'ruf va nahyi munkarni tark etsa, ularning amallari va duolari qabul bo‘lmaydi”.
Misol tariqasida ushbu o‘xshatish kifoya qiladi: “Tana bir mamlakat, nafs uning shahridir. Qalb mamlakat markazi, tana a'zolari ishchi-xizmatchilardir. Aql unga nasihat qiluvchi mushfiq vazir. G‘azab mirshab ko‘rinishidagi razil qul. Oldingi miyadagi o‘ylash quvvati xazinabon. Fikrlash quvvati miya o‘rtasida, xotira esa orqa miyada joylashgan. Til tarjimon maqomida. Darhaqiqat, bu a'zolardan har birining o‘z vazifasi bor. Ko‘z ranglar olamiga, quloq esa ovozlar olamiga mas'ul. Bular kabi qolgan a'zolarning ham o‘z vazifalari bor”.
Ayrimlar: besh sezgi a'zosi nafsning xizmatkori bo‘lib, nafs xohlagan narsani ularga yetkazadi, deyishadi. Boshqalar esa ko‘z, quloq va hidlash nafs qaraydigan derazalar. Qalb podshoh kabidir. Rahbar solih ekan, qo‘l ostidagilar ham solih bo‘ladi. Qalb sog‘lomligi uning adovat, nafrat, hasad, baxillik, kibr, masxara qilish, xo‘jako‘rsinlik, makr-hiyla, tamagirlik kabi botiniy kasalliklardan xoli bo‘lishidir, deydi.
Yer yuzida ob-havoning buzilishiga, tabiiy muhitning izdan chiqishiga, ekin-tikinlar va qanchadan-qancha maskanlarning vayron bo‘lishiga mazkur botiniy kasalliklar sabab bo‘lmoqda. Qur'oni karimda bunday deyilgan:
“Odamlarning qilmishlari cababli quruqlik va dengizda buzg‘unchilik paydo bo‘ldi. Bu ularning (o‘z qilmishlaridan) qaytishlari uchun (va) qilgan ba'zi (yomon) ishlari (jazosi)ni ularga tottirish uchundir” (Rum, 41).
Ya'ni, qahatchilik, ziroat va tijoratdan barakaning ketishi, o‘t, suv balosi kabi ofatlar odamlarning qilmishlariga yarasha jazo bo‘lib, shu bilan birga, ularni ogohlantirish uchundir. Bu borada buyuk muhaddis, alloma Abdulloh ibn Muborakning fikri naqadar to‘g‘ri ekanini his qilamiz. U zot aytadi: “Gunohlar qalbni o‘ldirganini va unga doimiy xorlikni meros qilganini ko‘rdim”.
Muqaddas Islom dini tinchlikni asrash va barqarorlikni ta'minlash yo‘lida imon, insof, adolat, hamjihatlik va birdamlik bilan harakat qilishga, fitna va o‘zaro adovatga barham berishga chaqiradi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, tinchliksevarlik Islom dinining mohiyatini tashkil etadi.
Yurtimiz yildan-yilga obod bo‘lib, xalqimiz farovonligi yil sayin ortib bormoqda. Demak, biz kechayu kunduz bu ne'matlar shukronasini ado etib borishimiz lozim bo‘ladi. Allohga hamdu sano aytish, Uning ne'matlari shukrini ado etish banda uchun ibodat va Allohning unga bergan katta mukofotidir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qilib: “Alloh taolo bandaga kattami, kichikmi bir ne'mat bersa va banda uning shukronasi uchun “Allohga hamd bo‘lsin” desa, shunda u o‘sha ne'matdan ham afzalroq narsaga erishgan bo‘ladi”, deganlar.
Alloh taoloning bizlarga bergan ulug‘ ne'matlaridan biri yurtimizning tinch va osoyishtaligidir. Hozirgi kunda barchamiz yer yuzining ba'zi joylarida bo‘lib turgan turli xil ofat va balolar haqida radiodan eshitib, televideniyedan ko‘rib turibmiz.
Yurtimizni samoviy va aroziy balolardan saqlab turgani uchun Allohga beadad hamd va shukronalar aytishimiz lozimdir. Tinchlik va xotirjamlik ulug‘ ne'mat ekanini hammamiz yaxshi bilamiz, ammo uning qadriga yetish lozimligini ayrimlar tushunmaydi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ta'kidlaganlaridek: “Ikki ne'mat borki, ko‘pchilik odamlar uning qadriga yetmaydi. U sihat-salomatlik va xotirjamlikdir”. Guvohi bo‘lib turganimizdek, ba'zi joylarda tabiiy ofat sababidan, yana ba'zi joylarda esa qirg‘inbarot urush sabab shaharlar vayron bo‘lib, aholi sarson-sargardonlikda kun kechirmoqda. Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, hayotimiz tinchlik va osoyishtalik ne'mati soyasida osuda davom etmoqda.
Haqiqatan, tinchlik bo‘lmasa, ko‘ngilga boshqa narsa sig‘maydi. Yurt tinch bo‘lsa, taraqqiyot, rivojlanish bo‘ladi, aholi mehnat qiladi, rizqini terib, oilasi bilan baham ko‘radi, uy-joy qiladi. Shuning uchun ham bu ne'matlar qadriga yetishimiz lozim.
“Islom” so‘zi tinchlik degan ma'noga ega ekanini inobatga olsak, muqaddas dinimizda jamiyat taraqqiyotining asosi bo‘lgan osuda hayot naqadar ulug‘lanishiga iqror bo‘lish mumkin. Darhaqiqat, Islom dinida tinchlik bebaho ne'mat deb e'zozlanadi. Shuning uchun ham, Qur'oni karim oyatlari tinchlik uchun kurashishga da'vat qiladi. Xususan, Qur'oni karimning Baqara surasi 208-oyatida:
“Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kiring va shatonning izidan ergashmang!..” deb marhamat qilinadi. Oyatdagi “yoppasiga” so‘zi tafsir kitoblarida keltirilishicha, bir tomondan, barcha insonlarning birlashgan holda tinchlik yo‘lini tutishlari lozimligi, ikkinchi tomondan esa, qay yo‘sinda bo‘lsa ham uni barqaror qilishga hissa qo‘shish zarurligini bildiradi.
Shu bilan birga, Alloh taoloning:
“U (er)ga sog‘-salomat, tinch-omon kiring!” (Hijr, 46), degan oyatida jannat ahlining hayoti tinchlik, osudalik va salomatlikda kechishi ta'kidlangan. Demak, bu oyat bizga tinchlik va omonlik nafaqat bu dunyoda qadrli, balki jannatda ham juda katta ne'mat ekanini hamda yer yuzi insoniyatning farovon, o‘zaro totuv va hamjihat yashashi uchun yaratilganini bildiradi.
Islom dinida tinchlikni ulug‘lash komil mo‘minlikning muhim belgilaridan hisoblanadi. Tinchlikni qadrlash, osoyishta hayot uchun shukronalik uni saqlab qolish va mustahkamlashning zaruriy shartidir. Islom ta'limotida masalaning bu jihatiga ham alohida e'tibor berilgan. Qur'oni karimda:
“Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in'om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o‘girib, o‘z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag‘allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo‘lur” (Isro,83), deyilgan.
Tinchlikka raxna solish, jamiyat ravnaqi va xalq farovonligiga ziyon yetkazish, toifalarga bo‘linib, o‘zaro nizolashishning qoralanishi Islom dinining tinchlik haqidagi ta'limoti asosini tashkil etadi. Hujurot surasining 9-oyatida o‘zaro nizolarni yarashish, kelishish yo‘li bilan hal etish, jamiyatdagi tinchlikka tahdid qilishda, tajovuzkorlik va zo‘ravonlikda davom etadiganlarga nisbatan qat'iy va tezkor choralar ko‘rish zarurligi qayd qilinganini ta'kidlash zarur. Ozodlik, hurlikni sog‘inib, shu yo‘lda kurashib o‘tgan ota-bobolarimizning mashaqqatli mehnati, orzu-umidlari va intilishlari ro‘yobga chiqdi. Istiqlol Vatanimiz ozodligi va mustaqilligi, xalqimizning tinch va farovon hayot kechirishi uchun zamin yaratdi.
Azaldan yurtimizda tinchlik va totuvlik, o‘zaro hamkorlik va hamjihatlik ruhi yuksak qadrlangan. Chunki insonlar ongini ezgu fikr egallasa, har qanday kelishmovchilik, buzg‘unchilik va yovuzlik rad etiladi. Ezgu fikrning ifodalovchisi bo‘lgan til yaxshilik va xushmuomalalikning keng yoyilishiga, ezgu amallarning chuqur ildiz otishiga, har bir insonning o‘z vazifasini samimiy va sidqidildan ado etishiga va shu yo‘l bilan mamlakat rivoji va bunyodkorligiga yo‘l ochadi.
Yurt tinchligi – Vatan ozodligi istiqlol bilan chambarchas bog‘liq. Rahmatli Yurtboshimiz ta'kidlaganidek: “Agar biz ahil bo‘lsak, el-yurt manfaati yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib yashasak, o‘zimizdan sotqin chiqmasa, o‘zbek xalqini hech kim hech qachon yenga olmaydi”. Demak, har bir insonning o‘z ishini chin dildan amalga oshirishi, loqaydlik, beparvolikning bo‘lmasligi, o‘z atrofida kechayotgan voqealarga teran nigoh bilan qarab, Vatan tinchligi yo‘lida hushyor va ogoh bo‘lib yashashi, ajdodlarimizga armon bo‘lib qolgan, lekin biz erishgan mustaqillikni mustahkamlashimiz va tinchlik-osoyishtalikni ta'minlashning muhim omili hisoblanadi.
Usmonxon ALIMOVning “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak vasiyatlari” kitobidan (2-jild)
Manba: hidoyat.uz
Kiritilgan vaqti: 15/02/2020 14:47; Ko‘rilganligi: 1852
Chop etilgan vaqti: 06/10/2024 19:42